Oʻzbeklar va turkmanlar – eng boy madaniy, ilmiy anʼanalarning vorislari va saqlovchilari

    Oʻzbekiston qoʻshni Turkmaniston bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratadi. Milliy anʼanalar, mushtarak din, til va madaniy yakdillikka asoslangan ushbu hamkorlik chuqur tarixiy ildizlarga borib taqaladi.

    Ikki mamlakat yetakchilari Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedovning ochiq va oʻzaro ishonchga asoslangan muloqotlari samarasi oʻlaroq, koʻp qirrali oʻzbek-turkman strategik sherikligi mustahkamlanishiga zamin yaratildi.

    Oʻzbekiston Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil mart oyida Turkmanistonga ilk tashrifi qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada faollashtirib, uning bugungi holati va istiqbollari uchun mustahkam poydevor yaratdi.

    Oliy darajadagi muzokaralar yakunlari boʻyicha strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolanishi tomonlarning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyasi, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda mavjud salohiyatni yuksaltirishiga turtki boʻldi.

    Mamlakatlar yetakchilari oʻrtasida muloqotlar bardavomligi yaqin hamkorlikdan manfaatdorlik dalolati hisoblanadi. Prezidentlar shu yilning oʻzida uch marotaba uchrashgani fikrimizning yorqin dalilidir.

    Iyul oyida Turkmaniston rahbarining Toshkentga ilk davlat tashrifi hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi sammitlar, jumladan, SHHT Samarqand sammiti doirasida uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

    Ikki tomonlama va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilinadigan oʻzaro telefon muloqotlarini oʻtkazish anʼanaga aylandi. Masalan, 2022-yil boshidan buyon Oʻzbekiston va Turkmaniston rahbarlari oʻrtasida 6 marotaba telefon muloqoti boʻlib oʻtdi (shu yilning iyul oyiga qadar maʼlumotlar).

    Ushbu aloqalar nafaqat rasmiy xarakterga ega, balki kun tartibidagi ikki va koʻp tomonlama dolzarb masalalarni muhokama qilishda oʻziga xos amaliy mazmun kasb etadi.

    Mamlakatlarimiz oʻrtasida hukumatlar darajasida ham faol muloqot yoʻlga qoʻyilgani oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash, ikki tomonlama va mintaqaviy xarakterdagi dolzarb masalalarni hal etishga koʻmaklashishga tayyorlikni amalda tasdiqlaydi.

    Buning asosiy koʻrsatkichlaridan biri savdo-iqtisodiy hamkorlik dinamikasidir. Global salbiy tendensiyalar, jumladan, sanitariya cheklovlariga qaramay, soʻnggi besh yil ichida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,3 barobar oʻsdi. 2016-yilda oʻzaro savdo aylanmasi hajmi 200 million dollardan koʻproqni tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilda qariyb 902 million dollarga yetdi. Shu paytgacha oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi bu qadar yuqori surʼatni koʻrsatmagandi.

    Hamkorlikning boshqa yoʻnalishlari ham sezilarli darajada oʻsdi, bu, shubhasiz, ikki qardosh davlat rahbarlari ezgu maqsadlarining haqiqiy roʻyobi boʻldi.

    Oʻzbekistonning Turkmaniston bilan oʻzaro hamkorligida yaqin va oʻrta muddatli istiqboldagi qator yoʻnalishlar ustuvor ahamiyat kasb etadi.

    Birinchidan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik. Mamlakatlar oʻzaro savdo hajmini oshirish va diversifikatsiyalashdan manfaatdor. Bunda avvalroq imzolangan hujjatlar, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining uchrashuvi doirasida erishilgan savdo shartnomalari va sanoat kooperatsiyasi loyihalari muhim ahamiyat kasb etadi.

    Agrosanoat majmuasi, avtomobilsozlik va yengil sanoat, transport va kommunikatsiya tarmoqlari korxonalari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston va Turkmaniston hududida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga ikki mamlakat kompaniyalarini jalb etish iqtisodiy hamkorlikning drayveri sifatida koʻrib chiqilishi muhim.

    Ikkinchidan, transport sohasidagi hamkorlik. Har ikki davlat ham tranzit salohiyatini roʻyobga chiqarishdan, shuningdek, mamlakatlar va mintaqalar oʻrtasidagi oʻzaro savdoni rivojlantirishdan manfaatdor. Ikki davlat aloqa tizimlarining integratsiyalashuvi nafaqat Oʻzbekiston hududi orqali Turkmanistonga va teskari yoʻnalishda yuk tashishni amalga oshirish, balki Yaqin va Oʻrta Sharq bozorlariga eng qisqa muddatda chiqish imkonini beradi.

    Uchinchidan, suv-ekologiya sohasidagi hamkorlik. Bu yoʻnalish butun Markaziy Osiyoda farovonlik va barqaror taraqqiyotning muhim omillaridan biridir. Hozirgi bosqichda mintaqada mamlakatlar oʻrtasida suv xoʻjaligi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarida yaqin hamkorlikni namunali va eng samarali deyish mumkin.

    Prezidentlarning 2022-yilda qabul qilingan qoʻshma bayonotida Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolarining suv resurslaridan adolatli va oqilona foydalanish sohasida konstruktiv muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etilgan.

    Bu borada 2021-yildan boshlab mamlakatlar oʻrtasida faol ish boshlagan hukumatlararo suv komissiyasi oʻrni gʻoyatda muhim.

    Toʻrtinchidan, madaniy-gumanitar aloqalarni oʻrnatish. Tomonlar koʻp yillik doʻstlik rishtalarini saqlash va mustahkamlashdagi tarixiy masʼuliyatini anglagan holda oʻz ona tili, madaniyati, anʼana va urf-odatlarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mumtoz adabiyot va xalq asarlarini oʻzaro tarjima qilishni qoʻllab-quvvatlashdan manfaatdor.

    Bu yoʻnalishda tashkilotlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, ilmiy tadqiqot markazlari, oliy taʼlim muassasalari va ommaviy axborot vositalari oʻrtasidagi aloqalar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Beshinchidan, xalqaro maydonda siyosiy-diplomatik aloqalar va hamkorlikni mustahkamlash. Toshkent va Ashxobod tashqi siyosat sohasida bir-birini faol qoʻllab-quvvatlamoqda. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, BMT, MDH, IHT, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida izchil hamkorlik amalga oshirilmoqda. Bu kabi ishlar nafaqat milliy, balki mintaqaviy va ayrim global muammolarga yechim topishga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

    Shubhasiz, tomonlar Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikka erishish va afgʻon xalqiga insonparvarlik yordamini koʻrsatish boʻyicha umumiy tushunchaga ega boʻlib, ushbu mamlakat bilan savdo-iqtisodiy, transport logistikasi va energetika aloqalarini saqlab qolish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, keng qamrovli xalqaro hamkorlikni taʼminlashga hissa qoʻshadi.

    1996-yildan buyon savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Turkmaniston hukumatlararo qoʻshma komissiyasi faol ish olib bormoqda. Ushbu davr mobaynida komissiyaning 16 ta yigʻilishi oʻtkazildi.

    Qoʻshma komissiya doirasida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport-tranzit, madaniy-gumanitar sohalarda faol hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Oʻz navbatida, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan ishlar boshqa formatlarda ham amalga oshirilmoqda. Joriy yilda Buxoroda birinchi Oʻzbek-turkman hududlararo forumi tashkil etildi. Ushbu tadbir natijasida umumiy qiymati 451 million AQSH dollariga teng qator investitsiya va savdo shartnomalari imzolandi.

    Shubhasiz, Oʻzbekiston Prezidentining Turkmanistonga bu galgi tashrifi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarda yangi surʼat bagʻishlaydi, yaqin va oʻrta muddatli istiqbolda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga xizmat qiladi.

    Keyingi yillarda Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik koʻrsatkichlari sezilarli darajada oshdi. Bugungi kunda ikki tomonlama faol saʼy-harakatlar tufayli Turkmaniston Oʻzbekistonning savdo-sotiq boʻyicha oʻnta yirik hamkor davlati qatoriga kirdi.

