Pulni boshqarish sanʼati

    Buning uchun bilim va koʻnikma zarur.

    Har bir oila aslida kichik bir jamiyat. Uning oʻz daromadlari, hisob-kitobi, kirim-chiqimlari bor. Ularni boshqarish, tartibga solish esa bir yoki bir necha kishining zimmasida boʻladi. Ammo oilaning umumiy farovonligi baribir undagi moliyaviy savodxonlik darajasiga borib taqaladi.

    Yaʼni oʻz moliyasini toʻgʻri boshqarish uchun zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlmaslik, daromadni behuda sarflash, mablagʻni kerakli joyga yoʻnaltira olmaslik iqtisodiy qiyinchiliklar, hatto kambagʻallikkacha olib borishi mumkin. Shu bois, yurtimizda aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan chora­tadbirlar qatorida jamiyatda moliyaviy savodxonlikni oshirish borasidagi saʼy­harakatlar ham faollashmoqda.

    Bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida moliyaviy savodxonlik, ayniqsa, muhim. Bu nafaqat moliya sohasidagi bilim va koʻnikmalarga ega boʻlish, balki aholining kundalik hayotdagi oddiy iqtisodiy hisob­kitoblardan tortib, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish, tijorat banklari kreditlaridan foydalanish kabi qator murakkab jarayonlarda ishtirok eta olish koʻnikmalarini nazarda tutadi.

    Mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash maqsadida koʻplab ish oʻrinlari yaratilyapti, kichik biznes va tadbirkorlikni qoʻllab­quvvatlash uchun imtiyozli kreditlar, subsidiyalar ajratilyapti. Joriy yil 25-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash va kichik biznesni qoʻllab­quvvatlash masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda oilaviy tadbirkorlikka yanada turtki berish maqsadida moliyaviy koʻmak koʻlami kengaytirilishi taʼkidlandi. 2022-yilda bu maqsadga qariyb 10 trillion soʻm imtiyozli kredit ajratilgan boʻlsa, bu yil oilaviy tadbirkorlik dasturi uchun 12 trillion soʻm yoʻnaltiriladigan boʻldi.

    Bunday sharoitda talabgorlarning imtiyozli kreditlarni olish jarayonlari bir jihat boʻlsa, mablagʻdan toʻgʻri foydalanib, ishni rivojlantirishi, qarzlarni oʻz vaqtida toʻlay olishi alohida masala. Moliyaviy savodxonlikka ega boʻlmagan inson buni uddalay olmaydi. Aholining moliyaviy jihatdan savodxon emasligi nafaqat shaxsiy farovonlikka, balki butun moliyaviy sohaga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Mana, nima uchun jamiyatda moliyaviy savodxonlikni oshirish muhim ahamiyatga ega.

    Buning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish ham hozirgi sharoitda dolzarb vazifalarimizdan biri. Odamlarga moliyaviy imkoniyatlarni toʻgʻri oʻlchash va masʼuliyatni his qilish boʻyicha bilimlarni oddiy shaklda yetkazish lozim. Ularga shaxsiy jamgʻarmalar, moliyaviy taʼminot, oʻzaro qarz munosabatlari haqidagi bilimlarni berish orqali oilaviy byudjetni toʻgʻri taqsimlash, pulni jamgʻarish va uni koʻpaytirish borasidagi tushunchalari oshirib boriladi. Chunki pul bilan toʻgʻri muomala qilolmagan, uni toʻgʻri taqsimlay olmagan inson moliyaviy mustaqillikka erisholmaydi.

