PEDAGOGIK TA’LIM KLASTERI — ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasining amaliy mexanizmi

    Yangiliklarni qabul qilish hamma davrlarda ham oson kechmagan. Ayniqsa, u ta’lim-tarbiya, ilm-fan bilan bog‘liq bo‘lsa, ilmiy jamoatchilik tomonidan tabiiy savollarga tutilishi muqarrar.

    Jamoatchilikning mavjud an’analar qobig‘idan chiqib, yangiliklarni qabul qilishida hafsalasizlik, yuzaki qarashlar, stereotiplardan voz kecha olmaslik bilan bog‘liq psixologik jarayonlar ham mavjud. Bunday vaziyatlarda taqdim etilayotgan g‘oya, taklif yoki loyihalar sharh va izohni talab qiladi.

    Chirchiq davlat pedagogika universitetining asosiy strategik ilmiy tadqiqot yo‘nalishiga aylangan “Pedagogik ta’lim innovasion klasteri modeli” uzluksiz ta’limni rivojlantirishda hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish bilan bog‘liq yangilik sifatida ushbu jarayonni boshidan kechirmoqda. Shu munosabat bilan pedagogik ta’limga klaster modelini tatbiq etish g‘oyasi muallifi, Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori, O‘zbekston Respublikasi fan arbobi, professor Gʻofurjon Muhamedov bilan pedagogik ta’lim klasteri, uning mazmun-mohiyati, ilmiy-nazariy asoslari va amalga oshirish mexnizmlari borasida suhbatlashdik.

    — Bugungi kunda mamlakatimizda yo‘lga qo‘yilgan uzluksiz ta’lim tizimi uning bo‘g‘inlari o‘rtasida integrasion jarayonlarni ham mazmunan, ham shaklan ta’minlashni talab qiladi. Bu borada shu paytgacha tizimda muayyan ishlar amalga oshirilgan, albatta. Ammo ta’lim ijtimoiy jarayon sifatida har doim jamiyat talablariga muvofiq o‘zgarishlarni, yangilanishlarni talab qiladi. Tizimdagi ta’lim bo‘g‘inlari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishga zaruratni qanday izohlaysiz?

    — Mamlakatimizda ta’lim tizimining mustaqillik yillaridagi faoliyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu davr mobaynida ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilganining guvohi bo‘lamiz. Aytish joizki, ta’lim turlari o‘rtasidagi aloqa va uzviylikning ta’minlanishida mazmun va shakl bilan bog‘liq ayrim kamchiliklar ham kuzatildi. Bu esa, pirovardida, maqsadni belgilashdagi tarqoqlikka, ta’lim turlari o‘rtasidagi integratsiyaning sustlashuviga va ta’lim sifatining pasayishiga sabab bo‘ldi. Hali-hanuz ta’lim turlari o‘rtasidagi munosabat, hamkorlik mexanizmlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishning optimal modeli taklif qilingan emas. Kadrlar tayyorlash bo‘yicha davlat siyosatida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining o‘ziga xosligi, ehtiyojlarning to‘liq hisobga olinmasligi, mehnat bozoridagi talab va taklifning chuqur o‘rganilmasligi natijasida kadrlarning hududlar kesimidagi taqsimotida muvozanatning buzilishi ham kuzatilmoqda. Buning natijasida ayrim hududlarda pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj qondirilmasdan kelmoqda.

    Davlatimiz rahbari ta’lim borasida bildirgan fikrlarida sohada uzviylik va uzluksizlikni ta’minlash, ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini takomillashtirish, ta’limiy hamkorlik muammolariga innovasion yechimlar ishlab chiqish lozimligini bir necha bor ta’kidlagan. Ayni shu munosabat bilan Chirchiq davlat pedagogika universiteti pedagogik ta’limda ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlashning amaliy mexanizmi sifatida Pedagogik ta’lim innovasion klasterini o‘zining strategik ilmiy tadqiqot yo‘nalishi sifatida belgilagan.

