Qanday hollarda alimentni bobo yoki buvi to'lashi mumkin?

    Ijtimoiy hayot 18 Mart 2024 1094

    Aliment borasida tez-tez qulog'imizga chalinib turadigan gap-so'zlar kishida nahotki qonunchilikda voyaga etmagan farzandlari uchun aliment undirishni biror chorasi bo'lmasa, degan fikr uyg'otadi.

    “Aliment to'lovchi shaxsning daromadi yo'qmish...”, “MIB otaning nomida hech qanday mulk yo'qligi sabab undirib bera olmabdi...”. Aliment borasida tez-tez qulog'imizga chalinib turadigan ana shunday gap-so'zlar kishida nahotki qonunchilikda voyaga etmagan farzandlari uchun aliment undirishni biror chorasi bo'lmasa, degan fikr uyg'otadi. O'zbekiston Respublikasining Oila kodeksida bunday hollarda qanday chora ko'rishning qonuniy echimi yaqqol ko'rsatib o'tilgan.

    Xususan, Kodeksning 123-moddaga ko'ra, ota-onasi yo'q bo'lgan yoki ulardan ta'minot ololmaydigan voyaga etmagan nevaralariga ta'minot berish majburiyati etarli mablag'ga ega bo'lgan bobo va buvi zimmasiga yuklatilishi mumkin. Voyaga etgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj nevaralarning ota-onasi, eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) va voyaga etgan mehnatga layoqatli bolalari bo'lmasa yoxud ulardan ta'minot uchun mablag' ololmasa, ularga nisbatan ham bu majburiyat bobo va buvining zimmasiga yuklatilishi mumkin.

    Xo'sh, bu tartib qanday hollarda tatbiq qilinadi? Qonunchilikka asosan, bobo va buvining zimmasiga voyaga etmagan nevaralariga ta'minot berish majburiyatini yuklash uchun birinchi navbatda voyaga etmagan nevaralarning ota-onasi, ya'ni shu nevaraga bobo va buvi bo'lgan shaxslarning bolalari yo'qligi, shuningdek, nevaralarning ota-onalarining bolalari yo'qligi hamda bobo va buvi voyaga etmagan nevaralariga ta'minot berish uchun etarli mablag'ga ega bo'lishi shart.

    Ular nafaqat voyaga etmagan nevaralariga, balki voyaga etgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj nevaralariga ham ta'minot berishlari lozim bo'ladi. Bunda mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj nevaralarning ota-onasi, eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) va voyaga etgan mehnatga layoqatli bolalari bo'lmasa yoxud ulardan ta'minot uchun mablag' ololmasa, bobo va buvi ularga ta'minot berish majburiyatini zimmasiga oladi.

    Buning aksi sifatida nevaralarning ham bobo va buvilariga aliment (ta'minot) berish majburiyati bor. Jumladan, o'zlarining voyaga etgan (oila kodeksi 124-modda) bolalaridan yoxud eri yoki xotinidan (sobiq eri yoki xotinidan) ta'minot ololmaydigan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bobo va buviga ta'minot berish majburiyati etarli mablag'ga ega bo'lgan voyaga etgan mehnatga layoqatli nevaralar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

    Sodda qilib aytganda, nevaralar ham o'zlarining bobo va buvilariga ta'minot berishlari lozim bo'ladi. Bunda bobo va buvi mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj, o'zlarining voyaga etgan bolalaridan yoxud eri yoki xotinidan (sobiq eri yoki xotinidan) ta'minot ololmayotgan bo'lishi darkor.

    Umuman olganda, nevaralarning bobo va buvilariga ta'minot berishlari ikkilamchi aliment munosabatlari bo'lib, nevaralar faqat yuqoridagi shartlar mavjud bo'lganda, aliment to'lashlari lozim bo'ladi.

    Mansur Hasanov,
    Samarqand viloyat adliya boshqarmasi
    Axborot xizmati rahbari