Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov moderatorligida olib borildi. Unda Oʻzbekiston parlamenti va hukumati aʼzolari, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillari qatnashdi. Xususan, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, Jahon Bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi yetakchi iqtisodchisi Devid Nayt va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, Hamdoʻstlik va Taraqqiyot vazirligining Markaziy Osiyo boʻyicha hududiy rivojlantirish direktori Sara Kuper ishtirok etdi.
Tadbir qatnashchilari mamlakatda ayollar huquq va erkinliklarini amalga oshirish yoʻlidagi mavjud muammolar va imkoniyatlarni muhokama qilishdi. Shuningdek, mamlakat hayotining turli sohalarida gender tengligiga erishish va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan siyosiy, huquqiy va institutsional chora-tadbirlar tilga olindi.
Xususan, Oʻzbekistonda soʻnggi bir necha yil ichida ayollarning mehnat huquqlarini taʼminlash borasida erishilgan natijalar qayd etildi. Jumladan, bir xil ish uchun ayollar va erkaklarga teng haq toʻlashni kafolatlovchi norma 2022-yil oktyabr oyida qabul qilingan yangi Mehnat kodeksida belgilandi hamda ayrim sohalarda ayollar mehnatidan foydalanishga qoʻyilgan cheklovlar bekor qilindi.
Bundan tashqari, ayollarni oiladagi zoʻravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish borasida ham maʼlum ishlar amalga oshirildi. Xususan, ushbu turdagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Mamlakatning yuqorida taʼkidlangan sohalardagi muvaffaqiyatlari Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” yillik hisobotida qayd etilgan. Hisobotda 190 mamlakatdagi gender tengligi bilan bogʻliq vaziyat baholanadi. Oʻzbekiston 18 ta davlat qatorida yuqorida qayd etilgan ayollar huquqlarini kengaytiruvchi huquqiy islohotlarni amalga oshirib, 2022-yil oktyabr oyidan buyon gender tengligi boʻyicha qonunchilikni takomillashtirishda eng yuqori natijalarga erishgan beshta davlatdan biriga aylandi.
Tadbir davomida Jahon banki ekspertlari tayyorlagan “Oʻzbekiston: mamlakatdagi gender holatni baholash” hisobotining asosiy xulosa va tavsiyalari taqdim etildi.
Taʼkidlanganidek, hisobotda gender tengligining asosiy yoʻnalishlari, jumladan, ayollarning iqtisodiy faoliyati, taʼlim tizimi va sogʻliqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlariga eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, unda xotin-qizlarni zoʻravonlikdan himoya qilish, nikoh va ajrashish, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtiroki bilan bogʻliq vaziyatlar oʻrganilgan. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda ayollarning huquqlari va ularning jamiyatdagi oʻrni haqidagi tasavvurga taʼsir koʻrsatadigan xatti-harakatlariga oid ijtimoiy meʼyorlar va kutilmalar tahlil qilingan.
Tadqiqotda agar ayollar mamlakat iqtisodiy hayotida erkaklar bilan teng ishtirok eta olsa, Oʻzbekiston yalpi milliy daromadi taxminan 29 foizga oshishi hamda ushbu foydalanilmagan iqtisodiy salohiyat 700 mingdan ortiq odamni kambagʻallikdan olib chiqishi mumkinligi qayd etilgan.
Jahon banki ekspertlari mamlakatda gender tengligiga erishish uchun muhim islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidlashdi. Shu bilan birga mazkur yoʻnalishdagi mavjud muammolarga yechim topish davlat va jamiyat ishtirokida kompleks va muvofiqlashtirilgan yondashuvni, jumladan, qonunchilikni yanada takomillashtirish, tegishli davlat va jamoat institutlarini mustahkamlash, fuqarolarning xabardorligini oshirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etishini aytib oʻtdi.
Tadbir soʻngida ishtirokchilar Oʻzbekistonda ayollar oʻrtasidagi ishsizlik darajasini qisqartirish, ularning tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirish va taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi vazifalarni ham muhokama qilishdi.