Oʻzbekistonda eng jozibador investitsion tarmoqlar qaysi?

    Mamlakatimizda qiyosiy ustunlik nuqtayi nazaridan investitsiyalar uchun eng jozibador tarmoqlar aniqlandi.

    Sanoat tarmoqlari investorlar uchun potensial jozibador boʻlishi uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitidan tashqari, maʼlum qiyosiy afzalliklarga ham ega boʻlishi lozim. Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijasida ikkita sanoat guruhi aniqlandi.

    Birinchi guruh – xalqaro savdoda qiyosiy ustunlikka ega boʻlgan va investitsiyalardan darhol daromad olish mumkin boʻlgan tarmoqlar majmui. Bular: toʻqimachilik sanoati, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari, elektr jihozlarini ishlab chiqarish tarmoqlaridir. Mehnat xarajatlari, potensial bozorlar va mavjud xomashyo ushbu tarmoqlarning qiyosiy afzalligini belgilovchi asosiy omillar hisoblanadi.

    Ikkinchi guruh – rivojlanish potensialiga ega boʻlgan, lekin investitsiyalardan maʼlum sharoitlarda daromad oladigan tarmoqlardir. Bu guruhga kimyo sanoati, qora metallurgiya, qurilish materiallarini ishlab chiqarish kiradi. Ushbu tarmoqlarning hozirgi ustunligi energiya narxining nisbatan pastligi bilan bogʻliq. Biroq, bu afzallik bozordan tashqari omillar, ushbu holatda, sunʼiy cheklash va energiya narxini subsidiyalashga bogʻliq.

    Liberallashtirish sharoitida texnologik siyosatni takomillashtirish va mahsulot birligiga resurslar sarfini sezilarli darajada kamaytirish sharti bilan ushbu tarmoqlarga qoʻyilgan investitsiyalar daromad keltiradi.

    Tarmoqlarning qiyosiy afzalligi ichki va jahon narxlarida hisoblangan yalpi mahsulotdagi qoʻshilgan qiymat ulushining nisbatlaridan foydalangan holda baholandi. Hisob-kitoblar uchun har bir koʻrib chiqilayotgan soha uchun asosiy mahsulotlar tanlab olindi.