    Savdo aloqalari rivoji oʻzbek-turkman hamkorligi lokomotivlaridan biri boʻlib xizmat qilmoqda. Qoʻshma korxonalar tashkil etilayotgani, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalardagi kooperatsiya yanada rivojlanayotgani fikrimizning yorqin dalilidir.

    Soʻnggi toʻrt yilda mamlakatimizda turkman kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 11 tadan 160 taga koʻpaydi. Turkmaniston hududida esa oʻzbek rezidentlari ishtirokidagi 61 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda.

    Ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va kengaytirishda transport sohasi ustuvor oʻrin tutadi.

    Bugun Turkmaniston Markaziy Osiyoning asosiy tranzit davlatlaridan biriga aylanib bormoqda. Uning hududi orqali Oʻzbekiston tovarlarining katta oqimi Eron chegaralari va undan keyin Fors koʻrfazi portlarigacha yoʻnaladi. Bundan tashqari, tomonlar Oʻzbekiston – Turkmaniston – Kaspiy dengizi – Janubiy Kavkaz transport yoʻnalishi imkoniyatlarini maksimal darajada oshirish boʻyicha hamkorlik qilmoqda. Ushbu yoʻlak Gruziya, Turkiya, Ruminiya va boshqa davlatlarning Qora dengiz portlariga chiqishga moʻljallangan.

    Hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorlik tufayli soʻnggi yillarda ikki mamlakat avtomobil va temir yoʻllari orqali olib oʻtiladigan yuklar hajmi ortib bormoqda.

    Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, xalqaro avtomobil transportida yuk tashish hajmi 17 foiz oʻsgan holda 1,96 million tonnani tashkil etdi. Xuddi shunday ijobiy tendensiya joriy yilning 9 oyida ham kuzatilmoqda. Avtomobil va temir yoʻl transportini oʻz ichiga olgan xalqaro yuk tashishning umumiy hajmi 36 foiz oshib, qariyb 1,9 million tonnani tashkil etdi.

    Mamlakatlarimizdan oʻtuvchi xalqaro transport yoʻnalishlarining raqobatbardoshligi va jozibadorligini oshirish maqsadida bugungi kunda tariflarni yanada optimallashtirish va tashqi savdo yuklarini tranzit tashish uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar qilinmoqda.

    Oʻzbekiston Oliy Majlisi va Turkmaniston Milliy Kengashi parlamentlararo doʻstlik guruhlari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi jadal rivojlanib borayotgan strategik sheriklikning muhim boʻgʻini ekanini alohida taʼkidlash joiz.

    Soʻnggi yillarda oʻzaro yaqin hamkorlik tufayli ikki davlat qonun chiqaruvchi organlari koʻplab qoʻshma yigʻilishlar, uchrashuv va forumlar tashkil etib, parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, qonunchilik sohasida tajriba almashish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish kabi masalalarni muhokama qildi.

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva keyingi ikki yilda Turkmanistonga ikki marotaba boʻldi. Xususan, 2021-yil avgustida Turkmanboshi shahrida oʻtgan “Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti” forumi, 2022-yili Ashxobodda oʻtgan Markaziy Osiyo – Rossiya birinchi parlamentlararo forumida ishtirok etdi.

    Ayni shunday faollik Turkmaniston qonunchilik palatasi tomonidan ham kuzatilmoqda. Joriy yilning sentyabr oyida Turkmaniston Milliy Kengashi Majlisi Raisi Gulshat Mammedova Jahon parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammitida ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Oʻzbekiston parlamentida samarali muzokaralar oʻtkazdi va Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev qabulida boʻldi.

    Ikki davlat oʻrtasida diplomatik aloqalar 1993-yil boshida oʻrnatilgan boʻlsa-da, oʻzbek va turkman xalqlari oʻrtasidagi tarixiy-madaniy aloqalar ming yillarga borib taqaladi.

