Xalqaro miqyosdagi kuzatuvlarda turli mamlakat va institutlar vakillari ishtirok etdi: saylov tashkilotchilari, parlament aʼzolari va ekspertlar hamjamiyatlari.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan jami 971 nafar xalqaro kuzatuvchi, akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Xususan, YEXHT Parlament Assambleyasi, Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, Turkiy Kengash Parlament Assambleyasi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi 18 ta xalqaro tashkilotdan 631 nafar hamda 45 ta xorijiy davlatdan 340 nafar xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etdi.
Xalqaro kuzatuvchilar missiyalari rahbarlari va koordinatorlari saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlariga yuksak baho berdi.
Tadbir ishtirokchilarining umumiy fikriga koʻra:
xalqaro kuzatuvchilar missiyalari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgani saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha samarali monitoring olib borish imkonini berdi, bu oʻz navbatida Oʻzbekistonda saylov jarayoni ochiqligi va shaffofligidan dalolatdir;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi milliy qonunchilik va saylov huquqlarining xalqaro standartlari doirasida, demokratik normalarga rioya qilgan holda oʻtkazildi.
Xususan, MDHning saylovdagi missiyasi rahbari, MDH Ijrochi kotibi S.Lebedev taʼkidlaganidek, saylovlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksi talablariga toʻliq mos holda, raqobatbardosh, erkin, ochiq va oshkora, demokratik saylovlarni oʻtkazishning umumeʼtirof etilgan tamoyillariga javob beradi. Oʻzbekistondagi saylovlarning ajralib turgan jihati qora piar va manfaatlar toʻqnashuvining yoʻqligi boʻlib qolmoqda, bu esa mamlakatdagi saylov jarayonini gʻarb mamlakatlaridagi saylovlardan ijobiy farqlanib turishini koʻrsatadi.
SHHT kuzatuvchilar missiyasi rahbari, SHHT Bosh kotibi oʻrinbosari Ye.Ashimov Oʻzbekistonda Prezident saylovi milliy qonunchilik talablari va xalqaro majburiyatlarga javob bergani, erkin, qonuniy va demokratik ruhda oʻtganini alohida taʼkidladi. Mazkur saylovlarda ovoz berish natijalarini shubha ostiga qoʻyadigan qonun buzilish holatlari kuzatilmadi. Shuningdek, u zamonaviy kommunikatsiya va axborot texnologiyalarini tatbiq qilinganligi natijasida saylov jarayoni takomillashtirilganini alohida qayd etdi.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TTDHK, Turkiy kengash) Kuzatuvchilar missiyasi rahbari O.Kojamanning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ochiq, oshkora va Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga amal qilgan holda, shuningdek, xalqaro standartlar, normalar va talablarga muvofiq oʻtdi. O.Kojaman Oʻzbekistonni va oʻzbek xalqini saylovlarning muvaffaqiyatli oʻtgani bilan tabriklar ekan, saylov natijalari mamlakatimizning yanada ravnaq topishi, taraqqiyoti va turkiy dunyoda yanada mustahkam aloqalar oʻrnatilishiga xizmat qilishini taʼkidladi.
Shuningdek, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Parlament Assambleyasi va Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (PA va YEXHT/DIIHB) hamda Yevropa Parlamenti missiyalarining qoʻshma matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Kuzatuvchilar missiyasining dastlabki yakunlari va xulosalari toʻgʻrisidagi bayonotiga koʻra, Prezident saylovi Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan “Yangi Oʻzbekiston” shiori ostida ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda izchil olib borilayotgan islohotlar strategiyasi doirasida boʻlib oʻtdi.
Tan olinmoqdaki, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonida sezilarli taraqqiyotga erishildi, saylov qonunchiligida amalga oshirilgan jiddiy islohotlar, YEXHT/DIIHBning qator tavsiyalarini implementatsiya qilishga koʻkmak berdi.
Saylovoldi tashviqotini toʻsiqlarsiz oʻtkazish, maʼmuriy resurslardan foydalanish faktlarini istisno qilish chora-tadbirlari ijobiy baholanib, saylov huquqlarini himoya qilish kafolatlari kuchaytirilgani qayd etilgan.
Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda MSK faoliyatiga yuksak baho berilmoqda. Taʼkidlanishicha, COVID-19 bilan bogʻliq muammolarga qaramay, MSK oʻz faoliyatini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda professional darajada, sifatli va samarali tashkil etgan.
Qayd etilishicha, MSKning barcha yigʻilishlari ilk bor keng jamoatchilik uchun ochiq boʻlib, real vaqt rejimida translyatsiya qilinib, uning qarorlari darhol komissiya veb-saytida eʼlon qilingan. Hujjatda qayd etilganidek, bu saylov jarayonining ochiq va oshkora boʻlishiga xizmat qildi.
Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay muhit yaratish chora-tadbirlari ham ijobiy baholandi.
Markaziy saylov komissiyasi xalqaro kuzatuvchilar missiyalariga, barcha xalqaro kuzatuvchilarga Oʻzbekiston Respublikasiga saylovni umumeʼtirof etilgan standartlar va ilgʻor tajribalar asosida adolatli, ochiq va oshkora oʻtkazishda, mamlakatimizning bu boradagi xalqaro majburiyatlarni qoʻllashda koʻrsatgan yordami uchun samimiy minnatdorlik bildiradi. Shuningdek, saylovlar boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni davom ettirish tarafdori ekanligini bildirib oʻtadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi.