Unda tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakatning IT, energetika, raqamli transformatsiya, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, tibbiyot va farmatsevtika va boshqa yo‘nalishlar sohalarida faoliyat yurituvchi 200 ga yaqin yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat davlat vaziri Ryosuke Kozuki so‘zga chiqdi.
Laziz Kudratov O‘zbekistonning iqtisodiyot va savdo, sanoat va investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi asosiy yutuqlariga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan samarali qonunchilik normalari joriy etilganligi, muhandislik kommunikatsiyalari, infratuzilma, energiya resurslari bilan ta'minlanganlik darajasi yaxshilanganligi, iqtisodiyotdagi davlat ishtiroki qisqartirilganligi va keng ko‘lamli xususiylashtirish jarayonlari boshlab yuborilganligi qayd etildi. Shu bilan birga, investorlar uchun imtiyozlar va preferensiyalar yaratilganligi, MDH mamlakatlari, va GSP+ hisobiga yevropa Ittifoqi bozorlariga bojsiz eksport qilish imkoniyati mavjudligi, mintaqalararo transport yo‘laklari diversifikatsiya qilinayotganligi ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etilib, barcha qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishga har tomonlama yordam berishga tayyorlik bildirildi.
Qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida IT sohasi, muqobil energetika, ta’lim, tibbiyot, turizmni rivojlantirish, raqamlashtirishni kengaytirish sohalari belgilab olindi.
Forum doirasida «Energetika transformatsiyasi istiqbollari» va «Sanoatni rivojlantirishda raqamli transformatsiya. Yaponiya startaplari O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish vositasi sifatida» mavzularida panel munozaralari ham bo‘lib o‘tdi. Sessiyalar davomida ekspertlar, vazirlik va idoralar, yirik kompaniyalar rahbarlari O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga yapon innovatsiyalari va texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.
Biznes-forum davomida «G2B» va «B2B» uchrashuvlari ham tashkil etilib, unda ishtirokchilar qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish masalalarini atroflicha muhokama qildi.
Forum yakunida ta’lim, IT texnologiyalari, muqobil energetika va tibbiyot, geodeziya va kartografiyada kosmik texnologiyalardan foydalanish sohalarida 14 ta hujjat imzolandi. Alohida «Yo‘l xaritasi» shakllantirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.