    Bugun biz madaniy-gumanitar hamkorlik jadal rivojlanayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Ikki qardosh davlat sanʼati va adabiyotiga har ikki tomonda katta qiziqish mavjud. Oʻzbekiston va Turkmaniston hududida oʻtkaziladigan barcha tadbirlarda ikki mamlakat fan, taʼlim va madaniyat namoyandalari yaqindan hamkorlik qilib, faol ishtirok etadi.

    Oʻzbeklar va turkmanlar eng boy madaniy va ilmiy anʼanalarning vorislari va saqlovchilaridir. Buyuk shoir va mutafakkirlar Alisher Navoiy va Maxtumquli ijodi xalqlarimizning umumiy merosi hisoblanadi. Toshkent shahrida Maxtumquli nomidagi koʻcha va uning barelyefi ochilishi, Xalqlar uyi tashkil etilishi mustahkam doʻstlik, birlik va madaniy yaqinlikning yorqin ramzidir. Oʻz navbatida, Turkmaniston poytaxtida Alisher Navoiy nomidagi koʻcha ochildi.

    Oʻzbekistonda yashayotgan 200 ming turkmanga milliy anʼanalari va madaniyatini rivojlantirish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan.

    Oʻzbek va turkman xalqlari oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda Respublika turkman madaniyat markazi tomonidan muvofiqlashtirilgan oltita madaniyat markazi, Oʻzbekiston – Turkmaniston doʻstlik jamiyati faoliyatining ulkan oʻrni borligini alohida taʼkidlash joiz.

    Mamlakatimizda turkman xalqining madaniyati va anʼanalarini asrab-avaylash va targʻib etish maqsadida madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilib, taʼlim turkman tilida olib boriladigan 45 ta maktab faoliyat koʻrsatmoqda, ularda 8 ming bola tahsil oladi.

    Taʼlim sohasi ikki davlat hamkorligining muhim yoʻnalishlaridan biridir. Bugungi kunda Oʻzbekistonning 40 ta oliy oʻquv yurti, jumladan, Urganch, Qoraqalpogʻiston, Buxoro va Qarshi davlat universitetlari, shuningdek, Buxoro davlat tibbiyot instituti va Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialida turkmanistonlik 1,8 mingdan ortiq yigit-qiz tahsil olmoqda. Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida turkman tilida dars berish boʻyicha boshlangʻich sinflar uchun oʻqituvchilar tayyorlash fakulteti, Qoraqalpoq davlat universitetida turkman filologiyasi fakulteti bor.

    Oʻzaro aloqalarga qiziqish ortib borayotganini hisobga olsak, ushbu yoʻnalishda katta istiqbollar mavjud. Taʼlim sohasidagi oʻzaro hamkorlik, shubhasiz, madaniy hamkorlikni boyitish jarayoniga munosib hissa qoʻshib, yoshlar oʻrtasidagi muloqotga xizmat qilmoqda, qardoshlik munosabatlarimizni mustahkamlamoqda.

    Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi munosabatlar mintaqaviy savdo-sotiq, tranzit va energetika salohiyatini rivojlantirish, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash kabi sohalarda manfaatlar yaqinligi bilan ajralib turadi.

    Mamlakatlar oʻzaro hamkorlikning deyarli barcha sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratmoqda va salmoqli saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda.

    Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga rasmiy tashrifi oʻzaro munosabatlarni chuqurlashtirishda gʻoyatda ahamiyatli. Muzokaralarda qabul qilingan qarorlar ikki qardosh xalq oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada kengaytirish va oʻzaro yaqin aloqalarni mustahkamlashga hissa qoʻshadi.

    Oʻz xalqlari manfaatlari yoʻlida har ikki davlat ham koʻp qirrali hamkorlik va samarali hamkorlikning barcha imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan.

    Tashabbuslarni birgalikda ilgari surishda oʻzaro qoʻllab-quvvatlash va muvofiqlashtirish, shuningdek, Oʻzbekiston va Turkmaniston rahbarlarining ikki tomonlama va mintaqaviy darajada amaliy manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga intilishi, albatta, mintaqada tinchlikni saqlash, xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, butun Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi uchun muhim omil sanaladi.

    Anvar NOSIROV,

    Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori