Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon hikmatlari

    “Nazarimda hozir odam televizor, kompyuter, telefon, yana allabalolar qurshovida qolgan. Hammasi nayzasini oʻqtalib turibdi. Odamga ozgina eʼtibor, mehr ulashish ham kerak!”

    Fargʻonada viloyat hokimligi va Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi hamkorlikda Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon xotirasi va ijodiy merosiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda taniqli shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, Tojikiston, Qozogʻiston, Turkiya, Misr davlatlaridan mehmonlar, shoirning oila-aʼzolari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Ijodiy anjumanda ishtirok etish asnosida oʻzbek adabiyotining koʻzga koʻringan namoyandalaridan biri, sevimli bolalar adibining men bilgan va bilmagan jihatlarini yana bir bor kashf etgandek boʻldim. Fikrlar, xotiralar uygʻondi.

    Koʻpchilikning tasavvurida Anvar Obidjon bolalar shoiri, yozuvchisi va dramaturgi sifatida muhrlanib qolgan. Toʻgʻri, buning oʻziga yarasha asoslari mavjud. Ammo Anvar Obidjon kattalar uchun ham ajoyib asarlar yozib qoldirganini eʼtirof etmoq joiz. Ayniqsa, sheʼriyatimiz uchun oʻziga xos yangilanish boʻlgan ignabarg va uchchanoqlar zamiridagi maʼno-mohiyat shoir badiiy olamining eng yaxshi namunalari sanaladi. Ularni rus sheʼriyatidagi monostix, trexstishiy, turk uchleme va birleri, yapon xaykusi, koreys sichjosi, ispan gregeriyasi, tuva ojuk dajesi bilan solishtirib chiqqach, Anvar Obidjon shu janrlari bilan jahon sheʼriyatining yetuk vakillaridan ekanligiga amin boʻldim. Ularda odam va olam munosabatining nozik qirralari, inja kechinmalarning goʻzal ifodasi, ijtimoiy hayotning dolzarb muammolarini uqish mumkin. Ignabarg, uchchanoqlar boshqa shu tipdagi shakllar bilan oʻxshashdek koʻrinsa-da, ulardagi badiiy ifoda usullari va shoirimizga xos boʻlgan fikrlash tarzi mazkur janrlarning oʻzak belgisi sifatida koʻrsatilgan. Chunki Anvar akaning fikrlash tarzi, dunyoqarashi boshqacha edi. Qator suhbatlarda bu narsani kuzatdim va baʼzilarini kundalik tarzida qayd etib bordim.

    Oʻsha kuni tunda yogʻib oʻtgan yomgʻir havoni tozalagan, shuning uchun tonggi havo musaffo edi. Dam olish kuni, buning ustiga ertalab boʻlgani uchun koʻcha ham nisbatan sokin edi. Boʻlajak uchrashuvni oʻylab, zarur mavzularni, soʻraydigan narsalarimni xayoldan oʻtkazib olgach, Yunusobodga, Anvar akaning uyiga yoʻl oldim.

    Anvar aka har galgidek ochiq chehra va katta quvonch bilan kutib oldi. Televizorda Fransiya bilan qaysidir milliy terma komanda 2018-yilgi jahon chempionati finaliga chiqish uchun guruh bosqichida olib borgan uchrashuvni takroran berilayotgan ekan. Aslida oʻyin tunda boʻlgan. Men mehmonxonada boʻlganligim uchun uni koʻrolmagan edim. Anvar aka ham futbol ishqibozi edi. Oʻyinni yana koʻrayotgandi. Bu orada dasturxon yozildi. Yangi pishirilgan somsa, suyuq ovqat keltirishdi. Shu kuni futbol yoki taomlar emas, aynan Anvar Obidjonning oʻziga xos hayotiy falsafasi, hikmatlari yodimda qoldi.

    Birinchisi, Anvar akaning oxirgi chiqqan va ancha shov-shovlarga sabab boʻlgan “Ajinasi bor yoʻllar” nomli memuar asari ustida aytilgan. Men uni xronologik jihatdan yuz ellik yildan ortiq vaqtni qamrab olgani, tasvir koʻlami ham kengligini inobatga olib, roman-xronika deyish mumkinligini aytdim. Chunki asarda Anvar aka oʻz oilasi tarixi misolida xalq hayotining oxirgi ikki asrdagi qismatini aniq biografik faktlar yordamida tasvirlab bergan edi. Koʻplab dalillar aniq boʻlib, oila uchun sirdek tuyulgan harakter-xususiyatlarni ham dadillik bilan ochib tashlangan edi.

