Jumladan, Nizomga ko‘ra  plyaj va aholining suvda ommaviy dam olishi uchun ajratiladigan joylar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

-sohil bo‘yi hududi rejalashtirilgan va obodonlashtirilgan bo‘lishi;

-akvatoriyaning chuqurligi 3 metrgacha, qirg‘oqdan 50 metrgacha maydon dam oluvchilarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan predmetlardan tozalangan bo‘lishi;

-plyaj akvatoriyasida past haroratli yer osti suvlari chiqmasligi, girdoblar bo‘lmasligi, oqimning tezligi 0,5 m/sekunddan oshmasligi;

-port inshootlari, pirslar, prichallardan sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari bilan kelishilgan masofada joylashgan bo‘lishi;

-plyaj sanoat va maishiy oqava suvlar chiqarib tashlanadigan joylardan uzoqda joylashtirilishi zarur.

Qo‘shimcha ravishda, O‘zbekiston Respublikasining “Turizm to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasiga muvofiq joylashtirish vositalari, tog‘ chang‘isi trassalari va plyajlar majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi hamda o‘rnatilgan tartibda tasniflanishi lozim.

Bundan tashqari, Qonunga muvofiq sertifikatlashtirish vakolatli davlat organi – Turizm va sport vazirligi huzuridagi akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish bo‘yicha tashkilot yaʼni “Sport va turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK tomonidan amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, Plyaj xizmatlarini sertifikatlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 iyuldagi 433-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va turistik industriya obyektlarini tasniflash tartibi to‘grisida”gi Nizom asosida O‘z DSt 13009:2021 “Turizm xizmatlari.Plyaj faoliyatiga doir talablar va tavsiyalar” davlat standartiga muvofiqligini baholash orqali amalga oshiriladi.