Abituriyentlar ijtimoiy fanlar va chet tilidan gapirish boʻyicha imtihonni topshirdilar.
Imtihon jarayonlaridan avval Akademiya Qabul komissiyasi mutasaddilari tomonidan imtihon oʻtkazish tartib-qoidalari haqida tushuncha berildi. Tartibni buzgan abituriyentlarga nisbatan dalolatnoma tuzilib, oʻsha vaqtning oʻzida ular imtihondan chetlashtirilishi haqida ogohlantirildi. Jarayon adolatli va shaffof tarzda oʻtkazilish maqsadida onlayn translyatsiya qilindi.
Akademiya hovlisida esa abituriyentlarning ota-onalari uchun kutish va imtihon jarayonlarini onlayn kuzatish uchun maxsus joylar tashkil etildi.
Shuningdek, imtihon paytida abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlarining vaqtini mazmunli oʻtkazish uchun Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayx Xovandi Tohur, Toʻlabek (Qaldirgʻochbek) hamda Yunusxon maqbaralariga ziyorat tashkil etildi.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi masʼul xodimlari mehmonlarga mashhur allomalar haqida maʼlumot berishdi.
Shu yerning oʻzida allomalar xotirasi yod etilib, Qurʼon tilovat qilindi.
Bundan tashqari, imkoniyati cheklangan abituriyentlar uchun maxsus xonalar tashkil etilib, imtihon topshirishlari uchun sharoit yaratildi.
Ijodiy imtihonlarni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov kirish soʻzi bilan ochib berarkan, abituriyentlarga omad tiladi.
Akademiya rektori islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, maʼnaviy merosini har tomonlama oʻrganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining ahamiyati yuqori ekanini taʼkidladi.
Darhaqiqat, bugungi kunda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi dunyodagi yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot markazlari orasida oʻz nufuziga ega boʻlib bormoqda. Islomshunoslik, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar hamda Mumtoz sharq filologiyasi kabi fakultetlar, 10 dan ortiq kafedralar faoliyat yuritmoqda.
Akademiya rektori oʻz soʻzida davom etarkan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida hassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etish, ulugʻ allomalarimiz maʼnaviy merosini oʻrganish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Imtihon jarayonlarini Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi masʼul xodimlari adolatli va shaffof oʻtishini nazorat qilib bordilar.
Zuhra Meliboyeva, talaba