Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etilgan korxonalar mamlakat iqtisodiyotida qanday rol oʻynashini tahlil qildi. Tadqiqot mamlakatimiz iqtisodiyotida xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etilgan korxonalarning ahamiyati ortib borayotganini koʻrsatdi.
2017-2021-yillar oraligʻida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 2,7 baravarga oshib, 2022-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, 13,2 mingtaga yetgan. Iqtisodiyotimizga investitsiya kiritayotgan 50 dan ortiq mamlakat orasida Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozogʻiston va Janubiy Koreya yetakchilik qilmoqda.
Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar asosan iqtisodiyotning sanoat (30,6 foiz) va savdo (28,5 foiz) sohalarida faoliyat yuritmoqda. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarda iqtisodiyotda rasman band aholining 6 foizi faoliyat yuritadi, biroq ushbu korxonalarning ishlab chiqarishdagi ulushi 15 foizni, asosiy kapitalga investitsiyalardagi ulushi esa 24 foizni tashkil etadi.
Bunday korxonalar respublikadagi jami korxonalarning 2,5 foizini tashkil etsada, 2021-yilda mamlakat tashqi savdo aylanmasining 19,8 foizi, eksport va importning mos ravishda 19,7 va 25 foizi ularning hissasiga toʻgʻri kelgan.
Tahlil shuni koʻrsatmoqdaki, chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar faoliyat koʻrsatuvchi xoʻjalik subyektlarining eng samarador va eng faol qatlami hisoblanadi.
2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga koʻra, kelgusi 5 yilda iqtisodiyotga 70 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda 2026-yilga borib eksport hajmini 30 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Ushbu maqsadlarga erishishda chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar sonini oshirish, shuningdek, ularning eksport faoliyatini ragʻbatlantirish muhim ahamiyatga ega.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti matbuot xizmati