Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 10 Oktabr 2022 5322

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash, mahsulot yetishtirishni koʻpaytirish hisobiga aholi daromadini oshirish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni moddiy resurslar (xizmatlar) bilan uzluksiz taʼminlash hamda yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish maqsadida:

    1. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligining (keyingi oʻrinlarda – Bogʻdorchilik agentligi) meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilishi koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga 12 oy muddatga, shu jumladan, 11 oylik imtiyozli davr bilan qoʻshimcha 300 milliard soʻm byudjet ssudasini yillik 10 foiz stavkada ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

    Moliya vazirligiga qaytarilgan mablagʻlar hisobidan yil davomida Bogʻdorchilik agentligining buyurtmanomalari asosida qoʻshimcha byudjet ssudasi ajratib borilishini taʼminlash vazifasi yuklatilsin. Bunda, ajratilgan byudjet ssudasi boʻyicha qarzdorlikning jami summasi mazkur qaror doirasida 300 milliard soʻmdan oshib ketmasligi kerakligi belgilab qoʻyilsin.

    2. Mazkur qarorning 1-bandida belgilangan mablagʻlar Bogʻdorchilik agentligi tomonidan tijorat banklariga resurs sifatida yoʻnaltirilgan holda, Bogʻdorchilik agentligining loyiha ofislari rahbarlarining hamda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimlari yordamchilarining tavsiyasiga koʻra:

    qishloq xoʻjaligi korxonalarigameva, uzum, kartoshka, sabzavot, poliz ekinlari, koʻkatlar va dorivor oʻsimliklar, dukkakli va moyli ekinlar (keyingi oʻrinlarda – qishloq xoʻjaligi ekinlari) yetishtirishga urugʻlik, oʻgʻit, yoqilgʻi, oʻsimliklarni himoya qilish vositalari yetkazib berish uchun;

    mahsulotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi ekinlarini xarid qilishda talab etiladigan aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun ajratiladi.

    Bunda:

    qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish uchun kreditlar 150 million soʻmgacha garovsiz beriladi;

    kreditlar boʻyicha foiz toʻlovlari yillik 14 foiz (shundan 3 foizi bank marjasi) miqdorida belgilanib, kreditlar 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatgacha ajratiladi;

    ajratiladigan kredit mablagʻlarining 50 foizigacha boʻlgan qismi qarz oluvchi talabiga asosan naqd pulda taqdim etiladi;

    ajratiladigan kreditlar boʻyicha Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari garov taʼminoti sifatida qabul qilinadi.

    3. Moliya vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish tizimini qoʻllab-quvvatlash maqsadlari uchun Bogʻdorchilik agentligiga zarur boʻlgan mablagʻlarning olti oy oldin ajratib borilishini taʼminlasin.

    4. Belgilansinki:

    a) kredit mablagʻlarining qaytmaslik xatarini sugʻurta qilish boʻyicha yoki hosilni xavf-xatardan sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtiruvchilarga ajratiladigan kreditlar boʻyicha garov taʼminoti sifatida qabul qilinib, kreditlarni soʻndirishga yoʻnaltirilishi mumkin;

    b) qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtiruvchilarga hosilni xavf-xatardan sugʻurta qilish xarajatlarining 50 foizi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi.

    Moliya vazirligi 2023-yil va kelgusi yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtiruvchilarga hosilni sugʻurta qilish xarajatlarining 50 foizini qoplash maqsadlari uchun Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

    5. Bogʻdorchilik agentligi direktori X.Karimov, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Haitov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari:

    joriy yilda qoʻshimcha ajratilayotgan 20 ming gektar va 2023-yilda beriladigan 95 169 gektar ekin maydonlarida yetishtirilgan mahsulotlar hisobidan importni qisqartirishga shaxsan masʼul ekanliklari belgilab qoʻyilsin;

    2022-2023-yillarda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiriladigan maydonlar kamida 300 ming gektarga yetkazilishini taʼminlasin. Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish uchun moʻljallangan yerlarga ekinlarni joylashtirish Bogʻdorchilik agentligi tomonidan belgilab beriladi.

    6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A.Voitov), Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.Haitov) hamda Bogʻdorchilik agentligi (X.Karimov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat, tuman (shahar) hokimlari bilan birgalikda:

    hosildor urugʻ va koʻchat navlarini, oʻgʻit va oʻsimliklar himoyasi vositalarini joylarga yetkazib, dala yarmarkalarini oʻtkazish hamda ekinlarni yer maydonlarida “bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida joylashtirish;

    qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini kafolatli xarid qilish boʻyicha shartnomalar tuzish choralarini koʻrsin.

    7. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Multimedia markazi meva-sabzavotchilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan yutuq va natijalar toʻgʻrisida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida quyidagi vazifalarning amalga oshirilishini taʼminlasin:

    media mahsulotlar (rolik, koʻrsatuv, reportaj, intervyu va turli slaydlar) orqali meva-sabzavotchilik sohasida fermer, dehqon xoʻjaliklari, tomorqa yer egalari hamda aholining bilim va koʻnikmalarini oshirish;

    aholini qishloq xoʻjaligi sohasida tadbirkorlikka qiziqtirish, yerdan va resurslardan unumli foydalanish orqali oʻz daromadini oshirishga oʻrgatuvchi telekoʻrsatuvlar tashkil qilish;

    aholini qishloq xoʻjaligi sohasida roʻy berayotgan yangiliklar, ijobiy tajribalar, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlayotgan talablar va oʻzgarishlar toʻgʻrisida keng xabardor qilish;

    qishloq xoʻjaligi sohasida jahondagi ilgʻor tajribalarni respublika hududida ommalashtirish.

    8. Bosh Vazir oʻrinbosari J.A.Xodjayev hamda qishloq xoʻjaligi vaziri A.B.Voitov Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan uzum yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi korxonalarining aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga 2 yil muddatga, shu jumladan, 12 oylik imtiyozli davr bilan 10 million AQSH dollari miqdorida yillik 2 foiz stavkada mablagʻ ajratsin.

    Bunda, uzum yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi korxonalariga mablagʻ ajratish shartlari Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

    9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A.Voitov), Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.Haitov) bilan birgalikda har bir hududda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirish boʻyicha taqdimotlar va seminarlar oʻtkazsin.

    10. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.Koʻchimov) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A.Voitov) bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.

    11. Hisob palatasi (B.Turabov) Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi bilan birgalikda mazkur qarorda nazarda tutilgan mablagʻlarning oʻz vaqtida ajratilishi va maqsadli sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

    12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.

    13. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri A.B.Voitov, Bogʻdorchilik agentligi direktori X.M.Karimov, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori M.M.Ubaydullayev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M.Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2022-yil 6-oktyabr