Qadimiyatning fayziyob maskani

    3700 yoshli maskan sayyohlik yo'nalishiga kiritilsa...

    Xorazm haqida soʻz ketganda koʻz oldingizga darrov Xiva shahri kelishi, shubhasiz. Chunki Ichanqalʼadagi bir-biridan goʻzal qadimiy obidalar necha asrlardan buyon kishini maftun qilib keladi. Biroq, Xorazmda bu yerdagi obidalardan ham qadimiyroq ziyoratgohlar mavjudligi haqida koʻpchilik yaxshi bilmaydi.

    Vohaning eng koʻhna maskanlaridan biri Hazorasp qalʼasi sanaladi. Uning yoshini mahalliy olimlar 3700-yilga teng deb taxmin qilishadi. Tadqiqotchi Sergey Tolstov ham “Drevniy Xorezm” monografiyasida shunga yaqin maʼlumotni beradi. Yoqut Hamaviy, Al-Maqdisiy, Ibn Batuta kabi ilk oʻrta asr arab sayyohlari asarlarida ham Hazorasp Xorazmning Gurganjdan keyingi yirik shahri ekani taʼkidlanadi.

    Bugungi kunda Hazorasp qalʼasining xarobalari saqlanib qolgan boʻlsa-da, uning shundoq kunchiqar tomonida juda qadimiy ziyoratgoh oʻz mahobati va salobatini yoʻqotmagan holda qoʻr toʻkib turganiga guvoh boʻlishimiz mumkin. Bu maskan mahalliy aholi tilida “Shopir” qadamjosi deb nomlanadi.

    Mazkur muqaddas maskan toʻgʻrisida turli-tuman taxminlar mavjud. Kimdir bu yerda pirlar shohi dafn qilingan desa, yana kimdir boshqacha rivoyatlarni talqin qiladi. Xoʻsh, aslida Shopir ziyoratgohi kimning oxirat manzili sanaladi? Shu haqida qisqacha toʻxtalishni lozim deb topdik.

    Tarixiy manbalardan maʼlumki, qadimgi Xorazm ikki joʻgʻrofiy birlik: janubiy va shimoliy mintaqadan iborat boʻlgan. Shimoliy mintaqada markaz Kot shahri sanalsa, janubiy hududda Gurganj poytaxt hisoblangan. Biroq turli qarama-qarshiliklar, jang-suronlar natijasida Hazorasp qalʼasi ham maʼlum muddat xorazmshohlar uchun poytaxt vazifasini oʻtagan. Bu haqda bir qancha tarixiy bitiklar, jumladan, S.P.Tolstovning “Drevniy Xorezm” va Abulgʻozi Bahodirxonning “Shajarai turk” asarlarida aniq dalillar keltiriladi.

    Sharqshunos olim, marxum Abdulla Ahmedov, Roʻzimboy Olloyorov va Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla Abdullayevlarning izlanishlari natijasida maʼlum boʻlishicha, podshoh Abu Muharram Muhammad Muzrobshoh Xorazmiy Hazorasp shahrini 745-775-yillarda oʻziga poytaxt qiladi. U 705-yilda poʻstindoʻz hunarmand oilasida tugʻiladi. Uning otasi Muhammad Murod qoʻy terilaridan chiroyli poʻstinlar va sur telpaklar tikib, xalq hurmat-eʼtiborini qozongan mohir usta boʻlgan.

    Ularning oilasi oʻz ixtiyorlari bilan birinchilardan boʻlib islom dinini qabul qiladi va Muhammad alayhissalom pok sunnatlarini oʻzlarining xolis eʼtiqodlariga aylantirib, boshqalarni ham bu haq yoʻlga daʼvat qilganlar. Bolalikdan aql-farosatli boʻlib oʻsgan Muhammad Muzrob jismonan baquvvat yigit boʻlib yetishadi. U ov qilishga, ayniqsa, baliq ovlashga juda qiziqar edi. Shu sababli boʻlsa kerak, rivoyatlarda aytilishicha, Abu Muslim koʻpincha Muzrobshohga “Chavaqxoʻr Xorazmiy”, deb hazillashar, Muzrobshoh bundan ichida ranjisa ham oʻz xafachiligini oshkor etmas ekan.

    Oʻz davrida Xurosonda umaviylarga qarshi avj olgan Abu Muslim kurashi safida Muzrobshoh ham faol harakat qilib, abbosiylarning hukmronlikni qoʻlga kiritishiga munosib xizmat qilgan. Ammo abbosiylar Abu Muslimning xizmatlariga munosib javob qaytarmaydi: uning kuchayib ketishidan qoʻrqib, aldab Bagʻdodga chaqirtirib, boshini tanasidan judo qiladi.

    Aytishlaricha, Abu Muslimning jasadi Muzrobshoh tomonidan oʻz saltanati hududi sanalgan Dargʻonota (hozirgi Turkmaniston)ga olib kelib dafn qilinadi. Ming yillardan buyon u dafn qilingan joy musulmonlarning tabarruk ziyoratgohi boʻlib kelyapti.

    Xorazmda yashab umrguzaronlik qilgan Pitnak sayyidlari deb eʼtirof qilingan shajara aynan Abu Muslimga borib taqaladi. Bu avlodga mansub kishilarning koʻpchiligi XVIII asrda vohada yuz bergan qahatchilik tufayli Buxoro amirligining Qorakoʻl tumaniga koʻchib oʻtgani ayrim manbalarda qad etiladi. Sharqshunos Abdulla Ahmedov akademik Ibrohim Moʻminovni Pitnak sayyidlarining Qorakoʻlga koʻchgan qavmining farzandi ekanini oʻz maqolalarida taʼkidlab oʻtgan edi.

    Muzrobshoh mohir sarkarda, islom dini himoyachisi, xalqparvar inson boʻlish bilan birga sadoqatli doʻst ham boʻlganligi rivoyatlarda keltiriladi. Uning Abu Muslim jasadini gʻanimlariga xor qildirmasdan oʻz yurtiga olib kelib, izzat-hurmat bilan dafn qildirishining oʻzi – doʻstiga boʻlgan hurmatining ramzi edi. Aytishlaricha, dushmanlaridan koʻp aziyat chekkan kishilar Muzrobshoh qabrini uch marta ziyorat qilsa, ulardan qutular ekan. Shuningdek, ul zotning ruhidan ziyoratga kelguvchi yigitlarga himmat istionatlar yetishadi, deyishadi. Ayniqsa, biror hunarni oʻrganishni koʻngliga maqsad qilib yurgan yigitlar Shohpirni ziyorat qilsa, oʻsha hunarni tez oʻrganib, oʻzlashtirib, halol rizq topa boshlar ekan.

    Muhammad Muzrobshoh 730-yilda amakisi Sulton Muhammad ibn Dovud vafot etgach, uning vorisi sifatida Amudaryoning chap sohilidagi Xorazm taxtini egallaydi.

    Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida bu davrlarda Xorazmda notinchliklar yuz bergani haqida maʼlumot beradi. Hatto aka-ukalarning toju taxt uchun bir-biriga qarshi qattiq kurash olib borgani haqida ham aniq maʼlumotlar mavjud. Ana shunday vaziyatda Abu Muharram Muzrobshoh Hazoraspni poytaxt qilib tanlagan boʻlishi ehtimoldan yiroq emas. Chunki bu qalʼa oʻzining mustahkamligi bilan dunyoga tanilgan edi.

    Bizga maʼlumki, bu davrda daryoning oʻng sohilidagi Kot qalʼasida afrigʻiy xorazmshohlar sulolasi hukmronlik qilar edilar. Kot va Hazorasp shaharlari oʻrtasida doʻstona madaniy-iqtisodiy aloqalar, faol savdo-sotiq yoʻlga qoʻyilgan edi. Bordi-keldi, asosan, suv yoʻli orqali boʻlganligi sababli har ikki davlatda ham kemasozlik rivojlangan boʻlib, tajribali dargʻalar, 10-12 eshkakchilar va soldovchilarga ega boʻlgan katta-katta kemalar yasalar edi. Bunday yirik kemalarga yuzlab odamlar va ot-aravalar joylashishi mumkin boʻlgan. Daryodan kechib oʻtish joylaridan maxsus jihozlangan port-guzarlar va xizmat koʻrsatuvchi guzarbonlar faoliyat koʻrsatganlar. Hazoraspda ilm-fan, madaniyat juda rivojlangan.

    Maʼrifatli, vatanparvar, adolatli podshoh Muhammad Muzrobshoh 775-yilda Hazoraspda vafot qiladi va uni shaharning qadimiy bosh qabristoniga dafn qiladilar. Shohning xurmati uchun bu muqaddas maskan xalq orasida eʼzozlanib, Shohbobo, Hazrati shoh va Shohpir nomi bilan mashhur boʻladi. Abu Muharram Muhammad Muzrobshoh Xorazmiy hazratlariga xalq tomonidan “Shohpir” unvoni berilishiga u kishining tasavvuf tariqatining hazrati Ali ibn Abu Tolib asos solgan futuvvat (javonmardiylik) tariqatini tarqatib, minglab muridlarni oʻz saflariga ergashtirib olganliklari sabab boʻlgan edi.

    Shohbobo-Muzrobshoh Xorazmiyning qabri ustiga oʻz davrida maqbara qurdirgan va yillar oʻtishi oqibatida bu maqbara buzilib ketgan. Ushbu maqbara oʻrniga XVII asr oʻrtalarida 1655-yil Abulgʻozixon buyrugʻiga asosan yangi maqbara qurilgan. Maqbara atrofi qabriston va uning qibla, yaʼni janub tomonida 2000 nafar namozxon ibodat qilish imkoniyati mavjud jomeʼ masjidi ham qad rostlab turibdi.

    Har bir hududning oʻz “langari” boʻladi, deyishadi. Hazoraspliklar Shohpirni makonimiz langari deb eʼtirof qilishadi. Hazorasp qalʼasining janubi-sharqiy tomonida joylashgan “Shohpir” qabristonida mangu orom olayotgan Abu Muharram Muhammad Muzrobshoh Xorazmiy hazratlari xalqimiz tomonidan avliyo sifatida eʼzozlanib kelinmoqda.

    Tabarruk ziyoratgoh mustaqillik sharofati bilan qayta taʼmirlandi. Hozirgi kunda bu muqaddas dargohni sayyohlik marshrutiga kiritish masalasi borasida bosh qotirish maqsadga muvofiq, deb oʻylayman. Chunki jonajon respublikamiz va xorijiy mamlakatlardan sayyohlar, ziyoratchilarni jalb etish faqat ogʻizda boru amalda sarobligicha qolib ketmoqda. Hazorasp tumanida sayyohlarga servis xizmati koʻrsatish namunali darajada tashkil qilinsa, yetarlicha shart-sharoitlar yaratilsa, ayni muddao boʻlar edi.

    Erpoʻlat BAXT,

    jurnalist