Oʻzingsan Vatanning jamoli, oʻzbekning farishta ayoli

    Ayol – bashariyat gultoji, benazir xilqat. Ayol – borliq koʻzgusi. Uning nafis goʻzalligi olamni charogʻon etadi, chunki uning niyati pok, oʻzi pok. Barchalarimizga ayonki, onalarni, ayol zotini eʼzozlash el-yurtimiz uchun azal-azaldan ezgu qadriyat boʻlib kelgan.

    Biz mehr-muhabbat va odamiylikning ilk saboqlarini aziz onalarimizdan, ularning beshigimiz uzra parvona boʻlib aytgan alla ohanglaridan olamiz. Darhaqiqat, biz hayotimiz mazmuni boʻlgan sevgi va sadoqat, mehr-muhabbat, nazokat va latofat kabi eng nozik, sirli tuygʻularni Yaratganimizning beqiyos moʻjizasi boʻlmish ayol zotisiz aslo tasavvur eta olmaymiz.

    Insoniyat taraqqiyoti davomida ayolga Islom dinidek katta eʼtibor bergan birorta din yoki tamaddunni koʻrgan emas. Islom dini ayol haqida soʻz yuritar ekan, uni oliy maqom va yuksak ehtirom egasi oʻlaroq tasvirlaydi. Islomda ayol kishi haq-huquqlari taʼminlangan va burch-vazifalari belgilab berilgan toʻlaqonli shaxs hisoblanadi. Islom insoniyatga jismoniy tuzulish, tabiat, his-tuygʻu, orzu-umid, salomatlik, ehtiyoj va zaruratlar borasida bir butun mukammal inson sifatida qaraydi.

    Qurʼoni karimning 35 ta sura va 100 dan ortiq oyatida ayol soʻzining ishlatilishi va suralardan biri aynan “Niso” yaʼni “Ayollar” deb nomlanishi va unda ayolning mavqei, uning hayotdagi oʻrni, haq-huquqlari batafsil bayon etilishi ayollarga boʻlgan eʼtiborning yorqin misolidir.

    Vuqaddas islom dinimizda onaga yaxshilik qilish borasida juda koʻp buyruqlar va onani dilini ogʻritmaslik haqida koʻpgina qaytariqlar mavjuddir. Birgina misol keltiramiz. Alloh, taolo “Isro” surasining 23-oyatida marhamat qilib aytadi: “Robbingiz faqat Uning Oʻzigagina ibodat qilishingizni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga “uff” dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi soʻz ayt!” Bu jumlaning “uf” soʻziga bogʻliq ikki hil maʼnosi bor. Birinchi maʼnosi-ota-onaga yomon soʻz aytib, behurmat qilma, degani boʻlsa, ikkinchi maʼ­nosi-ota-onang oldida “uf” dema, ular, bolam ogʻip holga tushibdi, deb ozorlanadilar, deganidir.

    Ota-onangga hech bir ozorni ravo koʻrma! Qanday yaxshi soʻz boʻlsa, oʻshani ota-onangga ravo koʻr!

    Hadisi shariflarda ayollar xususida shunday keltiriladi: Rasululloh sallollohu alayhi vasallam sahobalardan biriga aytadilar: “Onangni lozim tut, Albatta jannat uning qadamlari ostidadir”.

    Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida, bugungi kunda butun dunyo mamlakatlari uchun taalluqli dolzarb tashabbuslarni ilgari surganligi nafaqat yurtimizda balki, xalqaro darajadagi ekspertlar tomonidan ham alohida eʼtirof etilmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan gender tengligi va xotin-qizlarga eʼtibor masalasiga alohida urgʻu berilgani mamlakatimizda keyingi toʻrt yilda bu borada olib borilayotgan ishlarni dunyo ahliga namoyish etdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Yaxshi bilamiz, mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi oʻrni va taʼsirini oshirish soʻnggi toʻrt yilda barcha davlat dasturlarining ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilanmoqda. Bu borada Oʻzbekiston va BMTning maqsadlari ham mushtarak. Yaʼni gender tengligi, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlarining doimo ajralmas va eng asosiy tamoyillaridan biridir. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ham “Qayerdaki siyosiy va ijtimoiy hayotda xotin-qizlar faol ishtirok etayotgan boʻlsa, oʻsha joyda iqtisodiyot oʻsmoqda, barqarorlik mustahkamlanmoqda va fuqarolarning farovonligi yuksalmoqda”, deya bejiz taʼkidlagani yoʻq.

