Qadim qadriyatlar jamlangan goʻsha

    Azim Buxoro asrlar davomida jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshib kelayotgan va haqli ravishda shariflik maqomiga sazovor boʻlgan koʻhna hudud hisoblanadi.

    Azim Buxoro asrlar davomida jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshib kelayotgan va haqli ravishda shariflik maqomiga sazovor boʻlgan koʻhna hudud hisoblanadi. Bugun viloyatning qaysi goʻshasiga bormang, bunyodkorlik, yaratuvchanlikka guvoh boʻlasiz. Shahar va qishloqlar uzra yangilanishlar, oʻzgarishlar epkini esmoqda. El-yurt bunyodkorlik ogʻushida yashamoqda.

    Bunga birgina Buxoro tumani misolida qaraydigan boʻlsak, mazkur tuman hozirda tamomila yangicha qiyofaga ega. Hudud boʻylab sayr qilsangiz, nahotki ozgina fursatda, koʻzni quvnatib, dilni yayratadigan shuncha oʻzgarish va yangilanishlar roʻy bergan boʻlsa deya oʻylab qolasiz. Kechagi tumanni bugungisi bilan taqqoslab boʻlmaydi.

    2023-yilning 17-fevral kuni Prezidentimiz Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida mazkur tumanning Rabotiqalmoq mahallasida boʻlib, u yerdagi oʻzgarishlarni koʻrib, aholi hayoti bilan tanishar ekan:

    «Mahalladagi oʻzgarishlarni, sizning ishli boʻlganingizni koʻrib, xursand boʻldim. Bular – xalq ichiga kirib, xalq bilan birga qilayotgan saʼy-harakatlarimizning kichik bir natijasi. Agar hokimlik va tashkilotlar sharoit yaratib berolsa, har bir oila oʻzini eplab ketolsa, maqsadimga erishgan boʻlaman. Shunda katta oilamiz – davlatimiz ham mustahkam boʻladi» degan soʻzlarni bejizga aytmagan edi.

    Chindan ham, Buxoro tumanining Rabotiqalmoq mahallasida odamlarning favoron yashashi, tayinli ishli, daromadli boʻlishi, uchun barcha shart-sharoitlar va qulayliklar mavjud.

    Soʻnggi yillardagi islohotlar bois, mahallada oʻndan ortiq savdo-servis shoxobchalarining tashkil etilishi, tadbirkorlarga xizmat koʻrsatish markazining ish boshlashi, mahalla fuqarolar yigʻini binosining mukammal taʼmiri, “Otaxonlar choyxonasi”, mahalla kutubxonasi, sport maydonchasi va xiyobonlarning barpo qilinishi ham bugungi islohotlarning boʻychan bir koʻrinishi hisoblanadi aslida.

    Rabotiqalmoq mahallasida ilgari foydalanilmay yotgan, eski, qarovsiz maydonda katta bir tikuvchilik korxonasi ish boshlab, mahallaning 30 dan ziyod xotin-qizi ishli boʻldi. Ochilganiga unchalik koʻp vaqt boʻlmagan korxonaning 100 ming donadan ortiq trikotaj mahsulotlari uchun buyurtma qabul qilib, qizgʻin faoliyat olib borayotgani ham zamon talabi.

    Ayniqsa, mahalladagi “Sheyxon etno-markazi” faoliyati, undagi milliy anʼanalarning, qadimgi urf-odatlarning asl koʻrinishi koʻpchilikni befarq qoldirmaydi.

    — Tumanimiz viloyatning sayyohlik salohiyati boy hududlaridan biri hisoblanib, Buxoro shahriga yaqin masofada, xalqaro magistral yoʻl boʻyida joylashgan. Odamlarning yashash sharoitlarini yaxshilash, tayinli ishli, doimiy daromad manbaiga ega boʻlishi, oilasi bilan tinch-xotirjam yashashi uchun salmoqli ishlarni olib bormoqdamiz, — deydi tuman hokimi Anvarjon Ochilov. — 8 mingdan ziyod aholi yashaydigan Rabotiqalmoq mahallasi esa soʻnggi yillardagi yangilanishlar natijasida butunlay oʻzgacha qiyofaga ega boʻldi. “Sheyxan etno-markazi” va “Naqshband” hunarmandchilik markazlarining tashkil etilishi, nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlar oqimining koʻpayishiga ham sabab boʻlmoqda. “Sheyxan etno-markazi” yozgi va qishki hovlidan iborat. Loyiha qiymati 400 ming AQSH dollari boʻlgan bu maskan 15 sotix yerda barpo etilgan. Mahalliy turistik kompaniyalar bilan hamkorlikda etnomarkazni yangi turistik yoʻnalishga kiritish maqsad qilinganmiz. Eng asosiysi va qizigʻi, bu yerga keladigan xoh mahalliy, xoh xorijiy sayyoh boʻlsin, ushbu markaz faoliyatida bevosita oʻzi ham ishtirok etishi mumkin. Markazda milliy-etnik taomlar tayyorlash boʻyicha master-klasslar ham oʻtkaziladi. Hali bu yerda qilinadigan ishlar, maqsadli rejalarimiz, yangi loyihalarimiz juda koʻp...

