Oʻzbekiston Inson huquqlari boʻyicha kengash tavsiyalarini izchil bajarmoqda

    Xalqaro hamkorlik 27 Mart 2024 417

    Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha kengashining 55-sessiyasida Oʻzbekiston Universal davriy sharh doirasida mazkur Kengash tavsiyalarini maqbul darajada bajarib kelayotgan davlat sifatida eʼtirof etildi. Shu munosabat bilan 25-mart kuni Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan mamlakatimizning BMT huzuridagi Jenevada joylashgan vakolatxonasi va «UPR-Info» xalqaro nohukumat tashkiloti bilan hamkorlikda ayni mavzuda tadbir oʻtkazildi.

    Tadbirda Ozarbayjon, Irlandiya, Qirgʻiziston, Litva, Lyuksemburg, Niderlandiya, Birlashgan Arab Amirliklari, AQSH, Serra-Leona, Fransiya va Shveysariyaning BMT huzuridagi Jenevada joylashgan doimiy vakillari, shuningdek, YUNFPA, BMTTD kabi xalqaro tashkilotlar hamda «Justice for all international» xalqaro nohukumat tashkiloti vakillari ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov mazkur tadbirda onlayn ishtirok etdi va soʻzga chiqdi.

    Maʼlumki, 2023-yil noyabr oyida BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Universal davriy sharh boʻyicha ishchi guruhi Oʻzbekistonning toʻrtinchi milliy maʼruzasini koʻrib chiqdi.

    А.Саидов «UPR-Info» xalqaro nohukumat tashkiloti Oʻzbekistonning Milliy maʼruzasini tayyorlash jarayonida delegatsiyamiz aʼzolarini samimiyat va ishchanlik bilan qoʻllab-quvvatlaganini eʼtirof etdi.

    Oʻzbekiston hamkor davlatlar, boshqa manfaatdor tomonlar oʻrtasida inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish boʻyicha ilgʻor tajribalarni almashishning oʻziga xos mexanizmi sifatida Universal davriy sharh jarayoniga toʻliq sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi. Biz Universal davriy sharh majburiyatlari hukumatlar tomonidan ixtiyoriy ravishda qabul qilinishini va yaxshi niyat tamoyili sifatida milliy darajada amalga oshirilishi misolida uni hurmat qilish kerakligini eʼtirof etamiz.

    Mamlakatimiz Universal davriy sharh tavsiyalarini koʻrib chiqishga har doim ijobiy yondashib kelyapti. Chunki Universal davriy sharh amaliy jarayon boʻlib, uning yordamida har bir davlat inson huquqlari bilan bogʻliq vaziyatni yaxshilashi, shuningdek, inson huquqlari boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarish boʻyicha amalga oshirgan saʼy-harakatlari samaralarini yuksak minbardan ochiq eʼlon qilishi mumkin.

    Yanada muhimi, Universal davriy sharh doirasidagi izchil faoliyat asnosida inson huquqlari sohasidagi ilgʻor tajribalar namunalari butun dunyo boʻylab baham koʻriladi. Hozirgi vaqtda ayni yoʻnalishda global koʻlamdagi shunga oʻxshash boshqa samarador universal mexanizmlar mavjud emas.

    BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Universal davriy sharh boʻyicha ishchi guruhi 2023-yil noyabr oyida Oʻzbekistonning toʻrtinchi milliy maʼruzasini koʻrib chiqishi chogʻida 80 dan ortiq davlatdan 234 ta tavsiya bildirildi.

    Bugungi kunda Oʻzbekiston ham oʻz hukumati, parlamenti, advokatura va fuqarolik jamiyatining oʻzaro bogʻliq rollarining toʻgʻri ishlashi zarurligini tasdiqlagan holda, Universal davriy sharh doirasida oʻz milliy maʼruzalarining koʻrib chiqilishi yuzasidan bildirilgan tavsiyalarni maqbul tarzda bajarish uchun barcha manfaatdor tomonlar bilan faol hamkorlikda ish olib boryapti.

    Oʻzbekiston milliy qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarga moslashtirish borasida oʻz majburiyatlarida sobitdir. Yangi Oʻzbekiston oʻz hayotining siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy jabhalariga taʼsir koʻrsatuvchi shiddatli islohotlari zamirida inson huquqlarini birinchi oʻringa qoʻyadi, deb taʼkidladi pirovardida А.Саидов.

    Tadbirda, shuningdek, BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Konsuelo Vidal Bryus va BMT Taraqqiyot dasturining Jenevadagi ofisi direktori Agi Veresning maʼruzalari tinglandi. Muhokamalarda BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlinmasi rahbari Matilda Bogner, shuningdek, Fransiya, Serra-Leona va Qirgʻizistonning BMT huzuridagi Jenevada joylashgan doimiy vakillari soʻzga chiqdi.

    Maʼlumot uchun: Oʻzbekistonning Universal davriy sharh doirasidagi birinchi milliy maʼruzasi 2009-yil 11-martda va toʻrtinchi milliy maʼruzasi 2023-yil 8-noyabrda koʻrib chiqilgan. Agar Oʻzbekiston 2005-yilda Universal davriy sharh doirasida faoliyat olib borish uchun asos yaratishga yordam berganligi inobatga olinsa, mamlakatimiz bu borada 18-yildan ortiq amaliy tajribaga ega ekanligi yaqqol ayon boʻladi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.