Poytaxtimizda birinchi Yaponiya—O'zbekiston forumi qizg'in davom etmoqda

    Mehmonlar ko'rgazma maydoniga kirgani hamon Yaponiyaning o'ziga xos muhitini his etdi.

    Keyingi yillarda Toshkent shahri itisodiy salohiyati va qurilish ishlari ko'lami jihatidan Markaziy Osiyo shaharlari orasida yetakchilar qatoridan joy olmoqda. Ayniqsa, poytaxtimizning tobora rivojlanib borayotgan investitsion imkoniyatlari hamda biznes muhiti jahon mamlakatlarida qiziqish uyg'otib, ularni Toshkenti azim tomon chorlamoqda. Shahrimiz esa, o'z navbatida, investorlar uchun qulay va teng sharoitlar yaratib beryapti. Bu yerda tashkil etilayotgan xalqaro tadbirlar, biznes forum va ko'rgazmalar mamlakatimizni dunyo xalqlarining biznes vakillari bilan bog'lamoqda.

    Bu galgi yirik biznes tadbir mehmonlari yaponiyalik ishbilarmonlar bo'ldi. Ular poytaxtimizdagi “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazidagi Kongress-xollda kutib olindi. Va mehmonlar mamlakatimizda ilk bor o'tkazilayotgan Yaponiya—O'zbekiston xalqaro ekspo-forumining ochilish marosimida ishtirok etishdi. Uch kunga mo'ljallangan forumda turli tashkilotlar vakillari, 100 ga yaqin yapon kompaniyalari qatnashmoqda.

    Xalqaro forum yurtimizga yaponiyalik investorlarni jalb etish, ular bilan panel muzokaralar olib borgan holda, hamkorlik aloqalarini kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Bu davlatimiz rahbarining 2019-yil dekabr oyida Yaponiya davlatiga rasmiy tashrifi davomida qabul qilingan hujjatlarda ham ko'zda tutilgan edi.

    — O'zbekiston va Yaponiya hamkorligi uzoq davrlarga borib taqaladi, ammo bu aloqalar oxirgi yillarda mutlaqo yangi, aniq loyihalarga asoslangan samarali bosqichga ko'tirildi, — deydi Toshkent shahar hokimligi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo'limi boshlig'i Behzod Botirjonov. — Birgina misol, joriy yilning 6 oyi davomida Yaponiya va Toshkent shahri tashqi savdo aylanmasi 56 million dollarni tashkil etib, tashqi savdo aylanmasida mazkur davlatning ulushi ortib bormoqda. Shu yil birinchi yarim yillikda poytaxtimizda tashkil etilgan Yaponiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 41 taga etdi. Yaponiyalik hamkorlarimiz bilan turli sohalarda investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.

    Yaponiyalik hamkorlar uchun Toshkentning janubiy qismidan o'tuvchi Chirchiq daryosining o'zanini qisqartirish hisobiga amalga oshirilishi ko'zda tutilgan “Daryo bo'yi” loyihasi, YAngihayot tumanidagi 2,5 ming gektar maydonda tashkil etiladigan ma'muriy va ishbilarmonlik markazi hamda “Yangihayot” industrial texnoparki, poytaxtimizning o'ziga xos loyihasi bo'lishi kutilayotgan, milliy me'morchiligimiz va zamonaviy shaharsozlik yechimlarini o'zida uyg'unlashtirgan “Yangi O'zbekiston” loyihalarda ishtirok etish taklifi berildi.

    Yaponlar mamlakatimizga o'z-o'zidan investitsiya kiritayotgani yo'q. Sarmoyadorlar yurtimizning iqtisodiy imkoniyatlari, ishbilarmonlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni o'z talablari doirasida kuzatib, xolis va ijobiy bahosini bergani turgan gap. Diyorimizning iqtisodiy, investitsion imkoniyatlarini yillar davomida o'rgangan kunchiqar mamlakat tadbirkorlari bugun ularning erkin ishlashi uchun sharoit borligi, huquqlari kafolati qonun bilan himoyalanganiga ishonch hosil qilgani uchungina yirik loyihalarga qo'l urmoqda.

