Oʻzbekistonda kungaboqar hosili oʻsimlik moyi va shrot ishlab chiqarishga yoʻnaltiriladi

    Agrosektor 26 Avgust 2022 3617

    Oʻzbekistonda ham soʻnggi yillarda asosiy va takroriy ekin sifatida moyli kungaboqar navlarini yetishtirish koʻpayib boryapti.

    2022-yilda mamlakat boʻyicha jami 61,7 ming gektar, shundan asosiy maydonlarga 25,7 ming gektar va takroriy maydonlarga 36,0 ming gektar kungaboqar ekildi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, ushbu maydonlardan 128 ming tonna hosil jamgʻarish rejalashtirilgan.

    Yetishtirilishi prognoz qilinayotgan kungaboqar hosili toʻliq qayta ishlash korxonalariga yoʻnaltirilishi belgilangan boʻlib, ushbu hosildan 45 ming tonna oʻsimlik moyi va 83 ming tonna kungaboqar shroti ishlab chiqiladi. Ishlab chiqilgan kungaboqar shroti chorvachilik va parrandachilik xoʻjaliklariga yoʻnaltiriladi.

    Kungaboqar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlarining asosiy maydonlariga ekib kelinyapti. Bugungi kunda Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash markazi tomonidan respublikaning turli tuproq-iqlim sharoitiga mos boʻlgan kungaboqarning 51 ta navi Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xoʻjaligi ekinlari davlat reyestriga kiritilgan, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Kungaboqar hozirgi kunda dunyoda eng muhim ahamiyatli moyli ekinlardan biri hisoblanadi va isteʼmolchilar orasida nisbatan xavfsiz oziq-ovqat moyi sifatida ommabopdir.

    Dunyoda koʻplab davlatlarda ekin maydoni va undan olinadigan hosil miqdoriga qarab iqtisodiy samaradorlik darajasi ortib borishi kuzatilyapti. Soʻnggi besh yillikda kungaboqar yer yuzidagi 72 ta mamlakatda 25-26 million gektardan ortiq maydonda yetishtirilib, oʻrtacha 40,5-42,0 million tonna hosil olingan.