Ammo bolalarning necha bor kasallikka chalinishidan koʻra, ularning tuzalish muddati qisqaligi koʻproq muhim. Ayniqsa, xastalikdan soʻng asoratlar qolmasligi asosiy natija.
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim boshligʻi, tibbiyot fanlari nomzodi Dinara Doʻstmuhammedovaning taʼkidlashicha, bemor bolalar muolajasi davomli parvarishni talab qiladi.
Ammo OʻRVIga chalingan bemor farzandlarni uy sharoitida davolashda shifokor tavsiyasisiz, oʻzboshimchalik bilan amalga oshiriladigan notoʻgʻri muolajalar asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Masalan, tana harorati yuqori bolaning tomogʻini yod yoki zelyonka bilan artish koʻpchilik yoʻl qoʻyadigan katta xatolardan biri. Chunki shamollagan bolaning nafas yoʻli shilliq qavati juda nozik, qolaversa, virusdan yalligʻlangan va shishgan boʻladi.
Agar yuqorida aytilgan surtmalar bilan ishlov berilsa, shilliq qavat jarohatlanib, shish kattalashib, loringit yuzaga kelishi va boshqa asoratlar kuzatilishi mumkin.
Tana harorati koʻtarilganda paratsetamol berish tavsiya etiladi. Ammo baʼzi ota-onalar tibbiyotdan yaxshi xabardor boʻlmagan qoʻshnisini chaqirib, analgin, dimedrol, novokain qoʻshib mazkur aralashmani isitma tushirishda qoʻllashadi.
Bu mutlaqo mumkin emas. Birinchidan, analgin qonni suyultirib yuboradi. Dimedrol esa bolada yoʻtal paydo boʻlgan, bronxlari torayib qolgan paytda asoratlarni yanada kuchaytiradi.
Bundan tashqari, allergik yoʻtal, astma, yuqori nafas yoʻllarining yalligʻlanishi kuzatilayotgan bolalar bor xonalarda isiriq tutatish yanglish xatti-harakatdir. Chunki tutun bola organlari spazmini koʻpaytirib, yoʻtalni yanada kuchaytirishi mumkin.
Oʻz navbatida, tumov belgilari kuzatila boshlasa, oʻzboshimchalik bilan bolalarga antibiotiklar berish ham katta xato. Negaki, bunday preparatlar virusli xastaliklarda yordam bermaydi. Aksincha, aks taʼsir koʻrsatadi.
Agar bolada pnevmoniyaning ilk belgilari kuzatilsa, shifoxonada davolanish tavsiya etiladi.
Mutaxassis bilan bu borada suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.