Oʻzbekiston respublikasi elektroenergetika korxonalarini barqaror rivojlantirish yoʻllari

    Fikr 7 Fevral 2024 908

    Oʻzbekiston – 2030 strategiyasining mazmun-mohiyati, vazifa va maqsadlarini roʻyobga chiqarish jarayonida iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishni takomillashtirish energetika tarmogʻining raqobatdoshligini oshirishda asosiy omillardan biriga aylanmoqda.

    “Iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash hamda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish asosiy masalalardan sanaladi.

    Jahonda mamlakatlar iqtisodiyotining barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda energetika tarmogʻini rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. “Dunyo davlatlari tomonidan 2021-yilda jami ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 62 % ni issiqlik elektr stansiyalarining mavjud quvvatlari hisobiga toʻgʻri kelgan. Lekin issiqlik elektr stansiyalarining kamchiligi bu atrof-muhitga CO2 chiqarishi va iqlim oʻzgarishiga taʼsir koʻrsatishidir”. Ushbu muammolarni hal etish maqsadida mamlakatlar miqyosida strategik qarorlarni qabul qilish, issiqlik elektr stansiyalarini texnik va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash va zamonaviy innovatsion usullarni joriy etish asosida jahon iqtisodiyotining taraqqiy etishiga erishilmoqda.

    2026-yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish koʻrsatkichini qoʻshimcha 30 milliard кВт.соатга oshirib, jami 100 milliard кВт.соатга yetkazish. 2026-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash”. Bu borada energetika sanoati korxonalarining faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy texnologiyalarni maqsadli joriy qilinishini rivojlantirish, samarali boshqaruv hisobiga innovatsion usullarni korxonalar faoliyatiga joriy qilish va loyihalarni investitsiya bilan taʼminlash mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan tadqiqotlar muhim oʻrin tutmoqda.

    Elektr energiyasini ishlab chiqarish yildan yilga respublikamizning har bir hududida oshib bormoqda. Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha elektr energiyasini ishlab chiqarish 2016-yilda 59100,5 mln. kVt. soatni tashkil qilgan boʻlsa, 2022-yilga kelib elektr energiyasini ishlab chiqarish 15210,9 mln. kVt. soatga oshib, 74311,4 mln. kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Lekin ayrim viloyatlarda 2016-yilga nisbatan 2022-yilda elektr energiyasini ishlab chiqarish kamayganligini koʻrishimiz mumkin. Jumladan, Andijon viloyatida — 275,3 mln. kVt. soat, Surxondaryo viloyatida -12 mln. kVt. soat, Buxoro viloyatida — 0,6 mln. kVt. soat, Xorazm viloyatida -2343 mln. kVt. soat elektr energiyasi kam ishlab chiqarilgan. Qolgan viloyatlar 2016-yilga nisbatan 2022-yilda elektr energiyasini ishlab chiqarish koʻrsatkichlari oshganligini koʻrishimiz mumkin. Namangan viloyatida Toʻraqoʻrgʻon IES ni ishga tushirilishi hisobiga viloyat boʻyicha jami 2022-yilda 5624,6 mln. kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

    Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi asosan tabiiy gaz, neft va gaz kondensati, koʻmir va suvdan foydalangan holda olinadi. Shundan asosiy qismini tabiiy gaz tashkil qiladi, bu esa ishlab chiqarilgan elektr energiyasi tannarxining qimmatlashishiga olib keladi.

    2020-2030-yillarda Oʻzbekistonni elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun Energetika vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan konsepsiya asosida amalga oshirish belgilangan. Innovatsion xalqaro tajribani amaliyotga joriy qilish va global miqyosda elektr energetikani zamonaviy yoʻnalishlarni hisobga olgan holda rivojlantirish talab etiladi. Oʻzbekistonda ehtiyojlar miqdori va hajmi oʻsib borayotgan bir vaqtda energetika korxonalarini faoliyatini barqaror rivojlantirishni yoʻlga qoʻyish uchun tayyorlangan.

    Shu bilan birga, energiya samaradorligini oshirish uchun hali ham katta zaxiralar va imkoniyatlar mavjud. Oʻzbekiston bu jihatdan Gʻarbiy Yevropa davlatlari uchun oʻrtacha koʻrsatkichdan — 2,5-3-martaga, AQSHdan — 2,2-martaga, Yaponiya va Koreyadan — 3,5-martaga pastroq hisoblanadi. Oʻzbekistonning YAIM ishlab chiqarishdagi energiya intensivligi MDH mamlakatlarida oʻrtacha qiymatdan 1,7 barobar yuqori hisoblanadi.

    2021-yilning yakuniga koʻra Oʻzbekiston jami elektr energiyasini ishlab chiqarish koʻrsatkich qariyb 16,6 GVtni tashkil qilmoqda. Bu elektr energiyani ishlab chiqarishda Issiqlik elektr stansiyalari – 14600 MVt, Gidroelektr stansiyalari – 1850 MVt va blok stansiyalar –133 MVt dan ortiq boʻlgan koʻrsatkichlarni qayd etmoqda.