    Prezidentimiz Oʻzbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetgani, mamlakatimiz parlamenti ayol deputatlari soni boʻyicha dunyodagi 190 ta milliy parlament oʻrtasida 37-oʻringa koʻtarilganligini alohida gʻurur bilan taʼkidlab oʻtdilar.

    Oʻzini, oʻzligini anglagan odam yoʻqki, ayolni eʼzozlamasa. Ayni damda jamiyatda xotin-qizlarning oʻrni beqiyos. Fidoyiligi, qobiliyati bilan barchani hayratga solayotgan ayollar safi esa muttasil ravishda kengayib bormoqda. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi oʻrni va taʼsirini oshirish soʻnggi toʻrt yilda barcha davlat dasturlarining ustuvor yoʻnalishlari sifatida kiritib borilmoqda. Bugun respublika davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1400 ga yaqin xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib bormoqda. Ularning ulushi sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmat sohasida 82 foizni, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat va sanʼat sohasida 72 foizni, qishloq xoʻjaligida 45 foizni, sanoatda 38 foizni tashkil etmoqda.

    Ayni paytda esa, keng jamoatchilikning eʼtiboridagi yana bir masala bir qator tumanlarda ayollar hokim sifatida ish boshlanayotganidir. Albatta, tarixda boʻlmagan bunday evolyutsion oʻzgarishga munosabat turlicha boʻlishi tabiiy. Ammo barcha sohalarda yetuklikka erishib kelayotgan opa-singillarimiz bu borada ham chinakam Toʻmarislar avlodi ekanini amalda namoyish qilishadi. Buyuk bobokalonimiz Amir Temur bir-necha yillik safarlarda boʻlgan paytlarida saltanat barqarorligini taʼminlashga Bibixonimning qoʻshgan hissasini eslatsak, fikrimiz yana-da asoslanadi

    Prezidentimiz joylardagi ijtimoiy muammolarni hal etishga oid tadbirkorlik tashabbuslarini, ayniqsa, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berish zarurligini taʼkidladi. Bu esa ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlib qolgan, ammo oʻz gʻoyasi va tashabbusiga ega ayollar hayoti farovonligi oshishida yana bir muhim yoʻnalish boʻladi. 2020-yilda 5,5 ming nafar xotin-qizning kichik biznes yoʻnalishidagi loyihalariga ajratilgan 100 milliard soʻm miqdoridagi imtiyozli kredit yana minglab qizlar va ayollar uchun yangi ish oʻrinlari yaratishga zamin boʻldi.
    Ayolga boʻlgan yuksak hurmat va ehtirom – bu avvalo oilaga, jamiyat kelajagiga, Vatan taqdiriga boʻlgan cheksiz eʼtibor ifodasidir.

    Millat darajasini shu millat ayolining darajasi belgilaydi. Chunki xalq ayoldan baland boʻlolmaydi. Negaki, xalq ayolning mahsulidir. Oʻzbekdagi: “Alpni ham, olimni ham ona tugʻadi”, degan hikmat bejiz emas.

    Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov oʻz sheʼrlarida ayolni buyuk xilqat sifatida eʼtirof etgan.

    Dunyoga keltirding onamcan,

    Men uchun tengi yoʻq olamcan.

    Yoritding hamisha yoʻlimni,

    Cevikli qizimcan bolamcan.

    Bormikan cendayin iboli,

    Oʻzbekning farishta ayoli.

    Cen ozod zamonga yetishding,

    Hur, obod davronga yetishding.

    Farzandlar yulduzdek parvona

    Ming yillik armonga yetishding.

    Oʻzingsan Vatanning jamoli,

    Oʻzbekning farishta ayoli.

    Shunday ekan, boshimizda toj boʻlib, xonadonlarimizni nurga toʻldirib bizning haqqimizga toʻxtovsiz duolarni qilib turgan volidai mehribonlarimizni, opa-singilarimiz, ayolimiz va qizlarimizni dillarini shod qilib, xizmatlarida bardavom boʻlib, ularni gʻanimat bilib eʼzozlashimiz har birimizning muqaddas burchimiz boʻlmogʻi lozim.

    Boʻri QODIROV,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boʻlim boshligʻi,

    tarix fanlari nomzodi, dotsent