Uzumchilik sanoatini rivojlantirishda Fargʻona davlat universiteti tajribalariga ishonch bildirilmoqda

    Fikr 14 Iyul 2021 1943

    Yurtimiz zamini serhosilligi va tabiiyligi bilan dong taratgan. Darhaqiqat, har bir dehqonni roʻzgʻorini tebratayotgan tuprogʻimiz mehnat qilib, ter toʻkkanning boshini silaydi, daromadiga daromad qoʻshadi. Ayniqsa, zahmatkash oʻzbek dehqonlari yetishtirgan, quyoshda oltinday jilo taratuvchi shirin-shakar uzumlarga hatto, jahon bozorlarida talab katta.

    Shu bois, davlatimiz rahbari uzumchilik sanoatiga alohida eʼtibor qaratib, yaqinda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida xalqimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyati, gʻururi va daromad manbaiga aylangan ushbu tarmoqni ilgʻor tendensiyalar asosida rivojlantirish zarurligi xususida qaygʻurdi.

    Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, keyingi yillarda uzum mahsulotlariga boʻlgan talab kuchayib, uzumchilik sanoati tobora rivojlanib bormoqda. Xalqimizga yaxshigina daromad keltirayotgan uzumzorlar oxirgi toʻrt yil davomida 52 ming gektarga koʻpaygan va quvonarlisi, sohaga 210 milliard soʻm subsidiya mablagʻlari ajratilgan. Bugun Fargʻona viloyati misolida aytish mumkinki, qaysi bir xonadonga kirib borsangiz, tokning soya-salqiniga supacha qoʻyib, marvarid singari tovlanib turgan uzum boshlari ostida gurunglashib oʻtirgan odamlarni koʻrasiz.

    Xonadon chiroyiga koʻrk bagʻishlayotgan bu tokzorlarga, yaxshi parvarish qilingan uzumlarga qarab, ertangi daromadni aniq bilish mumkin. Bularning barchasi Davlatimiz rahbari boshchiligida bundan uch yil avval uzumchilik tarmogʻini kuchaytirish, tokzorlarni koʻpaytirish ishlariga alohida eʼtibor koʻrsatilganligi natijasi boʻldi. Chunki Prezidentimizning 2019-yil 6-7-may kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida mutasaddilarga Oltiariq tumanida 6000 gektar tokzor, Quva tumanida 2000 gektar anor, Quvasoy shahrida 2000 gektar gilos bogʻlarini tashkil etish vazifalari yuklatildi.

    Shu bilan bir qatorda, Oltiariq tumanida “Uzumchilik klasteri”ni tashkil etish chora-tadbirlari ham aniq belgilab berildi. Shuningdek, keyingi yillarda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish, sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida«gi Qarorlari viloyat dehqonlariga qanot bagʻishlagan holda, daromad manbai uchun dasturulamal boʻlib xizmat qildi. Buning natijasida 2020-yildan boshlab Fargʻona, Oltiariq tumanlarida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tajriba sinov uchastkalari tashkil etilib, mazkur hududlarda mahsulot yetishtirish va mahsulot sifatini nazorat qilish borasidagi yetuk mutaxassislar tayyorlash istiqbolli rejalari amalga osha boshladi.

    Prezidentimiz tashabbuskorligida yaratilayotgan bu shart-sharoit va imkoniyatlar fargʻonaliklarni yana-da yangi marralar sari chorlamoqda. Ayniqsa, uzumchilik va pillachilik sohasida mavjud muammolar va tarmoqni rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan selektor yigʻilishida davlatimiz rahbari tomonidan Vengriya yetakchi universiteti va Fargʻona davlat universiteti oʻrtasida soha mutaxassislarini tayyorlaydigan qoʻshma fakultet tashkil etish boʻyicha ham vazifalar belgilab berilishi kelgusida universitetning xalqaro faoliyatiga juda katta oʻzgarishlar olib kiradi. Endilikda bu hamkorlik ortidan yurtimizda uzumchilik sanoatini rivojlantirishda Vengriya tajribasi amalda qoʻllaniladi.

    Uzumchilikni rivojlantirishda ilmiy asoslangan texnologiyalarni yurituvchi yuqori malakali mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, 2020-2021 oʻquv yilidan Fargʻona davlat universitetida mevachilik va sabzavotchilik fakulteti tashkil etilgan. Fakultet tarkibida mevachilik va uzumchilik yoʻnalishi ochilib, hozirda 25 nafar talabalar taʼlim olmoqda. Hozirda birinchi bosqichni tamomlagan talabalarga universitetda mevachilik va uzumchilikni rivojlantirish istiqbollari boʻyicha nazariy bilim va koʻnikmalar berish bilan birga mazkur tarmoqqa ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari, klaster, qayta ishlovchi korxonalarda puxta amaliyot oʻtashlari taʼminlanmoqda.

    Viloyatning Oltiariq tumanida uzumchilik oʻquv tajriba xoʻjaligi tashkil etilib, talabalarga qulaylik yaratish maqsadida, fakultet binosi ham shu tumanga koʻchirilgan. Tajriba xoʻjaligida respublikamizda ekiladigan mahalliy va chetdan olib kelingan serhosil istiqbolli navlar kolleksiyasi yaratilmoqda. Kolleksiyalar talabalar bilimlarini oshirish bilan birga uzumchilik sohasi boʻyicha magistr va doktorantlarga ilmiy baza vazifasini oʻtaydi.

    Shu kunlarda Fargʻona davlat universiteti va qishloq xoʻjaligi sohasi boʻyicha Rossiyaning eng yirik oliy taʼlim dargohi boʻlgan Kuban davlat agrar universiteti oʻrtasida meva va sabzavot yetishtirish, bogʻdorchilik va uzumchilik sohasida hamkorlik aloqalari olib borilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad esa - yurtimizda bogʻdorchilik va uzumchilik tarmogʻini rivojlantirish, tomorqa yerlaridan unumli foydalanish boʻyicha hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish orqali aholi turmush farovonligiga xizmat qilish, uzumchilik sohasi taraqqiyotiga katta hissa qoʻsha oladigan yetuk kadrlarni tayyorlashdir.

    Qayd etish joizki, Prezident uzumchilik sanoatini rivojlantirishda Fargʻona davlat universiteti tajribalariga ishonch bildirar ekan, biz universitet jamoasi bu tashabbusdan kuch olib, nafaqat Vengriyaning universitetlari bilan, balki jahondagi eng yetakchi tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatamiz. Bunday ishonchli vazifa berilishi universitet olimlarida kelgusida jahon bozorida Oʻzbekiston tok koʻchatlari, uzumlari va uzum mahsulotlari birinchi oʻringa olib chiqadigan kadrlar tayyorlash masʼuliyatini ikki karra oshirdi.

    Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,

    Fargʻona davlat universiteti rektori,

    pedagogika fanlari doktori