    Bu gapimga javoban muallif shunday dedi: “Koʻpchilik oiladagi baʼzi narsalarni, harakterning yarq etgan qirralarini, oʻqib, yozgan bilan nima boʻlardi, ularni yozmaslik kerak deyishadi. Lekin mening muhitim shunday ediki, uni yozmaslik mumkin emas. Balki shu muhit tufayli shoir boʻlgandirman. Hatto, Toshkentdan kelganimda onam (Olloh rahmatiga olgan boʻlsin) televizor koʻrib oʻtirardi. U paytlarda kinolar ruscha qoʻyilardi. Tilni tushunmasa ham voqeani anglardi, tushunib olgach, qahramonlarga achinib, kinodan taʼsirlanib oʻtiraverar edi. Ukamlardan biri akam Toshkentdan Sizni koʻrgani keldi, bir pas gaplashib oʻtiring desa ham, avval kinoni oxirigacha koʻrib, soʻng chiqishardi”.

    Anvar Obidjon shu gaplarni aytar ekan tomogʻiga nimadir tiqilgandek, tomoq qirib oldi. Buni men oʻzimcha, shoirning armon va alam bilan ichidan kelayotgan faryodi, deb tushundim. Biroz toʻxtagach, yana davom etdi.

    “Nazarimda hozir odam televizor, kompyuter, telefon, yana allabalolar qurshovida qolgan. Hammasi nayzasini oʻqtalib turibdi. Odamga ozgina eʼtibor, mehr ulashish ham kerak!”

    Eʼtibor qilinsa, mazkur mulohazalarda sanʼatkorning hayotiy tamoyili, ijodining asoslari yotganiga amin boʻlasan, kishi.

    Shundan keyin suhbat mavzusi biroz oʻzgardi. Men ham mezbonga bir-ikki fikr aytgandek boʻldim. Jamiyatdagi maʼnaviy qashshoqlikni Qabardin-Bolqoriyalik, asli kelib chiqishi Eron ozarboynidan boʻlgan, lekin rus tilida asarlar bitgan adib Fozil Iskandar (Alloh rahmatiga olgan boʻlsin) “yovvoyilik” deb ataganini eslatdim.

    Shundan keyin Anvar Obidjon yana uzoq gapirdi. Qishloq xoʻjaligidagi qingʻir ishlar, fermerlik harakatiga oid islohotlarning samara berib, bermayotgani, xalqimiz maʼnaviy hayotidagi oʻzgarishlar haqida, ommaviy madaniyatning salbiy oqibatlari haqida soʻzladi. Buni zarur odamlarga yotigʻi bilan tushuntirish lozimligini, biroq baʼzi mutasaddilar bu gaplarni toʻgʻri tushunmay, darhol yomonotliq qilib qoʻyishi mumkinligi haqida ham ogohlantirdi.

    Mezbon gapirar ekan barmoqlari uchlarini bir-biriga tekkizib olib, sekin, chin dildan, goh quvonib, goh esa biroz armonli ohangda gapirar, soʻzlashish ritmi ham oʻziga xos boʻlib, ovozida bolalarcha samimiylik sezilib turardi. Baʼzan chordona qurib oʻtirardi. Birozdan keyin esa tizzasining bittasini koʻkragiga tirab olardi. Orada kichik nevarasining gaplariga ham erinmasdan javob berardi. Ora-ora turib chekardi ham.

