“Parad”ni “ko'rik” desayam bo'ladi...

    Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat oʻz milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada, avvalo, madaniyati, azaliy qadriyatlari, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishni kun tartibiga qoʻymoqda.

    Shu maʼnoda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar yosh avlodni vatanparvarlik, milliy anʼana, qadriyatlarimizga muhabbat hamda sadoqat ruhida tarbiyalashda oʻzbek tilining ahamiyati tobora ortib borayotganini koʻrsatadi. Bu, oʻz navbatida, xalqimizning milliy ruhi va gʻururini yuksaltirish bilan birga, davlat tilini hayotimizda toʻlaqonli joriy etishga xizmat qiladi.

    Shu yil 12-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida oʻtgan Xavfsizlik kengashi yigʻilishida harbiy taʼlim tizimida boshlangan islohotlarni uzviy davom ettirish, oliy harbiy bilim yurtlari, litsey va kollejlar, jumladan, “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylari faoliyatini takomillashtirish, ularda taʼlim olayotgan oʻquvchilar qalbida asrlar davomida shakllangan milliy ruh, ona Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuygʻusini har tomonlama kuchaytirish, buyuk ajdodlar, jumladan, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Shohrux mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi sarkardalarning harbiy mahoratidan keng foydalanish muhimligi taʼkidlandi.

    Shundan kelib chiqqan holda mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga davlat tilini keng tatbiq etish hamda harbiy terminologiyani boyitish masalalari boʻyicha qator vazifalar belgilab berildi. Qolaversa, “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmonda taʼkidlanganidek, “Eng avvalo, ona tilimizning qoʻllanish doirasini kengaytirish, uning tarixiy ildizlarini chuqur oʻrganish va ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish bugungi kunda oʻta dolzarb masalaga aylanmoqda. Bu haqda gapirganda, birinchi navbatda, fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi oʻta muhim tarmoqlarda oʻzbek tili oʻzining haqiqiy oʻrnini egallashiga erishish, shu maqsadda zamonaviy darsliklar, etimologik va qiyosiy lugʻatlar yaratish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish oldimizda muhim vazifa boʻlib turganini qayd etish lozim”.

    Yaqinda mazkur vazifalarning amaliy ifodasi oʻlaroq, Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti homiyligida filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Dadaboyev va filologiya boʻyicha falsafa doktori (PhD) Hamid Yodgorov tomonidan “Oʻzbek harbiy terminologiyasi” nomli oʻquv qoʻllanmasi nashr etildi.

    Kitobda oʻzbek harbiy terminologiyasining shakllanish va taraqqiyot bosqichlari, xususan, Koʻk turk xoqonligi, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar, shayboniylar, Markaziy Osiyo xonliklari, chorizm, sobiq shoʻrolar va mustaqillik davri oʻzbek tili harbiy terminologiyasining rivojlanishiga turtki boʻlgan ijtimoiy shart-sharoit va omillar, harbiy terminlar tizimining taraqqiy etishida oʻzbek tili qatori boshqa tillarning oʻrni, istiqlol yillari oʻzbek harbiy terminologiyasida yuz bergan jarayonlar ochib berilgan.

    Oʻrxun-Enasoy runik bitiklari, xitoy va arab muarrixlari qalamiga mansub tarixiy asarlar shundan dalolat beradiki, qadimgi turkiy qabila va urugʻlar koʻpdan-koʻp harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etgan. Harbiy ish koʻpgina xalqlarda boʻlgani kabi koʻk turklar uchun ham umumxalq xarakteriga ega edi. Ular juda yoshlikdan harbiy ish bilan shugʻullana boshlagan. Harbiy mashgʻulotlar har bir fuqaro uchun majburiy hisoblangan. Natijada harbiy qurilish, harbiy ish va harbiy sanʼat bilan bogʻliq tushunchalarni ifodalovchi atamalar tizimi qadimgi turkiy tilda vujudga kelgan va faol qoʻllangan. Shu bois, oʻquv qoʻllanmada dastlab qagʻan — oliy bosh qoʻmondon vazifasini bajaruvchi; yabgʻu bosh qoʻmondon; shad yuqori harbiy-maʼmuriy rutbalardan biri; subashi — qoʻshin qoʻmondoni; aygʻuchi — harbiy maslahatchi; yogʻichi lashkarboshi, sarkarda; beglarbegi amir ul-umaro singari harbiy mansab, lavozim va unvonlarni ifodalovchi atamalar tadqiqiga eʼtibor qaratilgan.

    Shuningdek, tahlillar jarayonida lavozim egalarining faoliyati, jangu-jadallardagi ishtiroki, mansab pagʻonalaridan ilgarilab borishi kabi jihatlar ham yoritilgan. Harbiy lavozim va rutbalarning eng choʻqqisida oliy bosh qoʻmondon vazifasini bajaruvchi qagʻan, yaʼni davlat boshligʻi turgan. Aksariyat vaziyatlarda qagʻanning shaxsan oʻzi su lashkarga sardorlik qilgan, harbiy yurishlarda faol ishtirok etgan.

