Parlament diplomatiyasi – tashqi siyosatning muhim vositasi

    2015 – 2019-yillar davomida hamkorlik guruhlari jami 28 davlatning qonunchilik organlari bilan ishlagan boʻlsa, hozir ular soni 51 taga yetdi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqimiz va yurtimiz manfaatlaridan kelib chiqib yuritayotgan ochiq, do'stona va pragmatik tamoyillarga asoslangan tashqi siyosat mintaqada, dunyoda tinchlik va taraqqiyotni ta'minlash, o'zaro do'stlik, hamkorlik rishtalarini mustahkamlashda muhim omil bo'layotir. Bu jarayonda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish bo'yicha ham amaliy qadamlar tashlanayotgani mahalliy va xorijiy ekspertlar tomonidan e'tirof etilmoqda.

    Xususan, parlamentimizning xalqaro parlamentlararo tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorligi yurtimizdagi keng qamrovli islohotlarga mos ravishda sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarilmoqda. Parlament diplomatiyasi bir qancha yo'nalishlarda faollashib borayotganini kuzatish mumkin.

    Birinchidan, 2020 yilda Oliy Majlis palatalari kengashlari tomonidan xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishda parlamentning rolini yanada kuchaytirish maqsadida Parlament diplomatiyasi kontseptsiyasi qabul qilindi. Ushbu kontseptsiyada xorijiy parlamentlar bilan aloqalarni faollashtirish, ularning qonun ijodkorligi tajribasini bevosita o'rganish, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar faoliyatida Oliy Majlisning faol ishtirokini ta'minlash, yurtimizdagi islohotlar jarayonidan xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish, mamlakatimiz tashabbuslarini ilgari surish kabi ustuvor vazifalar belgilandi.

    Ikkinchidan, Oliy Majlisning xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik bo'yicha guruhlari va komissiyalari ishini faollashtirish va amaliy munosabatlarni kengaytirish choralari ko'rilishi natijasida ularning faoliyati yanada jonlandi.

    Bugungi kunda parlamentlararo hamkorlik guruhlari xorijiy davlatlar qonun chiqaruvchi organlari bilan aloqalarni rivojlantirish maydoni vazifasini o'tamoqda, chet ellik hamkorlar bilan ochiq, konstruktiv va jonli muloqot qilishning qulay mexanizmiga aylanmoqda. Xususan, 2015 – 2019 yillar davomida hamkorlik guruhlari jami 28 davlatning qonunchilik organlari bilan ishlagan bo'lsa, hozir ular soni 51 taga etdi. Jumladan, 50 ta davlat va Evropa Ittifoqi parlamentlari bilan hamkorlik guruhlari tashkil qilindi. Jumladan, 50 ta davlat va Evropa Ittifoqi parlamentlari bilan hamkorlik guruhlari tashkil qilindi.

    Uchinchidan, O'zbekistonning xalqaro shartnomalardagi majburiyatlari bajarilishida parlamentning nazorat funktsiyalari tobora kuchaymoqda. Jumladan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bajarilishi, Inson huquqlarini himoya qilishda Qonunchilik palatasi rolini oshirish, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari ijrosini tashkil etish ishlari parlamentimiz tomonidan alohida nazoratga olindi.

    To'rtinchidan, parlament diplomatiyasi xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama va ko'p tomonlama hamkorlikning turli shakllarida amalga oshirilmoqda.

    Pandemiyaga qaramay, 2020 yil mobaynida Qonunchilik palatasida qator rasmiy uchrashuvlar o'tkazildi. 14 deputatning chet eldagi saylovlarda kuzatuvchi, xalqaro tadbirlarda ishtirokchi sifatida safarlari uyushtirildi.

    Qayd etish joizki, koronavirus pandemiyasi davrida ham Qonunchilik palatasining xorijiy mamlakatlar bilan parlamentlararo aloqalari izchil davom ettirilib, 34 ta onlayn xalqaro tadbir tashkil qilindi.

    Jumladan, AQSH Davlat departamenti, Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi, AQSH Kongressi huzuridagi Xel`sinki komissiyasi hamda Global jalb qilish institutining rasmiy vakillari ishtirokida din va e'tiqod erkinligini ta'minlash masalalari bo'yicha videokonferentsiya, “BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi va Inson huquqlari qo'mitasi misolida BMTning ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalarini amalga oshirishda parlamentning roli” mavzuidagi xalqaro onlayn parlament forumi o'tkazildi.

    Joriy yil 6 aprelda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi spikeri Pak Byon Sok bilan yuzma-yuz uchrashuv va muloqot o'tkazilgani parlament diplomatiyasiga yana bir misol bo'la oladi.

    Ushbu uchrashuvlar parlamentimizning mamlakatimiz tashqi siyosatiga doir muhim masalalarni hal etishdagi ishtirokini kengaytirish, parlamentlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirish imkonini bermoqda.

    Xulosa shuki, so'nggi yillarda parlamentimiz mamlakat tashqi siyosatining faol ishtirokchisiga aylandi. Parlament diplomatiyasining geografiyasi kengayib, natijadorligi oshmoqda. Ushbu holat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda uzviy aloqalarni o'rnatish imkonini yaratib, davlatlararo do'stona munosabatlarni mustahkamlashga har tomonlama yordam beradi.

    Qodir JO'RAEV,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo

    aloqalar qo'mitasi raisi o'rinbosari

    O'ktam ISLOMOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati