Xoʻsh, bunda nimalarga eʼtibor berish kerak? Ushbu muolaja oʻtkazilgan insonlar nimalardan ehtiyot boʻlishlari lozim? Kimlarda bu amaliyotni amalga oshirish mumkin emas?
Ushbu savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokori, trixolog Minnura Qodirova javob berdi.
— Avvallari soch toʻkilishi asosan 40 yoshdan keyin kuzatilgan boʻlsa, hozirga kelib, bu holat yoshlar oʻrtasida ham koʻp uchramoqda, — deydi mutaxassis. — Hatto, mijozlar orasida 20 yoshgacha boʻlgan yigitlarni ham uchratish mumkin.
Soch ektirish uchun, eng avvalo, tajribali mutaxassisga murojaat qilish lozim. Chunki ushbu amaliyot juda nozik hisoblanadi. Malakali mutaxassis esa sizga bu borada zarur tavsiyalarni bera oladi.
Mazkur muolaja oʻtkazilgan mijozlar 7-10 kun davomida jismoniy va asabiy zoʻriqishlardan tiyilishi kerak. Shuningdek, soch teriga oʻrnashib, yaxshi joylashib olguniga qadar sport zallariga chiqish, ogʻir mashgʻulotlarni bajarish mumkin emas.
Sochni yuvish masalasiga kelsak, ortiqcha kimyoviy moddalar qoʻshilmagan bolalar shampunidan foydalanish tavsiya etiladi. Faqat amaliyotdan bir oy oʻtgandan soʻng, sochlarni istalgan shampunda yuvish mumkin.
Shuni aytish kerakki, soch boshqa organizmda umuman rivojlanmaydi. Shu bois bemorning eng yaqin insonlari ham unga donor boʻla olmaydi. Agar mijozning donorlik qismida tolalar siyrak boʻlsa, soqol va koʻkrak qafasi sohasidan tuk olib oʻtkaziladi.
Mazkur amaliyotni bajarishga qarshi bir qancha koʻrsatmalar mavjud. Misol uchun, qon ivish tizimidagi kasalliklar, allergik reaksiyalar hamda qandli diabetning xavfli turlarida soch ekib boʻlmaydi. Qolaversa, 15 yoshdan kichik bolalarda ham bu muolajani oʻtkazish tavsiya etilmaydi.
Soch toʻkilmasligi uchun bir qancha salbiy omillar – nurlanish, nerv tolalari zararlanishi, mikroelementlar yetishmovchiligi hamda vitaminlar tanqisligidan saqlanish lozim.