    O‘zbekiston sharoitida uzluksiz ta’lim tizimida shunday yangi mexanizm yaratilishi hayotiy zaruratga aylandiki, unda ta’lim turlari o‘rtasida o‘zaro nazorat yo‘lga qo‘yilishi, sog‘lom raqobat ta’minlanishi, manfaatlarning sifatli qondirilishiga erishish talab etiladi. Oliy pedagogik ta’limning jamiyat barqaror rivojlanishidagi yuqori ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda zamonaviy talablar, tizimdagi muammolar va ularni hal qilishda ta’lim, fan va ishlab chiqarish tarmoqlari o‘rtasidagi tarqoqlik uzluksiz pedagogik ta’limni klaster rivojlanish modeliga o‘tkazish zaruratini taqozo etmoqda. Bu borada Chirchiq davlat pedagogika institutida pedagogik ta’limni klasterlashtirishning ilmiy-nazariy asoslari va uning amaliy jihatlari tadqiq qilinmoqda.

    — Demak, siz rahbarlik qilayotgan Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta’lim turlari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini klaster modeli asosida takomillashtirish universitetning strategik ilmiy tadqiqot yo‘nalishi sifatida belgilangan. Tajribadan ma’lumki, klaster modeli iqtisodiyotning ishlab chiqarish tarmoqlarida samarali hisoblanadi. Ushbu modelni ta’lim tizimiga tatbiq qilish, sizningcha, nazariy jihatdan qanchalik to‘g‘ri va asosli?

    — Dunyo tajribasida ta’limni klasterlashtirish modeliga o‘tkazish bilan bog‘liq tajribalar mavjud. AQSHning Massachusets va Garvard universitetlarida iqtisodiyot tarmoqlarida mavjud ishlab chiqarish jarayoni ketma-ketligi ta’lim klasterlarida inson kapitalining bozor mexanizmlaridagi ekvivalenti sifatida modellashtirilgan. Darhaqiqat, iqtisodiyotning ishlab chiqarish tarmoqlarida quyidagi universal algoritm (zanjir) amal qiladi: xom ashyo – xom ashyoga ishlov berish – mahsulot – bozor – xaridor.

    Iqtisodiyotdagi klaster modeli ishlab chiqarish zanjiridagi mazkur halqalarni yagona sub’yekt ostida birlashtirish orqali mahsulot tannarxini arzonlashtirish va sifatini yaxshilashni, pirovardida, ishlab chiqarish sub’yektining raqobatbardoshligini oshirishni nazarda tutadi.

    Ishlab chiqarishning universal algoritmi kadrlar tayyorlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi soha – uzluksiz ta’lim tizimida ham mavjud. Zero, uzluksiz ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimining xom ashyosi ham, mahsuloti ham insondir. Ta’lim tizimda ishlab chiqarishning universal algoritmi mana bunday ko‘rinishda bo‘ladi: tarbiyalanuvchi (MTT)-o‘quvchi (UM)-talaba (OTM)-o‘qituvchi-ta’lim muassasasi-iste’molchi

    Pedagogik ta’lim innovasion klasteri mazkur ta’lim bosqichlarini yagona umumiy maqsad atrofida birlashtirish, ular o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini xususiy manfaat tamoyiliga muvofiq takomillashtirish, ta’limga bilvosita aloqador sub’yektlar: mahalla, mahalliy hokimliklar, ota-onalar va keng jamoatchilikning imkoniyatlarini ta’lim sifatini oshirishga yo‘naltirishni nazarda tutadi.

    Iqtisodiyotning ishlab chiqarish tarmoqlaridagi universal algoritmni ta’lim tizimiga tatbiq etish mumkinligi pedagogik ta’limni klaster rivojlanish modeliga o‘tkazish g‘oyasining nazariy jihatdan to‘g‘riligini tasdiqlaydi.

    — Suhbatimiz keng gazetxonlar jamoasiga tushunarli bo‘lishi uchun siz taklif qilayotgan pedagogik ta’lim klasteri modelining mazmunini qisqacha sharhlab bersangiz.

