Pedagoglarni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlashni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutiladi

    Mamlakatimizda 17 Fevral 2023 1016

    Joriy yil 16-fevralda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda senatorlar, ekspertlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining tegishli doimiy komissiya raislari, vazirlik va idoralar masʼullari, Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirda Senatning navbatdagi yalpi majlisi doirasida muhokamasi rejalashtirilayotgan qonunlar koʻrib chiqildi. Jumladan, “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

    Taʼkidlanganidek, bugungi kunga qadar davlat hisobidan yuridik yordam faqat jinoyat ishlarini yuritishda koʻrsatilib, maʼmuriy va fuqarolik ishlarida nazarda tutilmaganligi, yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlarni jalb etishning shaffof mexanizmi joriy etilmaganligi, shuningdek, ushbu sohani muvofiqlashtiruvchi yagona organning belgilanmaganligi kam taʼminlangan fuqarolarning Konstitutsiyada kafolatlangan malakali yuridik yordamdan toʻliq foydalana olmasligiga, korrupsiyaviy omillar paydo boʻlishiga olib kelib, byudjet mablagʻlarining sarflanishi ustidan samarali nazorat oʻrnatilishiga toʻsqinlik qilayotgan edi.

    Senatorlar tomonidan ushbu Qonun nafaqat yuqorida qayd etilgan muammolarni bartaraf etishga qaratilganligi bilan, balki inson huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish, fuqarolarga sud jarayonlarida ishonchli himoyalanish imkoniyatini yaratishi bilan ahamiyatli ekanligi taʼkidlandi.

    Yana bir muhim qonun “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun qizgʻin muhokama etildi.

    Majlisda pedagoglarni kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan tadbirlarga noqonuniy jalb etish holatlari oz boʻlsada, ammo uchrab turganligi taʼkidlandi. Jumladan, pedagog xodimlar hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar va masalalarni hal etish uchun tuzilgan koʻplab ishchi guruhlar tarkibiga asossiz kiritilayotganligi, ulardan turli hisobot va maʼlumotlar talab etilayotganligi qayd etildi.

    Mazkur qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga pedagog xodimlarni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma kiritilyapti.

    Muhokamalar davomida vazirlik va idora masʼullari, Yoshlar parlamenti aʼzolari mazkur qonunlar yuzasidan oʻz fikr va mulohazalarini bildirdilar.

    Majlis yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.