Pedagoglar har besh yilda bir marotaba ishdan ajralgan holda malaka oshiradi

    Maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini kasbiy rivojlantirishning vertikal tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

    Qarorga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini kasbiy rivojlantirishning quyidagi tartibi joriy etiladi, jumladan:

    maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini kasbiy ehtiyojlari va malaka toifasidan kelib chiqib tabaqalashgan taʼlim dasturlari asosida uzluksiz kasbiy rivojlantirishning vertikal tizimi (vazirlik – malaka oshirish muassasasi – taʼlim tashkiloti) yoʻlga qoʻyiladi;

    maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlarining xodimlari uchun 5-yilda bir marotaba ishdan ajralgan holda oʻtkaziladigan malaka oshirish kurslari joriy qilinadi.

    2025-yil 1-yanvardan pedagog va mutaxassis kadrlar kasbiy rivojlanishining uzluksizligini taʼminlash maqsadida barcha umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida malaka oshirishning “Kasbiy rivojlanish soati”, tayanch umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida esa, shuningdek, “Kasbiy rivojlanish kuni” kabi shakllari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

    2024-yil 1-iyuldan maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarining xorijda malaka oshirish kurslarida oʻqiganligi yoki stajirovkadan oʻtganligi haqidagi hujjatlari (diplom, sertifikat, guvohnoma va boshqalar) milliy uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimida malaka oshirganlik toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadi.

    2025-yil 1-yanvargacha Institut va Hududiy markazlarga kamida bir nafardan nufuzli xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarini bitirgan chet ellik mutaxassislar jalb qilinadi.