    — Pedagogik ta’lim klasteri muayyan ijtimoiy-geografik hududning raqobatbardosh pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini sifatli qondirish maqsadida bir-biri bilan o‘zaro manfaatli aloqadagi teng huquqli alohida sub’yektlar, texnologiyalar va ishchi kuchlarining integratsiyalashuvini ta’minlovchi mexanizm hisoblanadi. Soddaroq qilib aytsak, pedagogik ta’lim klasteri modeli ta’lim turlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni manfaatlar xususiyligi tamoyiliga muvofiq takomillashtirishni, pedagogik ta’limga targ‘ibot ishlarini vorisiylik tamoyiliga muvofiq rivojlantirishni, ta’lim muassasalarida o‘zaro nazoratga asoslangan hamkorlik shaklini qaror toptirishni nazarda tutadi.

    Bilasiz, fanda “tizim” tushunchasi bor. Klaster mazmun-mohiyati bilan o‘zaro hamkorlikka asoslangan tizim tushunchasiga yaqin keladi. Ammo klasterning oddiy tizimdan farqli jihatlari mavjud. Bu maxsus, o‘ziga xos tizim bo‘lib, elementlarni qo‘shish bilan uning ishi yaxshilanadi, ammo olib tashlash bilan halokatli oqibatlar kuzatilmaydi.

    Biz tadqiqotlarimiz natijasida bugungi kunda klasterning tizimdan farqli jihatlarini aniqlashtirdik. Ular quyidagilardan iborat:

    Birinchidan, tizim elementlarining har biri alohida vazifani bajarsa-da, ammo ular muhimlik darajasiga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Klaster tarkibidagi elementlar esa teng huquqli komponentlardan tashkil topadi.

    Ikkinchidan, tizim tarkibidagi elementlardan birining ishlamasligi butun tizimning nuqsonli ishlashiga yoki ishlamasligiga sabab bo‘ladi. Klaster tarkibidagi elementlardan birining ishlamasligi samaradorlikni pasaytirishi mumkin, biroq qolgan elementlarning faoliyatini to‘xtatib qo‘ymaydi.

    Uchinchidan, tizimni mexanik aloqadorlik asosida ham tashkil qilish mumkin, ammo klaster tarkibidagi elementlar ongli, tabiiy va maqsadli aloqadorlikka asoslanadi.

    To‘rtinchidan, tizimni tashkil qiluvchi elementlarda har doim ham xususiy manfaatdorlik talab qilinmaydi, ammo klasterda xususiy manfaatdorliksiz sub’yektlar ishlamaydi.

    Beshinchidan, tizimda yagona maqsad mavjud va har bir element o‘sha maqsadga bo‘ysundirilgan bo‘ladi. Klasterda esa yagona maqsaddan (umumiy maqsaddan) tashqari har bir elementning xususiy maqsadi ham bo‘ladi. Sub’yektlarning xususiy maqsadlari umumiy maqsaddan kam ahamiyatga ega emas.

    Oltinchidan, tizimni alohida qismlardan iborat butunlik, klasterni esa alohida butunliklardan iborat butunlik, deyish mumkin.

    Ta’lim klasteri o‘zida nafaqat ta’lim turlari o‘rtasidagi, balki fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyalashuv jarayonlarini, shuningdek, ta’limni boshqarish, ta’lim vositalari va shakllari bilan bog‘liq sohalarni ham jamlaydi. Klaster yondashuvi ta’lim berish, o‘quv adabiyotlarini yaratish, pedagog kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, ta’lim va tarbiya uzviyligi bilan bog‘liq umumiy yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi. Bu esa muammoning umumiy metodologik xarakterga ega ekanini ko‘rsatadi. Ayni paytda bu umumiy yo‘nalishlar ta’limni boshqarish va tashkillashtirish, ta’lim turlari va yo‘nalishlari, uzviylik va integratsiyani ta’minlash, o‘qitish metodlari va vositalari kabi yo‘nalishlarda xususiy metodologik xarakter kasb etadi. Bu esa muammoning yechimiga nisbatan deduktiv (umumiylikdan xususiylikka kelish) usulda yondashish maqsadga muvofiq ekanligini ko‘rsatadi.

    — Siz aytayotgan hamkorlik mexanizmlari bugungi kunda ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash shaklida amaliyotda mavjud. Shunga qaramasdan, klaster hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishga qanday zarurat bor edi?

