O'zbekiston va AQSh san'atshunoslari hamkorlik qiladi

    O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog'iston Davlat san'at muzeyi direktori Tigran Mkrtichev bilan uchrashdi.

    Muloqot chog'ida AQShning etakchi muzeylarida Savitskiy muzeyi ko'rgazmasini tashkil qilish, Amerika ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish, shuningdek mahalliy muzey mutaxassislari uchun maqsadli treninglar o'tkazish masalalari muhokama qilindi.

    Amalga oshiriladigan ilk qo'shma loyihalardan biri N`yu-Jersidagi Ratgers universiteti hududida joylashgan Zimmerli san'at muzeyi bilan hamkorlik o'rnatish ekani ta'kidlandi. Amerika delegatsiyasi 2022 yilda Nukusga tashrif buyurib, mahalliy muzey kollektsiyasini o'rganish orqali kelgusida Amerika Qo'shma Shtatlarida Savitskiy muzeyi ekspozitsiyasini shakllantirish uchun eksponatlar ro'yxatini tuzishni rejalashtirmoqda.

    “Amerika vakillari O'zbekiston va AQSh san'atshunoslari uchun birgalikda tajriba almashish dasturlarini tashkil etishga ham tayyor, - dedi elchi. – Ikki muzey mutaxassislarining muntazam o'zaro tashriflari kollektsiyalarni puxta o'rganish ishlarini yo'lga qo'yish va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash imkonini beradi”.

    1966 yilda galereya sifatida tashkil etilgan Zimmerli san'at muzeyi 1983 yilda muzey maqomini olgan. 6,5 ming kvadrat metr maydonda joylashgan ushbu muzey mamlakatdagi eng yirik va eng mashhur muzeylardan biri bo'lib, qadimiy va zamonaviy san'at asarlaridan iborat 60 ming ob'ektni o'z ichiga olgan.

    Elchixona ma'lumotiga ko'ra, uchrashuv chog'ida dunyodagi eng qadimiy markaz hisoblanuvchi N`yu-Yorkdagi Nikolay Rerix muzeyi bilan hamkorlik masalasi ham muhokama qilingan. Ta'kidlanishicha, ushbu muzey N.Rerix asarlari to'plamidan tashkil topgan bo'lib, rassomning tasviriy san'at asarlari reproduktsiyalari va uning hayoti va faoliyatiga bag'ishlangan ko'plab kitoblarni tarqatish bilan shug'ullanadi.

    Nukusdagi uchrashuvda amerikalik hamkorlar bilan birgalikda I.Savitskiy muzeyi san'at ob'ektlarini raqamlashtirishga alohida e'tibor qaratildi. Bu esa san'atshunos tomonidan to'plangan asarlarga xalqaro miqyosda qiziqishning sezilarli darajada ortishiga xizmat qiladi. Virtual tur va muzey rasmlari bilan onlayn-tanishuv ularning dunyo miqyosida kengroq auditoriya orasida ommalashtirishga salmoqli hissa qo'shishi ta'kidlandi.

    Bundan tashqari, tomonlar AQShning etakchi rassomlarini Qoraqalpog'iston, uning betakror tabiati, Orol dengizi fojiasi haqidagi kartinalarni yaratishga taklif etishga va keyinchalik Nukusda ularning ko'rgazmasini o'tkazishga kelishib oldi.