Oʻzbekiston va Tojikiston yetakchilariga talaba-yoshlar tomonidan yaratilgan ishlanmalar koʻrsatildi

    Fan 22 Aprel 2024 166

    Hozirda tojikistonlik hamkorlar bilan bir qator ishlanma va qurilmalar boʻyicha 447 ming AQSh dollarli shartnoma tuzish ishlari kelishilayotgani aytildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida – 19–20-aprel kunlari ikki davlat yetakchilari birgalikda Dushanbe shahridagi Ekspo markazida tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” koʻrgazmasiga tashrif buyurib, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan tanishdilar.

    Tadbirda ilm-fan, innovatsiyalar sohalaridagi yutuqlar, shuningdek, togʻ-kon sanoati, neft-gaz sektori, kimyo va farmasevtika, avtomobilsozlik va mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish, toʻqimachilik va charm-poyabzal sanoati, qishloq xoʻjaligi hamda oziq-ovqat sanoati mahsulotlari namoyish etildi.

    Koʻrgazmada Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari ixtirochi talaba va yoshlar akademiyasi aʼzolari tomonidan yaratilgan innovatsion qurilmalar va tijoratlashtirish ishlanmalari hamda ilmiy loyihalar bilan qatnashdi.

    Ikki mamlakat yetakchilariga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Fan, taʼlim va innovatsiyalar” nomli burchagidan joy olgan idishlarga avtomatik tarzda naqsh tushurish qurilmasi, detallarni 3D koʻrinishini tayyorlovchi printer, qishloq xoʻjaligi sohasida foydalaniladigan uchuvchisiz boshqariladigan vertolyot va dronlar, onlayn dars oʻtishga moʻljallangan universal oʻquv stoli, koʻzi ojizlar uchun brayl yozuvli maxsus shaxmat doskasi, bio faol qoʻshimchalar, “TOMAVAC” COVID-19 ga qarshi vaksina, tishlar uchun yangi turdagi implant, kasalxona va turli laboratoriyalar uchun maxsus “infratuzilmali eshik tutqich” kabi ishlanma va qurilmalar namoyish etilib, ular haqida maʼlumot berildi.

    Hozirda tojikistonlik hamkorlar bilan bir qator ishlanma va qurilmalar boʻyicha 447 ming AQSh dollarli shartnoma tuzish ishlari kelishilayotgani aytildi.

    Taʼkilash joizki, bugun ikki davlat rahbarlari ulkan hamkorlik islohotlarida oʻzaro ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy-maʼrifiy integratsiyalashuv uchun umumiy makonni shakllantirishga alohida ahamiyat qaratmoqda. Hozirda ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida 100 ga yaqin hamkorlik boʻyicha shartnoma va memorandumlar tuzilgan.

    Ular, jumladan, Buxoro davlat tibbiyot instituti va Tojikiston davlat tibbiyot instituti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti va Tojikiston agrar universiteti, Tojikiston gidrotexnika va melioratsiya instituti, Samarqand davlat tibbiyot instituti va Xatlon davlat tibbiyot universiteti, Abu Ali ibn Sino nomidagi Tojikiston davlat tibbiyot universiteti va Fargʻona davlat universiteti, B.Gʻofurov nomidagi Xoʻjand davlat universiteti hamda Tojikiston milliy universiteti hisoblanadi.

    — Bugun Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlik aloqalari ham yangi bosqichga koʻtarildi, deb bemalol aytolaman. Keyingi yilllarda tojik tilidagi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qabul parametrlari ikki baravar oshirildi. Birgina akademik almashinuv doirasida oʻtgan davrda Tojikiston oliy oʻquv yurtlaridan 30 dan ortiq professor-oʻqituvchilar Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalarida tajriba almashib, 100 dan ortiq professor-oʻqituvchilar va tadqiqotchilar Tojikiston universitetlarida ilmiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani bu sohadagi munosabatlarning kengayotganidan dalolat, — deydi Xoʻjand davlat universiteti professori Mehriniso Abdullayeva.

    2023-yildan Oʻzbekiston va Tojikiston oliy taʼlim muassasalari rektorlari forumi anʼanviy tarzda oʻtkazib kelinmoqda. Bu oʻz navbatida, ikki davlat oliy taʼlim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlik aloqalarni har tomonlama kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim platforma vazifasini oʻtamoqda.

    Bir soʻz bilan aytganda, bugungi qadamlar yaqin kelajakda kasb-hunar, taʼlim rivoji evaziga mintaqadagi integratsiyalashuv geoiqtisodiy muammolarni ilmiy va samarali hal qilishni tezlashtiradi.

    Eldor BOZOROV,

    Oly taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi

    bosh mutaxassisi