Qanday qilib kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash dasturi aʼzosi boʻlish mumkin

    Biznes 24 Yanvar 2024 1787

    Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-yanvardagi 37-son qarori bilan Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentyabrdagi PQ-306-sonli “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturini realizatsiya qilish nazarda tutilgan.

    Biznesni rivojlantirish banki dasturni samarali amalga oshirish va doimiy ravishda takomillashtirib borish boʻyicha asosiy tayanch bank etib belgilandi.

    Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomda quyidagilar belgilangan:

    - dastur ishtirokchilarini tanlab olish tartibi;

    - “Kichik biznesga koʻmaklashish markazlari” tomonidan roʻyxatdan oʻtish jarayonini tashkil etish;

    - moliyaviy vositalardan foydalanish yoʻnalishi va tartibi;

    - tadbirkorlarga konsultativ xizmatlar koʻrsatish tartibi.

    Quyidagilar “Kichik biznesga koʻmaklashish markazlari”ga onlayn ariza yuborish orqali dasturda ishtirok etishga haqli:

    - faoliyatini kamida bir yildan buyon amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xoʻjaliklari, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar, hunarmandlar, kasanachilar, nodavlat taʼlim tashkilotlari hamda uch va undan ortiq kishini doimiy ish bilan taʼminlagan kichik biznes subyektlari;

    - oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida oʻz biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan hamda ijobiy kredit tarixiga ega boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar.

    Markazlar tomonidan tanlab olingan tashabbuskorlar qisqa va oʻrta muddatli amaliy oʻquv kurslarda biznes koʻnikmalarni shakllantirish yoʻnalishi boʻyicha oʻqitiladi. Kurslarni tugatgandan va sertifikat olgandan keyin ular Dastur doirasida qoʻllab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanadilar.

    Dasturda ishtirok etayotgan kichik biznes subyektlarini moliyaviy va konsultativ qoʻllab-quvvatlash boʻyicha quyidagi chora-tadbirlar belgilandi:

    - tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yoki kengaytirish uchun 7-yil muddatga 1,5 milliard soʻmgacha miqdorda imtiyozli kreditlar olish;

    - qiymati 1,5 milliard soʻmgacha boʻlgan asosiy vositalarni 7-yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan qarzga oʻtkazish;

    - boʻsh turgan davlat obyektlari va yer maydonlari, asbob-uskunalar, bino va inshootlar hamda boshqa turdagi moddiy boyliklar shaklida ulush kiritish;

    - litsenziyalar, ruxsatnomalar va sertifikatlar, bojxona va soliq maʼmuriyatchiligi, eksport-import operatsiyalari va shartnomalarni rasmiylashtirish boʻyicha maʼlumot va maslahatlar olish.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 22-yanvardan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.