    Aholi moliyaviy savodxonligining ijtimoiy ahamiyati ham bor. Chunki alohida shaxsning moliya borasidagi bilim va koʻnikmalari pirovardida, jamiyat iqtisodiy hayotining muvaffaqiyati va barqarorligini belgilab beradi. Masalan, fuqarolarning oʻz daromadlari va xarajatlarini aniq tasavvur qilmasligi yoki notoʻgʻri rejalashtirishi oqibatida kreditor qarzdorlik paydo boʻladi, savodsizlik moliyaviy piramidalar va firibgarliklar soni oshishiga olib keladi. Moliyaviy savodxonlikni yuksaltirishdan asosiy maqsad insonning farovonligi va hayot sifatini oshirish hisoblanadi. Biroq buning uchun u ixtiyoridagi iqtisodiy resurslardan, roʻy berishi mumkin boʻlgan voqea va hodisalar, vujudga kelishi mumkin boʻlgan shart­sharoitlardan oʻzi hamda jamiyat uchun manfaatli va samarali foydalanish borasida yetarli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishi lozim.

    Moliyaviy savodxonligimiz qay darajada?

    Bir necha yillik izlanishlarim va tadqiqotlar natijasida kambagʻallikni qisqartirishda aholining moliyaviy savodxonligini oshirish muhim, degan xulosaga keldim. Buni shakllantirish bir necha omillarga bogʻliq. Jarayonda barchasi — insonning yoshi va hayotiy taj ribasi, maʼlumoti, kasbiy faoliyat yoʻnalishi, iqtisodiy faollik darajasi, dunyoqarashi hamda qiziqishlari eʼtiborga olinadi.

    Bu borada tajriba tariqasida 14 ta moduldan iborat dastur ishlab chiqib, amaliyotda qoʻllayapmiz. Dastur “Moliyaviy savodxonlik”, “Kriptovalyutaga kirish” kurslari hamda “Moliyaviy parhez” marafonini oʻz ichiga oladi. Bugungi kunga qadar yurtimiz boʻylab 20 mingdan ortiq oʻquvchi ushbu kurslar orqali pulni tejash, passiv daromad manbalari, oila byudjetini shakllantirish va, albatta, sarmoya kiritish hamda investitsiya qilish boʻyicha bilimlarga ega boʻldi. Qolaversa, ortiqcha sarf­xarajatlar oqibatlari, madaniyatimizga singib ketgan dabdabali toʻylar oʻtkazish, keraksiz marosimlarga pul sarflash kabi odatlarning iqtisodiy zararlari haqida ham tushunchalar berilib, ularning qisqarishiga erishilmoqda.

    Tadqiqot doirasida oʻtkaziladigan soʻrovnoma ham jamiyatimizdagi moliyaviy savodxonlik darajasini aniqlashda asqatmoqda. 2020-yil avgust oyidan buyon har oy oʻtkazilayotgan soʻrovlarda 15 mingga yaqin shaxs qatnashdi. Ishtirokchilar sifatida 40 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan erkaklar va ularning turmush oʻrtoqlari tanlab olindi. Suhbatlar, asosan, internet tarmogʻi orqali oʻtkazildi, yordamga muhtoj yoki tarmoqqa ulanmagan respondentlardan esa javoblar telefon orqali qabul qilinadi. Tadqiqotda marketing agentligi yordamida jamlangan maʼlumotlar bazasidan foydalandik.

    Soʻrovnoma varagʻi hisoblash va foiz stavkalari bilan bogʻliq hisob­kitoblarni bajarish qobiliyati, inflyatsiya tushunchasi hamda xatarlarni diversifikatsiya qilish kabi savollardan iborat. Buning ichiga iqtisodiy tejamkorlik, investitsion qarorlarni qabul qilish kabilar ham kiradi.

    Masalan, koʻpchilik valyuta koʻrinishidagi shaxsiy jamgʻarmasini foizi muntazam koʻtariladi, degan fikrda yillar davomida jamgʻarib boradi. Ammo foiz stavkasining oshishi sodir boʻladigan inflyatsiya hisobiga deyarli foyda keltirmaydi. Masalan, bitta kompaniyaning aksiyalarini sotib olish investitsiya fondiga qaraganda xavfsizroq daromad keltiradi.

    Ishtirokchilarning bergan javoblari asnosida shaxs yoki oilaning moliyaviy savodxonlik darajasi baholanib, FinLit (Financial literacy) — uning indeksi hisob lab chiqildi. Afsuski, yakuniy natijalar aholining moliyaviy savodxonlik darajasi, ayniqsa, kam taʼminlangan oilalarda juda past ekanini koʻrsatdi. Bu esa kambagʻallikni qisqartirishda imkoniyati cheklangan oilalar aʼzolarini kasb­hunar va tadbirkorlikka oʻqitish bilan birga moliyaviy savodxonligini oshirish, soʻng kreditlar ajratish lozimligini anglatadi. Chunki moliyaviy savodxon inson daromadini toʻgʻri taqsimlay oladi va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday moliyaviy xavflarga tayyor turadi.

    Tizimga aylanayotgan jarayon

    Bu borada koʻplab loyihalar amalga oshirilib, muntazam treninglar tashkil etilyapti. Ammo tajribalar koʻrsatyaptiki, mazkur ishlarni aniq mexanizm asosida, tizimli olib borish zarur. Asosiysi, aholiga moliyaviy bilim va koʻnikmalar yoshi, yashash joyi, hatto mentalitetu qadriyatlariga bogʻlangan holda oʻrgatib borilishi muhim.

    Aytaylik, kundalik hayotimizda 99 foiz odamni moliyaviy ahvoli tashvishlantiradi va harakatlarining katta qismi shu masala bilan bogʻliq. “Bolamning bogʻchasiga pul toʻlashim kerak”, “yaxshi yedirib, yaxshi kiyintirishim kerak” kabi oʻy­fikrlar odamlarning yaxshiroq yashash, moddiy farovonlikka boʻlgan intilishini koʻrsatadi. Bu normal holat va har kimning moddiy ehtiyo ji ixtiyoriy talablaridan kelib chiqadi. Ammo doimiy farovonlikni istagan inson pul bilan toʻgʻri muomalada boʻlishni bilishi lozim.

    Xalqimizda “bolani pulga oʻrgatma”, “bolaning oldida pul haqida gapirma”, “pul bolani buzadi” kabi qarashlar bor. Men bu fikrlarga qoʻshilmayman. Ayniqsa, hozirgi davrda bolaga pul bilan qanday muomala qilishni oʻrgatmas ekanmiz, u ertaga moddiy qiyinchiliklarni yengib oʻta olmasligi, hayotda muvaffaqiyat, moddiy farovonlikka erishishga qiynalishi mumkin. Shu bois, oilada farovonlikni taʼminlash uchun nafaqat erkak, balki ayollar va farzandlarga ham pul jamgʻarish, uni toʻgʻri taqsimlash, sarmoya kiritish hamda moliyaviy mustaqillikka erishishni oʻrgatish lozim.

    Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan “Moliya va investitsiya savodxonligi” dasturi maʼqullangan. Dastur doirasida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari hamda noiqtisodiy yoʻnalishdagi oliy taʼlim tashkilotlari talabalari uchun “Moliyaviy savodxonlik” oʻquv kursini fan sifatida joriy etish belgilangan edi.

    Fargʻona viloyatida yangi oʻquv yilidan “moliyaviy savodxonlik” kursi fan sifatida kiritildi. Yurtimiz boʻylab moliyaviy savodxonlik darajasini oshirishga oid taʼlim tadbirlarini oʻtkazish ishlari ham faollashib boryapti. Ularga ilgʻor xorijiy oʻquv muassasalari va tadqiqot institutlari, moliya tashkilotlaridan yetakchi mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha amaliy va nazariy dasturlar ishlab chiqilgan. Minglab insonlar ana shu dasturlar asosida oʻqitilyapti.

    Qolaversa, aholi va tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy savodxonligini oshirish, moliyaviy xizmatlar va mahsulotlar, jumladan, kapital bozori hamda moliyaviy instrumentlar haqida xabardor qilish borasida mutasaddi tashkilotlar hamkorligi yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu chora­tadbirlarni yanada kengaytirish, yangi loyihalarni tatbiq etish, aholiga moliyaviy va investitsiyaga oid bilimlarni eng boshidan oʻrgatish orqali jamiyatda moliyaviy savodxonlik darajasini oshirishga erishish mumkin.

    Shohida Ibragimova,

    iqtisod fanlari doktori