    Shundan keyin yana sheʼriyat mavzusiga qaytdik, ignabarg va uchchanoqlar mazmuni, ular real voqelikning shtrixlari ekanligini, badiiy struktura oʻquvchi xayolida tiklanishi va bu assotsiativ tafakkur tarzi ekanligi, shu orqali oʻquvchi ongiga yaqinlashish mumkinligi haqida bahs yuritdik. Zamonaviy sheʼriyatdagi, ayniqsa, shoirlik martabasining pasayib borayotganini taʼkidlar ekan, Anvar aka soʻzga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishlikni, har birini munchoqni tizgandek tizish uchun did va farosat lozimligini jiddiy uqdirdi. Har bir soʻz sandonga urilgan temirchi bolgʻasidek jarangdor, mazmunli va samarali boʻlishi kerak, degan fikrni aytishdi. Shu yerda uning yetuk nazariyotchi ekanligi ham koʻrinadi. Agar u badiiy soʻz mohiyatini teran anglaganda, bir qatorli sheʼrda romanga teng muammoni yorita olarmidi? Eʼtibor qiling-a: “Qarmoq solsam, kulfat ilindi”, “Omin, Gʻarbga yiqil terakjon!” kabi ignabarg sheʼrlar mazmunida butun boshli jamiyat, mamlakatlar fojeasi siqiq tarzda yoritilgan. Erkli mushuk quchoqda yotmas sheʼrini shaxs erki, ozodlik haqida gap ketganda, biror odamga zulm qilinganda, yuz beradigan isyonda aytilishi mumkin.

    Bu turkumdagi sheʼrlar ham lirik qahramonning murojaat obyektiga nisbatan esa ichki dialog yoki monolog koʻrinishlarda boʻlishi mumkin. Masalan, Shoh boʻlolgay, shoir boʻlolmas sheʼrida ichki dialoglilik xususiyati yuqoridir. Unda lirik voqelik qahramonning oʻz-oʻzi yoki biror hamsuhbati (ehtimol, sevgilisi yoki raqibi) bilan gʻoyibona fikrlashuvi, tortishuvi asosiga qurilishi sezilib turadi. Quyidagi ignabarg sheʼr aforistik xususiyatga ega: Inson oʻldi. Tugʻildi qabr. Bu yerdagi qabr inson umri oʻrniga tugʻilgan boʻlib, uning mavjudligi inson umriga yakun sifatida keltirilgan. Shuning uchun qabriston bizga sokinlik beradi, kishni hikmatga oʻrgatadi.

    “Qabrimga ham zanjir oʻramang” sheʼri lirik qahramonning mohiyatini “qabr”va “zanjir” soʻzlari ochib bergan. Chunki bu ikki soʻz badiiy estetik nuqtayi nazardan salbiy maʼno qirralariga ega. Lekin u neytral holatda turibdi. Sheʼrning aynan teran kechinma, azob, iztirobli boʻlganligiga morfologik vositalar -im, -mang qoʻshimchalari katta hissa qoʻshgan. Chunki odatda “qabrim” soʻzi kam ishlatiladi. Lekin lirik qahramon ishlatyapti. Bu uning hozirgi, yaʼni soʻzlayotgan chogʻi va ungacha, undan keyingi hayoti haqidagi badiiy informatsiyani yetkazyapti. Lekin bu informatsiya “oʻramang” soʻzisiz yetuk va mukammal boʻlmaydi. Chunki aynan shu soʻz sheʼr mazmuniga aniq chegara va maʼno kiritgan. Shoir metaforik tafakkur va assotsiativlilik yordamida maʼnaviy zulmning tasvirini bergan. Tirikligida uni erkin soʻz aytishgan cheklagan jamiyat vakillariga hech boʻlmaganda, vafotimdan soʻng meni tinch qoʻyinglarn, deya nido qilayotgandek. Aynan assotsiativ fikrlash natijasida qabrga zanjir oʻrash odati qabr egasiga hurmat maʼnosini anglatsa, keyin yaxshi gapirib, qullikka olib borish, zulm maʼnosini yuzaga chiqargan. Lirik subyekt oʻzining boʻgʻilgan hayoti, azob, mashaqqat, haqsizliklari oʻlim bilan tugamasligini biladi. Bu zulmkorlarning oʻta shafqatsiz ekanini ham ochyapti.

    Xullas, oʻsha kuni Anvar Obidjonda jamiyatni adolatli boʻlishi, kishilar bir-birlariga mehr ulashishlari shartligi, har qanday muammoni kattalar bilan bamaslahat hal etish lozimligini, eng muhimi, suhbatdosh bilan samimiy, ochiq munosabatda boʻlishni oʻziga xos hikmat sifatida koʻrdim.

    Qahhorjon Yoʻlchiyev,

    filologiya fanlari doktori, FarDUdotsenti

    Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.