Bu haqda “Dunyo” AA deb xabar bermoqda.
2013-yilda 63 mamlakat va 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlarni birlashtirgan Koʻp oʻlchovli kambagʻallik boʻyicha Global hamkorlik tarmogʻi (Multidimensional Poverty Peer Network (MPPN) tashkil etilgan boʻlib, u siyosatchilarga koʻp oʻlchovli kambagʻallikni baholashda, uni kamaytirish boʻyicha yanada samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqishda yordam beradi. Ushbu tarmoq doirasidagi yillik uchrashuvlar Berlin (2014-y.), Kartaxene (2015-y.), Akapulko (2016-y.), Pekin (2017-y.), Yoxannesburg (2018-y.), Mae (2019-y.) va Santyagoda (Chili) 2021-yilda boʻlib oʻtgan. Shu kabi uchrashuv joriy yilda Oʻzbekistonda ham boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston kambagʻallikni qisqartirish masalalari bilan faol shugʻullana boshladi. Kambagʻallik birinchi marta Prezidentning 2020-yildagi Murojaatnomasida mamlakat uchun oʻta muhim masala sifatida rasman tan olindi. Oʻsha paytda 6 millionga yaqin odam kambagʻal boʻlib, mehnatga layoqatli aholining 41% norasmiy sektorda band edi.
“Ijtimoiy himoyaning yagona reyestri” axborot tizimining yaratilishi aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni sezilarli darajada kuchaytirish imkonini berdi. 2017-yilda ijtimoiy yordam olgan oilalar soni 500 mingni tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilga kelib bu koʻrsatkich 2,3 millionga yetgan. 2018-yildan 2023-yilgacha ijtimoiy nafaqalar boʻyicha xarajatlar 3,7 barobarga sezilarli darajada oshdi.
Yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida tadbirkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash orqali kambagʻallik muammosini bartaraf etish uchun “Har bir oila – tadbirkor” hamda “20 ming tadbirkor va 500 ming malakali mutaxassis” dasturlari ishga tushirildi. Shuningdek, oʻz biznesini yoʻlga qoʻyayotgan ayollarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida tadbirkor ayollarga ham alohida yordam koʻrsatilmoqda.
2022-yilda eng kichik maʼmuriy birlik – mahallalar darajasida kambagʻallikni kamaytirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Mahallabay” milliy tizimi joriy etildi, ularning soni mamlakatimizda qariyb 9,4 mingtani tashkil etadi. 2022-2024-yillarda tizim tomonidan 977,6 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalariga 1,7 milliard dollar miqdorida mikrokreditlar, shuningdek, 152 ming nafar aholiga qariyb 52 million dollarlik subsidiyalar ajratildi. Ushbu tizimning joriy etilishi tufayli 2021-yil boshidan buyon Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi 17 foizdan 11 foizga sezilarli darajada kamaydi. Deyarli 2 millionga yaqin odam kambagʻallikdan chiqarildi.
Oʻzbekistonda kambagʻallik muammosining jiddiyligi va uni hal etishda erishilgan yutuqlardan kelib chiqib, 27-28-avgust kunlari Toshkentda va 29-avgust kuni Samarqandda Koʻp oʻlchovli kambagʻallik masalalari boʻyicha xalqaro hamkorlik tarmogʻining 9-yillik yuqori darajadagi anjumanini oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi bejiz emas. Yuqori darajadagi tadbirda jahon yetakchilari, siyosatchi va iqtisodchilar, yetakchi olim va mutaxassislar ishtirok etadi.