    Yurish chogʻida tarkib tajribali jangchilardan tanlanishi, aygʻoqchilar keltirgan maʼlumot asosida gʻanimga zarba berish, lashkargoh tanlashga alohida eʼtibor qaratish, hushyorlikni qoʻldan bermaslik, gʻaflatda qolmaslik, yovga nisbatan hiyla qoʻllash, gʻanim bilan yarashish imkoniyati paydo boʻlgan kezda undan foydalanish, bitimga kelishish singari masalalar muhim sanaladi. Ajdodlarimizning bu boradagi harbiy mahorati tushun (lashkargoh), yazak (ilgʻor qism), tutgʻaq (aygʻoqchi guruh), yoʻrtugʻ (soqchi otliq), al (hiyla), yarashgʻu (sulh), yariq (sovut), bosgʻu (yovni magʻlub etish), yalavoch (yelchi) atamalari tahlili orqali koʻrsatilgan.

    Qoraxoniylar saltanati qurolli kuchlari qurilishi masalalari Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig”, Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asarida ifodasini topgan. Mualliflar qayd etganidek, qoraxoniylar davlati qator uluslardan tashkil topgan boʻlib, ular elig yoki eligxon tomonidan boshqarilgan.

    Elig harbiy harakatlarda oʻz ulusidan yigʻilgan lashkarga sardorlik qilgan. Qoʻshin otligʻ va yadagʻ (piyoda)dan tashqari, oʻqchi — yoy otuvchi, yaʼni kamonchilardan shakllantirilgan. Harbiy qism — tutugʻlarda oʻnlik tizimi yetakchilik qilgan. Oʻn kishidan iborat boʻlim bir chodir — oʻtoqqa joylashgan, unga oʻtoqboshi boshchilik qilgan.

    Aksariyat hollarda oʻnta oʻtoq birlashtirilib, xayl, yaʼni yuzlik tashkil etilgan. Bunday boʻlinma oʻn oʻtoqboshi rahbarligida harakatlangan. Asosiy kuchlardan ancha oldinda aygʻoqchilik va razvedka ishlari bilan band boʻlgan otliqlar guruhi — tutgʻoq yurgan. Markaziy qism, yaʼni oʻrtu piyoda oʻq-yoychilar hamda ogʻir qurollar bilan jihozlangan soqchi guruhlar — yoʻrtugʻ yordamida kuchaytirilgan.

    Chingizxon boshliq moʻgʻul istilochilarining kuchli zarbalari ostida Xorazm va Movarounnahrdan siqib chiqarilgan Sulton Jaloliddin XIII asrning 20-yillarida Shimoliy Hindiston, Afgʻoniston, Eron, Kavkazorti, Iroq yerlarida qisqa muddatga boʻlsa-da, ajdodi Anushtegin asos solgan xorazmshohlar saltanatini oʻrnatishga muvaffaq boʻlgan edi. U tuzgan qoʻshinda rang-barang harbiy mansab va unvonlar tizimi mavjud boʻlgan. Bu haqda Shihobiddin Muhammad Nasaviyning Sulton Jaloliddin Manguberdi hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan asari guvohlik beradi.

    Xorazmshoh qoʻshinidabosh qoʻmondonlik vazifasi sipohsolorga, qoʻshinlar holatini nazorat qilish nozir ul-jayshga, yirik askariy qoʻshilmalarning sarkardaligi xon va amirlarga, oʻn ming otliqlardan tashkil topgan qismning qoʻmondonligi maliklarga, viloyat va shaharning harbiy ishlari voliy va shihnaga topshirilgan. Qalʼa, qoʻrgʻon, hisor mudofaasi kutvolga, qurol-yarogʻ ombori mudirligi silohdorga, ov uyushtirish amiri shikorga, sulton otxonasiga boshchilik qilish amiroxurga, besh yuz kishilik askariy birlashma — boʻlukka sarkardalik qilish sarhangga, sultonning tan soqchilari rahbarligi amir jondorga, qoʻshinning ilgʻor qismni boshqarish amir ul-yazakka ishonilgan. Qoʻshinda bor jangovar bayroqlarni koʻtarib yurish, ularni ehtiyot qilish bilan amir ul-alam, lashkar son-sanogʻini olish bilan muhtasib, sulton bahodirlari, yaʼni tan soqchilariga maosh ulashish vazifasi bilan jamakdor shugʻullangan.