    2030-yilgacha Oʻzbekistonda energetika tizimini rivojlantirish konsepsiyasidagi koʻrsatkichlarga koʻra, 2030-yilgacha elektr energiyasiga boʻlgan talabning yillik oʻsishi oʻrtacha 6-7 %ni tashil qiladi. Iqtisodiyotning boshqa sektorlarida elektr energiyaga boʻlgan talabi – 85,0 млрд.кВт.соатга teng boʻlib, 2021-yilga nisbatan 1,86 barobarga ortishi kutilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyatida 240 MVtlik issiqlik elektr stansiyasi, Xorazm viloyatida 174 MVtlik gaz-porshen elektr stansiyasi va Navoiy viloyatida 100 MVtlik quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi. 2022-yilda Toshkent viloyatida umumiy 470 MVtlik ikkita issiqlik elektr stansiyasi, Buxoroda 270 MVtlik issiqlik elektr stansiyasi, Samarqand viloyatida 100 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi foydalanishga topshiriladi. Asosiy vazifalar ishonchlilikni oshirish va yoʻqotishlarni kamaytirishdan iborat. Shunday qilib, 2025-yilga kelib yagona elektr energiyasi tizimining barcha quvvatlarini yagona 500 kVlik elektr tarmogʻi (elektrouzel)ga birlashtirish rejalashtirilgan.

    Mamlakatimizda elektr energiyasining asosiy manbalari bu 8 ta issiqlik elektr stansiyalari va 3 ta issiqlik elektr markazlari hisoblanadi. Iqtisodiyotni raqamlashtirish sharoitida resurs tejamkor elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi qurilmalarining quvvati qariyb 2800 MVt yoki issiqlik elektr stansiyalari umumiy quvvatining 25,5 %ni tashkil qilmoqda. 2021-yilda respublika hududida ishlab chiqarilgan jami elektr energiyasining 84,7 foizi qismi issiqlik elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan boʻlsa, elektr energetika tizimining maksimal yuklamalar soatlarida energobloklarning umumiy quvvati 8600 MVt ni tashkil qilgan. 2005-2020-yillar oraligʻida Oʻzbekiston boʻyicha elektr energiyasi isteʼmolining holati tahlillari shuni koʻrsatmoqdaki, isteʼmol hajmi 2020-yilda 2005-yilga nisbatan qariyb 1,5 barobarga, 2010-yilga nisbatan 1,3 barobarga ortgan.

    Mamlakatda yildan yilga elektr energiyasiga boʻlgan talabning oshib borishi natijasida iqtisodiyot tarmoqlarini muntazam elektr energiyasini bilan taʼminlashda muammolar paydo boʻlmoqda. Elektr energetikasi korxonalarining samaradorligini oshirishda aholiga sifatli energiyani resurslarini yetkazishda davlat xususiy sherikchilik tizimi asosida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish natijasida iqtisodiy va texnologik samaradorlikni oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu qatorda, energiya resurslariga boʻlgan talab ham oshmoqda. Mamlakatimizda elektr energiyasini ishlab chiqarishda 86 foizi issiqlik elektr stansiyalari hissasiga toʻgʻri keladi. Qolgan 14 foizi esa, gidroelektr stansiyalar, shamol, quyosh (foto) stansiyalari orqali elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Sohada barqaror rivojlantirishni taʼminlash maqsadida elektroenergiyadan foydalanishni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish zaruriyatini asoslash va maqsadlarini aniqlash, elektr energiyasini ishlab chiqarishda QTEMdan foydalanish uslubiyotini takomillashtirish, energetika sohasini tartibga solish va boshqarish yoʻnalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirish konsepsiyasini ishlab chiqish va asoslash zarur.

    Markaziy Osiyoning koʻp oʻlchovli dastlabki bahosi yashil tiklanishni Oʻzbekiston va umuman Markaziy Osiyo mintaqasi uchun siyosatning ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilab berildi. Energiya va havoning ifloslanishi kelajakdagi iqtisodiy rivojlanish va farovonlik uchun murakkab muammolar va muhim toʻsiq boʻlishligi kutilmoqda. Mamlakatimizda havoning ifloslanishi, toza energiya tizimiga ishonchsizlik bilan kirish va nobarqaror ekologik amaliyotlar asosiy cheklovlar sifatida belgilandi. Yuqori uglerod zichligi past energiya samaradorligi bilan birgalikda Oʻzbekistonda havoning sezilarli darajada ifloslanishiga va issiqxona gazlari emissiyasiga olib keladi. Toʻliq yashil tiklanishni taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi endi bir qator muhim vazifalarni hal qilishi kerak. Mamlakatda hali anʼanaviy energiya resurslaridan voz kechish va toza energiya manbalariga oʻtish boʻyicha inklyuziv va aniq strategiya ishlab chiqilib optimal holatga keltirilmagan. Oʻzbekiston Respublikasida elektroenergetika sohasini barqaror rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqilishi va sohada raqobat muhitini yaratish, energiya manbalaridan foydalanib elektr energiyasini ishlab chiqarishni rivojlantirishda ragʻbatlantiruvchi tizim yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

    Mamlakatimizda elektr energiyasini ishlab chiqishda, ichki imkoniyatlarimizdan samarali foydalanib, quyidagilarni amalga oshirish lozim: tabiiy gaz qazib chiqarishni maʼlum darajada koʻpaytirish; qoʻngʻir koʻmirni ochiq usulda qazib chiqarishni rivojlantirish; koʻmirni yer ostida gazlashtirish orqali energiya olishni tashkil qilish; suyuk uglevodlar qazib chiqarish darajasini oshirish; ishlab chiqarilayotgan energiya mahsulotlari sifatini jahon standartlari darajasiga koʻtarish; elektr energiyasini ishlab chiqarish sohasida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanib elektr energiyasini ishlab chiqarishda xususiy sherikchilik munosabatlarini shakllantirish; energiya resurslari manbalarini izlab topishda ishonchli hamkor sifatida xorijiy investorlarni jalb qilish mexanizmlarini ishlab chiqish talab etiladi.

    Goʻzal Xonkeldiyeva,

    Iqtisodiyot fanlari doktori, professor,

    Fargʻona davlat universiteti