    — Juda o‘rinli savol berdingiz. Bu sizning pedagogik ta’lim klasteri modelining mohiyati borasida men aytayotgan fikrlarni anglayotganingizni bildiradi.

    Mamlakatimizda sodir bo‘layotgan fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi tadrijini kuzatish bizga uning mazmunini zamon talablariga muvofiq takomillashtirish zaruratini paydo qilmoqda. Bu uchala sohaning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash va u orqali ta’limning fanga, fanning ishlab chiqarishga “xizmat qilishi”ga erishish, darhaqiqat, muhim. Ammo yillar davomida mazkur uchlikni o‘zaro uzviy bog‘laydigan, ularning hamkorligini ta’minlaydigan va integratsiyasini qaror toptiradigan samarali mexanizm ishlab chiqilmadi. Bizningcha, buning sababi, bu uchlikning har biri alohida tizim sifatida o‘zida bir qancha sub’yektlarni birlashtirishida ko‘zga tashlanadi. Birgina ta’lim tizimini olib qaraydigan bo‘lsak, unda ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi hamkorlik, munosabat masalalari, ta’lim mazmuniga qo‘yilayotgan talablar, vositalarni zamonaviylashtirish, o‘qitish metodikasini takomillashtirish bilan bog‘liq juda ko‘plab masalalar mavjudki, ularni yo‘lga qo‘ymasdan turib uchlik integratsiyasini ta’minlash qiyin. Ta’limdagi vertikal integratsiyalarni ta’minlamasdan ta’lim, fan va ishlab chiqarishga asoslangan gorizontal integratsiyani qaror toptirish mumkin emas. Demak, ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi bu uchlikning har birida mavjud bo‘shliqlarni to‘ldirishni talab qiladi. Birgina misol, oliy ta’lim muassasalari va umumiy o‘rta ta’lim maktablari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari va mahalla, ta’lim muassasalari va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qilishning aniq mexanizmlari ishlab chiqilmagan.

    Pedagogik ta’lim klasteri mazkur bo‘shliqlarni to‘ldirishga, ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlashga yordam beruvchi model sifatida taklif qilinmoqda.

    — Klaster modelida hamkor sub’yektlar masalasi muhim hisoblanadi. Pedagogik ta’lim klasterida qanday ijtimoiy institutlar hamkor sub’yektlar sifatida qaraladi?

    — Pedagogik ta’lim klasteri sub’yektlari sifatida muassasalarning ta’limiy, ilmiy, uslubiy faoliyatining sifatini oshirishga xizmat qiladigan barcha davlat va nodavlat tashkilotlarini tushunish mumkin. Klaster modeli har biri alohida faoliyat olib borayotgan sub’yektlarni umumiy maqsad atrofida birlashtiradi va ayni paytda, har bir sub’yekt umumiy maqsaddan kelib chiqqan holda xususiy manfaatdorlikda ish yuritadi. Klaster modeli sub’yektlari bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi va nazorat qiladi, har biri alohida klasterning ma’naviy va intellektual maydonini yaratadi, o‘zaro ijtimoiy ta’siri hamda ahamiyatini kengaytiradi.

    Pedagogik ta’lim klasteri sub’yektlari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin: barcha turdagi maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, oliy ta’lim muassasalari va pedagogik kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalari, pedagogik faoliyatga bevosita yoki bilvosita aloqador bo‘lgan va uning rivojlanish tamoyillarini belgilaydigan ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy va ilmiy-metodik tuzilmalar, markazlar, ilmiy tadqiqot institutlari, pedagogik hamjamiyatlar, tashabbuskor jamoalar, jamoat birlashmalari, davlat va nodavlat tashkilotlari, xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot markazlari, oila, mahalla va mahalliy hokimliklar.

    Pedagogik ta’lim klasteri sub’yektlari, asosan, aloqadorlik nuqtai nazaridan vertikal, faoliyat shakli nuqtai nazaridan gorizontal strategiyaga asoslanadi. Maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim, oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqich nuqtai nazaridan quyidan yuqoriga qarab vertikal joylashadi. Ammo bu ularning darajasini va mavqeyini belgilamaydi. Ularning har biri teng maqomga ega bo‘lib, gorizontal strategiya bo‘yicha faoliyat olib boradi. Demak, pedagogik ta’lim klasteri sub’yektlari o‘z manfaatidan kelib chiqqan holda ixtiyoriy shaklda klaster sub’yekti sifatida qayd qilinishi yoki qayd qilinmasligi ham mumkin.

