2020 yil 14 dekabr` kuni Toshkentda “O'zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning roli” mavzusida birinchi forum o'tkazildi. Tadbir O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Gender tenlikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi hamda EXHT bilan birgalikda tashkil etildi.
Forumda Oliy Majlis Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy Kengashlar deputatlari, YOshlar parlamenti a'zolari, davlat organlari va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbaeva kirish so'zi bilan ishtirok etdi.
Ta'kidlanganidek, xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni hal qilishdagi to'laqonli ishtiroki iqtisodiy taraqqiyot, demokratik rivojlanish va jamiyatdagi barqarorlikning zarur sharti hisoblanadi.
Xotin-qizlar ishtirokida qabul qilingan muhim qarorlar jamiyatni demokratlashtirish yo'lida olib borilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatini ta'minlaydi. SHu jihatdan mamlakatimizda xotin-qizlar huquq va manfaatlarini ta'minlash, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash davlat siyosatining muhim yo'nalishi hisoblanadi.
Olib borilgan amaliy ishlar natijasida o'tgan yilgi saylov yakunlari bo'yicha parlamentning quyi palatasiga 48 nafar ayol deputat etib saylandi. Bu deputatlar umumiy sonining 32 foizini, Senatda esa 25 foizni tashkil etmoqda. O'zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga etdi. Mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni bo'yicha dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o'ringa ko'tarildi.
Forumda vakillik organlariga saylangan deputat ayollarning faoliyatini takomillashtirish, ularning o'zlariga berilgan vakolatlardan kengroq foydalanishiga oid bir qator masalalar mavjudligi, ularni hal qilish nuqtai nazardan parlamentning ayol a'zolari platformasini yaratish zarurligi ta'kidlandi.
Qolaversa, ushbu Forum xotin-qizlarning siyosiy maydondagi o'rinlarini mustahkamlash hamda vakillik hokimiyati organlarining parlament bilan konstruktiv aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Forum ishtirokchilari xotin-qizlar parlament birlashmasini tashkil etish borasidagi o'z fikr-mulohazalarini bildirib, uning umumiy maqsadlari va vazifalarini, umumiy strategiya hamda harakat yo'nalishlarini belgilab oldi.
Bundan tashqari, Forumda mamlakatimiz taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning o'rnini kuchaytirishga oid taklif hamda fikr-mulohazalar, yangi g'oyalarni ko'rib chiqish uchun ishtirokchilar beshta yo'nalishda muhokamani davom ettirdi. Xususan, vakillik organlariga saylangan deputat ayollarning O'zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokiga alohida urg'u berildi.
SHu bilan birga, xotin-qizlarning mamlakatimiz iqtisodiy va qishloq xo'jaligi sohasini rivojlantirishdagi faoliyatining istiqbollari xususida ham so'z yuritildi.
Ilm-fan, ta'lim-tarbiya va innovatsion tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash jarayonlariga xotin-qizlarni keng jalb etish masalalari ham keng muhokamalarga, taklif va tavsiyalarga boy bo'ldi. Qayd etilganidek, bugungi kunda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega ayollar 25 foizni, fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega ayollar esa 20 foizni tashkil etayotgani sohada xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash zarurligini ko'rsatmoqda.
SHuningdek, Forumda Oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni barqarorlashtirish, xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish, ular o'rtasida yuzaga kelayotgan salbiy illatlarning oldini olishda parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhim ekanligi, bunda parlament va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish zarurligi ishtirokchilar tomonidan ta'kidlandi.
Forum yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar umumlashtirilib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati
Konets formы