Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yerlar qonunlashtiriladi

    – Eshittinglarmi?! Hujjatsiz uylar uchun yana aksiya boʻlarmish. Qonun chiqibdi. Bir ikki joyni egallab olib, hujjat qildirib olish kerak,–deydi choyxonadagi otaxonlar davrasidan bir notanish kishi.

    –Yanglishyapsiz, qonunning oʻz norma, meʼyorlari bor. Duch kelgan joyni egallab olib, hujjatlashtirish qonunga zid,–deya eʼtiroz bildirdi boshqa biri...

    Prezidentimiz tomonidan “Oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonun imzolangani minglab oilalar hayot tarziga quvonch, shodlik tuygʻularini olib keldi.

    Kadastr agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi boshligʻi Nodirbek Mashrapov oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari va ulardagi noqonuniy qurilishlarning nazorati va ularni bartaraf etilishi boʻyicha amalga oshirilayotgan amaliy ishlar xususida quyidagilarni bayon qildi.

    –Yangi Qonun hamma oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari va mulklarga huquq eʼtirof etilmaydi. Qonun bilan tartib-qoidalar belgilanmoqda. Kadastr agentligi tizimida yer qonunbuzilish holatlarni oldini olish maqsadida kuchaytirilgan yer nazorati tadbirlari olib borilmoqda. Qonun doirasida chetga chiqilgan yoki qonunga zid boʻlgan holda yer uchastkalari oʻzboshimchalik bilan egallab, noqonuniy qurilishlar amalga oshirgan shaxslarga nisbatan maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlik choralari koʻriladi.

    Joriy yilning 1-avgustiga qadar viloyat boʻyicha 2 ming 543 ta holatda jami 144,6 gektar yer maydonini oʻzboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlanib, qonun buzilish holatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan bartaraf etish yuzasidan yozma koʻrsatmalar yuborildi, 1 ming 536 ta holatda 45,1 gektar yer maydonida yoʻl qoʻyilgan qonunbuzilish holatlari joyida bartaraf etildi. Kadastr agentligining tuman va shahar boʻlimlari tomonidan 862 ta holatda huquqbuzarlarga maʼmuriy jarima qoʻllanildi. Jinoyat alomatlari mavjud huquqbuzarlik holatlari yuzasidan 198 ta holatda esa prokuratura organlariga toʻplangan hujjatlar qoʻshma tartib asosida taqdim etilib, prokuratura organlari tomonidan 27 ta holatda jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Qonunda 8 ta yoʻnalishdagi holatlar koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan. Ushbu holatlarning barchasiga huquq eʼtirof etiladi deb tushunmaslik kerak. Unda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish emas, balki huquq belgilovchi hujjatlari boʻlmaganligi uchun yer va binolariga huquqni eʼtirof etish masalasi koʻzda tutilmoqda. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga emas, balki tadbirkorlik subyektlariga tuman hokimliklari tomonidan yer ajratilib, viloyat darajasida tasdiqlanmagan holatlar hamda tadbirkorlik subyektlari kichik sanoat zonalariga joylashtirilib, hokim qarori chiqarilmay qolgan holatlar koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.

    Qonunda kadastr hujjatlari rasmiylashtirmaganlik uchun emas, yerni oʻzboshimcha egallaganligi uchun va ushbu yerga huquqlar eʼtirof etilgan taqdirdagi maʼmuriy javobgarlik masalalari yoritilgan.

    Ayrim yurtdoshlarimiz tomonidan “qurilishi mavjud boʻlsa eʼtirof etilar ekan” deb boʻsh yerga tezroq imorat qurish holatlari kuzatilmoqda. Ogohlantirib aytishimiz kerakki, qonun asosida 2018-yil 1-mayga qadar qurilgan obyektlar koʻrib chiqilishi koʻrsatib qoʻyilgan.

    Agarda qurilma oʻzboshimchalik bilan belgilangan davrdan keyin qurilgan boʻlsa, bunday imoratlar belgilangan tartibda bartaraf etiladi hamda maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi. Shu sababli, fuqarolarimizdan oʻzboshimchalik bilan yerlarni egallash va unga imorat qurmasliklarini soʻrab qolamiz.

    Qonun bilan yana bir masala — xalqimiz orasida “dacha” deb ataladigan dala hovlilarga oid muammolar ham tartibga solinmoqda. Shahar atrofidagi dala hovlilar bugungi kunda rasman “Bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlari”ga birlashgan boʻlsa-da, amalda doimiy turar joylarga aylangan. Qonun bilan ushbu shirkatlardagi xonadonlarning ham qonuniy huquqlari tartibga keltirilishi bu yerda istiqomat qiluvchilarni qiynayotgan masalalarga yechim boʻladi.

    Mazkur qonun koʻpchilik yurtdoshlarimiz intiqib kutayotgan yangilikka aylandi. Oʻzi yashab turgan xonadonning yer uchastkasi va ulardagi qurilgan bino va inshoontlarning huquqiy hujjatlari yoʻqligidan hadikda yurishgan boʻlishsa, endi ularning xavotiri ariydi. Qonun 3 oydan keyin, yaʼni 2024-yil 8-noyabrdan kuchga kiradi, unga qadar joylarda targʻibot, tushuntirish va tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.

    Huquqlarni eʼtirof etish hududlar boʻyicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli maʼlumotlarni va hujjatlarni kelishish Kadastr agentligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu tizimga 15 ta vakolatli tashkilot ham tegishli maʼlumotlarini kiritadi. Toʻplangan hujjatlarning toʻliqligi va qonuniyligi viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tekshirib chiqiladi. Ularning natijalari mahalla burchaklari, Kadastr agentligining sayti orqali jamoatchilikka eʼlon qilinadi. Ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga SMS-xabarnoma yuboriladi. U asosida bir martalik toʻlovni amalga oshirganlarga har chorakda Xalq deputatlari viloyat kengashi qarori bilan huquqlar eʼtirof etiladi.

    Prokuratura, ichki ishlar, agroinspeksiya, ekologiya, kadastr organlari qonunni amalga oshirishda davlat nazoratini oʻrnatadi. Shuningdek, qonunda jamoatchilik nazoratiga alohida eʼtibor qaratilgan. Yaʼni, xalq deputatlari tuman kengashlari qarori bilan har bir mahallada jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi. Bu guruhlarga mahalla joylashgan okrugdan saylangan tuman kengashi deputati, mahalla raisi va faol fuqarolar kiritiladi.

    Usmonjon Qodirov,

    Davlat kadastrlari palatasi

    Fargʻona viloyati boshqarmasi jamoatchilik

    bilan aloqalar shoʻbasi bosh mutaxassisi.