    Sub’yektlarning bir paytning o‘zida bir nechta strategik faoliyat olib borishi va uning fokusini klasterning ham umumiy, ham xususiy maqsadlariga to‘g‘rilash ancha murakkab jarayon hisoblanadi. Bu murakkablikni ilmiy va amaliy nuqtai nazardan hal qilish klasterlashtirish jarayonining asosiy sharti hisoblanadi. Xuddi shu nuqtada pedagogik ta’lim klasteri ilmiy tadqiq qilishga va hayotiy amaliy yechimlarga zarurat sezadi.

    Sub’yektlarning o‘zaro aloqalari hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosi sifatida ta’lim tizimini shakllantirish doirasida hamda oliy ta’lim muassasalarining tegishli fakultetlari va kafedralari bilan yaqin aloqada amalga oshiriladi. Pedagogik ta’lim klasteri sub’yektlari o‘rtasida oliy ta’lim muassasalari markaziy bo‘g‘inni egallaydi. Bu vertikal strategiya bo‘yicha quyi va yuqori bo‘g‘inlar o‘rtasida o‘zaro salohiyat, axborot, texnologiya va innovatsiyalarni uzatish, sozlash, muvofiqlashtirish jarayonida ko‘zga tashlanadi.

    – Tushunishimizcha, pedagogik ta’lim klasteri o‘zining ilmiy-nazariy asoslariga, tadqiqot yo‘nalishlariga va uni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlariga ega model sifatida ilmiy jamoatchilikka taqdim qilinmoqda ekan. Chirchiq davlat pedagogika universitetining ushbu strategik ilmiy tadqiqot loyihasi qanday ta’limiy tamoyillarga asoslanadi?

    – Pedagogik ta’lim klasterining aniq maqsad va vazifalarini belgilash, faoliyat chegaralarini oldindan ko‘ra bilish uchun uning qanday tamoyillarga asoslanishi haqida aniq xulosalarga kelib olish lozim.

    Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’lim siyosatining tamoyillari va mavjud shart-sharoitdan kelib chiqqan holda pedagogik ta’lim klasterining tamoyillari takomillashtirildi. Ularning ayrimlari ta’lim tizimida yondashuv, shakl yoki mazmun hodisasi sifatida mavjud. Chunki pedagogik ta’lim innovasion klasteri mamlakatimizda amalda bo‘lgan ta’lim tizimiga muqobil yangi ta’lim modeli emas. Ushbu modelni mavjud tizimni takomillashtirishga qaratilgan yangicha yondashuv sifatida tushunish maqsadga muvofiq bo‘ladi va bu biz taklif qilayotgan tamoyillarni tushunishga, amalda qo‘llashga yordam beradi.

    Pedagogik ta’lim klasterining tamoyillari quyidagilardan iborat:

    Tabiiy aloqadorlik tamoyili: klaster sub’yektlari o‘rtasidagi hamkorlik, aloqadorlik masalasining tabiiyligi, ya’ni bog‘liqlik masalasining hududiy, sohaviy yoki vazifaviy jihatdan ob’yektivligidir.

    Uzviylik va uzluksizlik tamoyili: klaster sub’yektlarining o‘zaro bog‘liqlikda zanjir hosil qilishi, zanjirni hosil qiluvchi har bir bo‘g‘in o‘zining aniq vazifalariga ega ekanligi, uzluksizlik zanjirida bo‘shliqlarga yo‘l qo‘yilmasligidir.

    Izchillik tamoyili: klaster sub’yektlarining vertikal yagona chiziq bo‘ylab joylashuvi, bunda quyidan yuqoriga, oddiydan murakkabga qarab bosqichma-bosqich harakatlanish tendensiyasiga amal qilinishidir.

    Vorisiylik tamoyili: klasterning avlodlar almashinuvidagi roli, tyutorlik faoliyati, pedagogik ta’limni klasterlashtirish natijasida sub’yektlarning malakali pedagog xodimlarga bo‘lgan ehtiyojining muntazam qondirilishiga erishishdir.

    Yo‘naltirilganlik tamoyili: klaster doirasida amalga oshirilayotgan har bir faoliyat turining aniq maqsadga yo‘naltirilgani, kutilayotgan natijalarning oldindan chamalash va baholash imkoniyatining mavjudligidir.

    Zamonaviylik tamoyili: sohaga oid zamonaviy ilm-fan yutuqlarini tizimga joriy qilish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zlashtirish, axborot-kommunikatsiya va raqamli texnologiyalardan oqilona foydalanish.

    Maqsadning umumiyligi tamoyili: klaster sub’yektlarining xususiy maqsadlaridan tashqari global aspektdagi yagona maqsad atrofida birlashuvi.

    Manfaatlarning xususiyligi tamoyili: pedagogik ta’lim klasteri modelida har bir sub’yektning huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan manfaatdor bo‘lishi.

    O‘zaro nazorat tamoyili: klaster modeli doirasida birlashgan ta’lim sub’yektlarining o‘zaro yagona tizimni hosil qilishi va bu tizimning nuqsonsiz ishlashidan har bir sub’yektning manfaatdor ekanligi, ma’lum sub’yektda yo‘l qo‘yilgan xato yoki kamchilik boshqa sub’yektlarning faoliyat samaradorligiga ta’sir ko‘rsatishi, sub’yektlar faoliyatini o‘zaro baholash tizimining yo‘lga qo‘yilishidan iborat.

    Ushbu tamoyillardan kelib chiqqan holda pedagogik ta’lim klasterini yaratishda bir nechta muhim yo‘nalishlarni belgilab olish mumkin bo‘ladi. Ular quyidagilardan iborat: birinchidan, klaster sub’yektlari o‘rtasida umumiy maqsadning mavjudligi; ikkinchidan, sub’yektlarning birgalikdagi faoliyatining huquqiy asosga egaligi; uchinchidan, klaster doirasida birlashgan sub’yektlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlar tizimi; to‘rtinchidan, boshqaruv mexanizmining muvofiqlashtirilganligi, beshinchidan, sub’yektlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning umumiy maqsaddan chekinilmasligi; oltinchidan, sub’yektlar o‘rtasida o‘zaro nazorat tamoyiliga amal qilish.

    – Ustoz, pedagogik ta’lim klasteri qanday afzalliklari bilan sohani rivojlantirishga xizmat qiladi, deb o‘ylaysiz?

    – Pedagogik ta’lim klasteri modeli komponentlariga berilgan sharh va izohlardan kelib chiqib, u quyidagi afzalliklarni ta’minlaydi, degan xulosaga kelish mumkin:

    birinchidan, qo‘yilgan vazifani yechishda, ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil qilishda ta’lim klasteri sub’yektlarining o‘ziga xos xususiyatini inobatga olgan holda umumiy boshqaruvni tashkil qilish;

    ikkinchidan, ta’lim klasterida umumiy boshqaruvni tashkil qilish orqali o‘zaro nazorat tamoyilining ishga tushishi natijasida klaster sub’yektlaridagi muammoli jihatlar va zaif bo‘g‘inlarni aniqlash, muammolarni tashkiliy jihatdan birgalikda hal etish imkoniyatiga ega bo‘lish;

    uchinchidan, ta’limda klaster yondashuvi o‘zaro integratsiyaga imkon beradi, ya’ni har bir ta’lim muassasasi klaster sub’yekti sifatida o‘z faoliyatini umumklaster manfaatlariga, ayni paytda o‘zining manfaatlariga moslab tashkil qiladi, bu bilan tizimning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

    Ta’lim tizimiga nisbatan bu kabi yangicha yondashuvlarni tatbiq qilish ilgari pedagogika sohasida o‘rganilmagan yoki yetarli darajada o‘rganilmagan yangi hodisalarni, shuningdek, innovasion yondashuvlarni joriy etish va tarqatishga to‘sqinlik qilayotgan sabablarni aniqlash imkonini beradi.

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri

    Risolat MADIYЕVA suhbatlashdi.