    “Temur tuzuklari”da taʼkidlanishicha, harbiy sanʼat sir-asrorini bilgan, dushman safini parokanda qilish yoʻl-yoʻrigʻini yaxshi egallagan, mushkul paytlarda dadil harakat qiladigan, hech qanday toʻsiqdan tap tortmaydigan, qoʻshinda yuz berishi ehtimoldan xoli boʻlmagan tartibsizlikni vaqtida bartaraf eta oladigan yovqur va mohir jangchilargina lashkarboshilikka qoʻyilgan.

    Amir Temur tuzgan armiya oʻta intizomli boʻlib, sarkarda muhoraba chogʻi qoʻshin qismlarini sanʼatkorona boshqarishga, jang taqdiri hal boʻladigan joylarga harbiy kuchlarni oʻz vaqtida ustalik bilan yoʻllashga, har qanday toʻsiq va gʻovni tadbirkorlik bilan oshib oʻtishga, lashkarning jangovar ruhini zarur darajada saqlashga muyassar boʻlgan.

    Oʻquv qoʻllanmada yozilishicha, temuriylar saltanatida mahalliy sulola vakillari yoxud nomdor sarkardalarga davlat oldidagi xizmatlari evaziga dorugʻa lavozimi berilgan va ular nafaqat qalʼa, qoʻrgʻon yoki shaharning harbiy komendanti, shuningdek, muayyan hududning rahbari sifatida faoliyat yuritib, harbiy, fuqarolik va moliya masalalarida masʼul hisoblangan.

    Amir Temur, temuriylar va oʻzbek xonlari qoʻshinida oʻn ming askardan tashkil topgan korpus, diviziya qoʻmondoni maʼnosini ifodalashda tumanbegi bilan yonma-yon tuman amiri, tuman aqosi istilohlari ham qoʻllangan.

    Sohibqiron armiyasida 50 dan 100 (baʼzan 500) nafargacha jangchidan iborat harbiy boʻlinmalar ham mavjud boʻlib, ularga qoʻshunbegilar, tez harakat qiladigan otliqlar guruhiga ilgʻorbegi rahbarlik qilgan.

    Shu oʻrinda aytish kerakki, qoʻshinning boʻlim, boʻluk (polk) va tuman (diviziya)larga boʻlinishi, ularning har biri uchun muayyan bichim va rangdagi kiyim (forma)larning joriy etilishi singari yangiliklar keyinchalik yevropalik xalqlar tomonidan oʻzlashtirilgan.

    Bobur va boburiylar davrida harbiy faoliyat, jang usullarining xos shakllari amal qilgan. Bu, oʻz navbatida, muayyan harbiy atamalar tizimini shakllantirgan: cherig, lashkar (qoʻshin), xossa tobi (asosiy qism), boʻy (shaxsiy gvardiya), toʻlgʻama (otliq askarlar), tura (odam boʻyiga barobar keladigan qalqon), otgʻuvchi (oʻqchi), sipoh (askar), moʻgʻulcha navkar (askar), argʻamchi (qoramol terisidan tayyorlangan arqon), yayogʻ (piyoda).

    Mualliflarning taʼkidlashicha, Zahiriddin Muhammad Boburning son jihatdan katta boʻlmagan cherigida oʻt sochuvchi tufak//tufang, miltiq bilan qurollangan tufangandoz, miltiqchi va miltiq otquvchi deb ataladigan askarlar ham xizmat qilgan.

    Boburning Hindiston hukmdori Ibrohim sulton bilan 1526-yili Panipatda kechgan jangida tufangandozlarga odam boʻyi barobar tura hamda arqonlar bilan bir-biriga bogʻlangan 700 ta arava ortida joylashib, dushmanni va uning jangovar fillarini oʻqqa tutishdek muhim taktik vazifa yuklatilgan. Tufangandozlar shayboniylar va uch xonlik qoʻshinida ham faoliyat yuritgan.

    Markaziy Osiyo xonliklarida qurolli kuchlarni boshqarishning oʻziga xos tizimi shakllangan. Bu davrda karnaychi, surnaychi, nogʻorachi, naychi, dovulchilardan iborat harbiy musiqachilar harbiy yurishning boshlanishi, qoʻshinning harakati hamda erishilgan zafarlardan aholini xabardor qilish vazifasini ham ado etgan.

    Buxoro amirligida harbiy mansablar pillapoyasidan otaliq — bosh qoʻmondondan keyin qoʻshbegi, undan soʻng harbiy maslahatchi — inoq joy olgan. Naqib inoqdan keyingi rutba boʻlib, oʻz navbatida parvonachidan yuqori turgan. Mansablar pillapoyasining beshinchi poyasidan qarovulbegi, oltinchisidan miroxur, yettinchisidan esa toʻqsoba oʻrin egallagan. Amirlikda, shuningdek, toʻpchiboshi, yasavulboshi, jibachi, qurchiboshi, chuhra aqosi kabi istilohlar bilan atalgan harbiy amaldorlar faoliyat yuritgan.

    Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimidagi qism va boʻlinmalar, Ichki ishlar vazirligining ichki va qorovul qoʻshinlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizligi xizmatining harbiylashtirilgan qismlari va chegara qoʻshinlaridan tashkil topgan. Qoʻshinlar qoʻllanishining strategik va taktik jihatidan kelib chiqib, Qurolli Kuchlar tuzilishi asosi Oʻzbekiston Respublikasini himoya qila oladigan qoʻshinlar va maxsus qoʻshinlarni tuzishga qaratilgan. Bular quruqlikdagi qoʻshinlar, harbiy havo kuchlari, harbiy havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari, maxsus qoʻshinlar, muhandislik-quruvchilik qoʻshinlari, Ichki ishlar vazirligining ichki va qorovul qoʻshinlari, Davlat xavfsizlik xizmatining harbiylashtirilgan qismlari va chegara qoʻshinlari singari birikma atamalar bilan yuritilmoqda.

    Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida mavjud unvonlar qoʻshin va kema tarkibidagi unvonlarga boʻlinadi. Shundan kelib chiqqan holda oʻquv qoʻllanmada qayd etilgan guruhlardagi oddiy askar (oddiy askar, matros, dengizchi), serjantlar (III darajali serjant, II darajali serjant, bosh starshina) hamda ofitserlar (leytenant, kapitan, polkovnik, general, armiya generali) tarkibi bilan bogʻliq harbiy atamalar sharhi ham eʼtibordan chetda qolmagan.

    Hozirgi oʻzbek atamashunosligi tarkibi qurol turlari nomlarini anglatuvchi istilohlar hisobiga kengaymoqda. Chunonchi, kitobda ularning nomlari quyidagi tarzda aks etgan: oʻqotar qurol, mina, torpeda va raketali qurol, reaktiv qurol, yadro quroli, kimyoviy qurol, bakteriologik (biologik) qurol, sovuq qurol, talafot yetkazish xususiyatlariga koʻra: ommaviy qirgʻin quroli; shikast yetkazuvchi oddiy qurol; bajaradigan jangovar vazifalarning miqyosiga koʻra, strategik; operativ-taktik; taktik qurol; qoʻllanish maqsadiga koʻra: bir maqsadli – samolyotga qarshi, tankka qarshi, suv osti kemasiga qarshi, koʻp maqsadli, majmuiy qurol; xizmat koʻrsatadigan insonlar soniga koʻra: shaxsiy qurol, guruh quroli; oʻt ochish jarayonining avtomatlashtirilganlik darajasiga koʻra: avtomat(ik), yarim avtomat(ik), avtomatlashtirilmagan; bevosita shikast yetkazuvchi vositalarning nishon tomon harakati mobaynidagi trayektoriyani oʻzgartirish imkoniyati mavjudligiga koʻra: boshqariladigan, boshqarilmaydigan singari terminlar.

    Bundan tashqari, bugun harbiy faoliyatda qoʻllanayotgan xorijiy oʻzlashma terminlarning oʻrniga oʻzbekcha muqobillari ham tavsiya qilingan. Masalan: aygʻoq — razvedka, koʻrik — parad, boʻlma — kayuta, boʻlik — polk, ellikboshi — vzvod komandiri, koʻlam — masshtab, mingboshi — brigada komandiri, oʻnboshi — boʻlim komandiri, oʻqsochar — pulemyot, oʻron — parol, qopqoq — lyuk, qumbura — bomba, soqchi — patrul kabi.

    Maʼlumotlardan koʻrinib turibdiki, oʻzbek harbiy terminlar tizimining shakllanishi koʻhna tarixga borib taqaladi. Bunda, birinchidan, oʻzbek tilida qadimdan mavjud boʻlgan terminlarning keyingi davrlarda qoʻllanishda davom etgani, ikkinchidan, yangi terminlarning yuzaga kelish jarayonlarini hisobga olish maqsadga muvofiq.

    Qolaversa, Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish tizimida, shuningdek, harbiy idora hamda muassasalardagi meʼyoriy hujjatlar, ichki qoida, nizomlar, koʻrgazmali qurollar, targʻibot materiallarini davlat tili talablariga moslashtirish, xalqimizning harbiy merosi, tarixiy-harbiy terminlarni oʻrganish, harbiy sohadagi atamalarning oʻzbek tilidagi muqobillarini topish, yangi lugʻatlar va qomuslar tayyorlash kabi masalalar harbiy tuzilmalar faoliyatida davlat tili soʻz boyligidan toʻliq hamda toʻgʻri foydalanish, uning harbiy til sifatidagi nufuzini oshirish imkonini beradi.

    Baxtiyor ABDUSHUKUROV,

    Alisher Navoiy nomidagi

    Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti

    fakultet dekani, filologiya fanlari doktori, professor