    Buxoroning qadim goʻshalarini ziyorat qila turib, mazkur hududga borib qolsangiz, birinchi oʻrinda, bu maskanning tabiati, bugungi kunda kam uchraydigan majnuntol va qora tol daraxtlari sizni maftun etishi bor gap. Mahallada tashkil etilgan “Sheyxan etno-markazi”ning taʼrifi esa hech bir maqtovga sigʻmaydi. Xorijlik va mahalliy sayyohlarning sevimli maskaniga aylanayotgan bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan. Moʻjaz maskan yaqin kelajakda nafaqat viloyatning, balki respublikamizning koʻzga koʻringan yangicha turistik salohiyatini namoyon etuvchi koʻzgu boʻlishiga shubha yoʻq.

    Keling, shu yerda uzoq yillik tarixga ega aholi turmush-tarzi haqida qisqacha maʼlumot berib oʻtamiz. Bu hududda istiqomat qiluvchi aholi azaldan dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shugʻullanib kelgan. Eʼtiborli jihati, bu yerning oʻziga xos tarixi, qadimiy inshootlari, milliy urf-odatlari bugungi kunga qadar aslicha saqlanib qolgan. Etnik hududda turizm klasterini tashkil etishda shoʻrdanak, quruq mevalar, milliy shirinliklar, poliz ekinlari va hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash jarayonining avloddan-avlodga oʻtib kelishi kabi qadriyatlar muhim ahamiyat kasb etadi.

    Ushbu mahsulotlarni tayyorlashda qishloq ayollari har bir koʻchadan bitta xonadonda yigʻilishib, qadimgi urf-odatlar, milliy kuy-qoʻshiqlarni ijro etib, laparxonlik qilishadi. Qadimgi rivoyatlar va goʻzal qadriyatlarni yoshlar ongu-shuuriga singdirish jarayonida mehnat qilishni ham odat tusiga aylantirishgan. Sayyohlar uchun qishloq turmush tarzini namoyish etish boʻyicha, etnoturizm markazi, qoʻshimcha turistik xizmatlarni tashkil etish boʻyicha bir qancha ishlarni olib borishga kirishgan.

    Bu yerga kelganlar xalq amaliy sanʼatining mahalliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasi, folklor namunalari bilan tanishishi, qolaversa, milliyligimizni aks ettiruvchi juda koʻplab qiziqarli loyihalarda oʻzlari ham ishtirok etish imkoniga ega boʻladilar.

    Qolaversa, markaz hududida “jonli burchak”, yaʼni turli uy hayvonlarini parvarishlash va koʻpaytirish ham koʻzda tutilgan. Maskan yonida katta yashil bogʻ, soʻlim goʻsha har bir ekoturistik manzil sari oshiquvchilarga birday manzur boʻlmoqda.

    Bundan tashqari, odamlarga maʼnaviy-madaniy orom bagʻishlovchi yangi-yangi loyihalarning amalga oshirilishi ham koʻzda tutilmoqda. Shuning barobarida, hududda supermarket, dorixona, goʻzallik saloni, axborot markazi, tikuv sexi, turoperatorlik ofisi, pochta xizmati, avia va temir yoʻl chiptalari kassasi, suvenir doʻkoni kabi juda koʻplab xizmat koʻrsatish tarmoqlari mavjud.

    Qisqa va loʻndagina qilib aytadigan boʻlsak, “Sheyxan etno-markazi” koʻhna va azim Buxoroning kichik bir hududida joylashgan yangi turistik maskan. Barchani birday oʻziga chorlovchi, qadriyatlarimiz jamuljam boʻlgan goʻsha. Yoʻlingiz tushsa, albatta, boring, ketgan vaqtingizga, yurgan yoʻlingizga sira achinmaysiz.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri