Qimmatli qogʻozlar bozori qanday rivojlanmoqda?

    Moliya 27 Iyun 2023 1446

    Qimmatli qogʻozlarni oldindan kelishilgan narxda xarid qilish majburiyati bilan sotiladigan bitimlar (REPO) — moliya bozorida likvidlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Shu bois, mutaxassislar unga iqtisodiy tizimning asosiy elementlaridan biri sifatida qaraydi. REPO bozorining rivojlanishi uning ishtirokchilariga qisqa muddatli moliyalashtirish imkonini beradi. Bunda davlat qimmatli qogʻozlari eng samarali va likvidli instrumentlardan biri hisoblanadi.

    Chunki REPO operatsiyalarida davlat qimmatli qogʻozlarini garov sifatida ishlatish dolzarb muammolarni hal qilish uchun zarur boʻlgan pul mablagʻlarini qisqa muddatda jalb qilishda qoʻl keladi. Qolaversa, bu bozor likvidligini oshirish va investorlar uchun sharoitni yaxshilash, investitsiya imkoniyatini kengaytirish, pirovardida, mamlakat iqtisodiyotiga kapital oqimi koʻpayishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

    Shu jihatdan olib qaraganda, bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi valyuta birjasida ushbu yoʻnalishdagi ishlarga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani diqqatga sazovor. Binobarin, uning asosiy vazifalari sirasiga birja savdolari shaffofligi va samaradorligini taʼminlash, savdo maydonchalarini doimiy ravishda modernizatsiya qilish, shuningdek, moliyaviy xizmatlarning yangi turlarini joriy etish kabilar kiradi.

    Valyuta birjasi 1996-yildan beri davlat qimmatli qogʻozlar bozorida auksionlar tashkil etib kelayotgan boʻlsa, uning rivojida 2018-yildagi oʻzgarishlar turtki berdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki, aynan shu yildan eʼtiboran tashkilotda infratuzilmani keng koʻlamli oʻzgartirish va raqamlashtirish jozibali vositalarni joriy etish ishlari bilan birga boshlandi. Soʻng Valyuta birjasi davlat obligatsiyalari bozorida savdolar yanada takomillashtirilgan elektron savdo maydonchasiga oʻtdi. Bu esa tranzaksiyalar samaradorligi va tezligini sezilarli darajada oshirdi.

    2020-yildan esa REPO operatsiyalarini joriy etish orqali davlat qimmatli qogʻozlari bozorini takomillashtirish boʻyicha keng koʻlamli tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, bozor ishtirokchilari sonini koʻpaytirish choralari koʻrildi. Bu muhim jihat. Nega deganda, ishtirokchilar qancha koʻp boʻlsa, likvidlik oshishiga hissa qoʻshadigan talab va taklif ham shuncha yuqori boʻladi.

    Albatta, mazkur bozorga yangi ishtirokchilarni jalb qilish uchun minimal risk darajasi bilan foyda olishi mumkin boʻlgan qulay investitsiya va infratuzilma muhitini yaratish talab etiladi. Bunga vositachilik mukofoti miqdorini optimallashtirish, tuzilgan bitimlar boʻyicha hisob-kitoblarni va ularning hisobini yuritishni toʻliq avtomatlashtirish hamda soddalashtirish, shuningdek, shaffof savdo qoidalarini yaratish orqali erishiladi.

    Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi valyuta birjasi platformasida davlat qimmatli qogʻozlari bilan REPO bitimlarini tuzish va amalga oshirishni samarali tashkil etish uchun tegishli qoida ishlab chiqilgan. Ushbu qoidada bitimlar uchun garov miqdorini hisoblash va majburiyatlarni bajarishning aniq tartibi koʻrsatilgan. Binobarin, shaffof qoidalar va teng sharoitlar bozor ishtirokchilariga risklarni baholash hamda toʻgʻri investitsiya qarorlarini qabul qilishda ayni muddaodir.

    Bundan tashqari, bitimlar hisobini yuritish va ular boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish jarayonini avtomatlashtirish, shuningdek, ilgʻor innovatsion texnologiyalardan foydalanish REPO operatsiyalari tuzilishini sezilarli darajada soddalashtirib, samaradorligini oshiradi. Shu maqsadda Valyuta birjasi mutaxassislari tomonidan toʻlov hujjatlarini shakllantirish va Markaziy bankning toʻlov tizimiga oʻtkazish jarayonini innovatsion avtomatlashtirish boʻyicha “One-click” loyihasi joriy etildi.

    Ushbu mexanizm REPO bitimi boʻyicha dastlabki sotib oluvchining vakillik hisobvaragʻidan mablagʻlarni uning roziligisiz maʼlumotlarni verifikatsiya qilgan holda bir necha daqiqa ichida dastlabki sotuvchining vakillik hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi. Bu ehtimoliy xatolar xavfini kamaytiradi va hisob-kitob jarayonini tezlashtiradi. Aytish kerakki, “One-click” Oʻzbekiston Respublikasi valyuta birjasining davlat qimmatli qogʻozlari bozori infratuzilmasini modernizatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli loyihaning bir qismidir.

    Shuningdek, ushbu tashabbus doirasida valyuta birjasi platformasida standartlashtirilgan muddatlar doirasida REPO savatini joriy etish orqali yaqin kelajakda ishtirokchilar uchun yangi savdo imkoniyatlarini taqdim etish rejalashtirilgan.

    Bozor ishtirokchilarini ragʻbatlantirish maqsadida tarif siyosati faol ravishda optimallashtirilmoqda. Jumladan, vositachilik mukofoti miqdori kamaytirilyapti. Bozorni ommalashtirishda faol ishtirok etayotgan ishtirokchilar uchun turli bonus va ragʻbatlantirish tizimi ishlab chiqilmoqda.

    Shunday qilib, dilerlararo REPO bitimining har bir tomonidan olinadigan vositachilik mukofoti miqdori sezilarli darajada kamaytirildi (0,015 foizdan 0,0008 foizgacha). Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi valyuta birjasi tomonidan REPO operatsiyalarini yanada ommalashtirish maqsadida ushbu operatsiyalar boʻyicha vositachilik mukofotini vaqtincha undirmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Shuningdek, davlat qimmatli qogʻozlari auksionlarida bozor ishtirokchilari birlamchi bozorda sotib olingan DQQ uchun yakuniy toʻlovlarni bitimlar tuzilgan kundan keyingi ikkinchi savdo kunida amalga oshirishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu pul mablagʻini samarali boshqarish imkonini beradi.

    Ushbu turdagi hisob-kitoblarni xalqaro standartlar talabiga muvofiq joriy etish davlat qimmatli qogʻozlari bozorining jozibadorligini oshiradi. Risklarni boshqarish tizimini takomillashtiradi. Bozorga koʻproq ishtirokchilar va investorlar, shu jumladan, xorijiy sarmoyadorlarni jalb qiladi.

    Bozorga yanada koʻproq ishtirokchilarni jalb qilish va likvidlik hajmini oshiruvchi vositalarni kengaytirish turli emissiya parametrlariga ega boʻlgan yangi turdagi obligatsiyalar paydo boʻlishga zamin yaratadi. Yaʼni, davlat qimmatli qogʻozlarining xilma-xilligi turli ehtiyojlar uchun eng mosini tanlash imkonini beradi. Natijada bozor samaradorligi oshadi. Aynan shu maqsadda oʻtgan yilning oʻzida valyuta birjasi savdo maydonchasida bir qator yangi davlat qimmatli qogʻozlari turlari joriy etildi.

    Jumladan, muddati oʻn yil boʻlgan uzoq muddatli davlat obligatsiyalari. Ushbu vosita investitsiyalar samaradorligini taqqoslash uchun namuna boʻlib xizmat qiladigan koʻrsatkichlarni shakllantirishga imkon beradi. Shuningdek, sugʻurta kompaniyalari va pensiya jamgʻarmalarini jalb qilish orqali investorlar bazasini kengaytirishga hissa qoʻshadi.

    Ikkinchisi, inflyatsiyaga bogʻliq davlat qimmatli qogʻozlariinflyatsiya bilan bogʻliq yoʻqotishlarni himoya qilish instrumenti hisoblanadi. Yana biri esa, infratuzilmani rivojlantirishni maqsadli moliyalashtirish davlat qimmatli qogʻozlari. Bu infratuzilma loyihalariga homiylik qilish va uzoq muddatli mablagʻlarni jalb qilish uchun byudjet taqchilligini qoplashga qaratilgan.

    Umuman olganda, jarayon davom etmoqda. Hozir mutaxassislarimiz valyuta birjasi maydonchalarida yangi turdagi davlat qimmatli qogʻozlari savdosini joriy etish orqali instrumentlar assortimentini yanada kengaytirishni nazarda tutuvchi bir qator loyihalar ustida ishlayapti.

    Oʻzbekiston umumiy xalqaro siyosiy, iqtisodiy va gumanitar makonga tobora intregratsiyalashib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan, valyuta birjasidagi bu kabi yangilik va oʻzgarishlar, zamonaviy axborot texnologiyalari savdoning shaffofligini taʼminlab, raqobat muhitini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratayotgani bilan ahamiyatlidir.

    Xurshid TABIBOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi valyuta birjasi boshqarma boshligʻi.

    Saida YOQUBOVA,
    hisob-kliring palatasi boshligʻi.