    Yaponiya—O'zbekiston xalqaro forumi ana shunday istiqbolli loyihalar sonini oshirishga sharoit yaratadi. Tadbir ikki davlat tadbirkorlarini o'zaro bog'lovchi muloqot maydoniga aylandi. Forum doirasida bir qancha tadbirlarni o'tkazish rejalashtirilgan bo'lib, yirik anjuman ochilish marosimidan so'ng “Japan-uz Expo — 2022” ko'rgazmasi bilan o'z ishini davom ettirdi. Unda sanoat, ishlab chiqarish, turizm, umumiy ovqatlanish va xizmat ko'rsatish, konsalting hamda kadrlar tayyorlash sohalarida o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yishga qaratilgan loyihalar taqdimoti o'tkazildi.

    Yaponiyalik tadbirkorlar ko'rgazma maydonining o'zlariga ajratilgan bo'limlarida maxsus stendlarni o'rnatib, mahsulotlarini namoyishga chiqardi. Mehmonlar ko'rgazma maydoniga kirgani hamon Yaponiyaning o'ziga xos muhitini his etdi. Mamlakatning milliy liboslari, taomlari hamda dorivor giyohlaridan tayyorlangan choy va damlamalari bizga ham begona emas. Ammo yaponlar faqat taomlari bilangina dunyoga tanilmagan. Ular sanoat, ishlab chiqarish, innovatsion texnologiyalar yaratish borasida jahonda yetakchilar qatorida turadi. Bu millat, hatto, milliy hunarmandchilik namunalariga ham innovatsiyalarni joriy eta olgan. Ular yurtimizga yangi hamkorlarni topish, O'zbekiston bozoriga kirish hamda bizning mahsulotlarimizni import qilish bo'yicha shartnomalar imzolash maqsadida kelganini ta'kidladi.

    — O'zbekistonga kelib, bu yerda barcha sohalar rivojlanganiga guvoh bo'ldim, — deydi Yaponiyadagi “Sansho” korxonasi rahbari Masaki Akazava. — Ayniqsa, odamlarning mehmondo'stligi, iliq munosabati menda katta taassurot qoldirdi. Bunday xalqaro tadbirlar har ikki davlat ishbilarmonlari uchun manfaatli bo'ladi. Hech bo'lmaganda, o'zaro tajriba almashib, yangi hamkorlar bilan tanishamiz. Bizning kompaniyamiz sanoat chiqindilarini qayta ishlaydi. Hozirgi vaqtda, katta shaharlar iqtisodiyoti, shaharsozligi rivojlanib, sanoat korxonalari soni ortib boryapti. Bunday jarayonda sanoat chiqindilarini to'g'ri taqsimlab, qayta ishlash dolzarb masalalardan sanaladi. Albatta, chiqindilarni qayta ishlashda eng oxirgi texnologiyalardan foydalanamiz. Ular bizga bir kunda 30 tonna chiqindini qayta ishlash imkonini beryapti. Ko'rgazmada ana shu zamonaviy texnologiyani taklif etyapmiz. Ushbu loyihani O'zbekistonda ham amalga oshirishni maqsad qilganmiz.

    Xalqaro ko'rgazmadan ko'zlangan maqsad ham turli sohalardagi eng yangi texnologiyalar va ishlanmalarni targ'ib qilish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini o'rnatish, bitimlar tuzish va natijada yangi loyihalarni amalga oshirishdan iborat. Bunda davlatlarning o'zaro yakdillik, do'stlik munosabatlari asosiy jihatga aylanishi muhim.

    Yaponiya—O'zbekiston xalqaro ekspo-forumida shunday muhit yaratilganini payqash qiyin emas. 24-sentyabrga qadar davom etishi ko'zda tutilgan tadbir davomida ikki davlat ishbilarmonlari ishtirokida B2B shaklidagi muzokaralar ham o'tkazilmoqda. Ular qo'shma investitsion loyihalarni ishlab chiqish va o'zaro manfaatli aloqalarni o'rnatish bo'yicha katta formatdagi kelishuvlarga asos bo'lishi kutilmoqda.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri