Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi hamda O'zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi tomonidan tashkil etildi.
-Ushbu simpozium haykaltaroshlik san'ati orqali ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish mavzusini xalqimiz ongiga chuqurroq singdirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, Toshkent shahrining madaniy muhiti va badiiy-landshaft qiyofasini rivojlantirish uchun marmardan haykaltaroshlik asarlari yaratish, xorijlik haykaltaroshlar bilan samarali ijodiy hamkorlik, tajriba almashish uchun qulay shart-sharoitni yuzaga keltirish maqsad qilingan -dedi, Simpoziumni kirish so'zi bilan ochib bergan, O'zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.
Ma'lumot o'rnida aytib o'tish joizki, bu galgi simpoziumda Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Argentina, Hindiston, Turkiya, eron, Rossiya, Gruziya va Belarus` kabi davlatlardan 10 nafar xorijiy va 11 nafar o'zbekistonlik haykaltaroshlar ishtirok etmoqda.
Simpozium davomida tajribali haykaltaroshlar tomonidan urbanizatsiya, «yashil» rivojlanish, iqlim o'zgarishi, Orol fojiasi oqibatlari haqida monumental va dekorativ asarlar yaratiladi. Qolaversa, xorijlik va mahalliy professional haykaltaroshlar ishtirokida mahalliy yoshlar uchun «master-klass»lar tashkil etiladi, ekoturistik ob'ektlar, istirohat bog'lari, «yashil park»larda ekologik targ'ibot monumentlari o'rnatiladi. Simpozium bir oy davom etadi.
Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi birinchi bor 2022 yilda Samarqand shahrida bo'lib o'tgan edi.
Gulichehra DURDIEVA,
"Yangi O'zbekiston" muxbiri