Qorako'lda gugurt zavodi quriladi

    Hozirgi kunga qadar 70 gektar maydonga gugurtbop daraxtlar koʻchati ekildi. Mutaxassislar fikricha, bu oʻsimliklar yogʻochidan eng sifatli gugurt ishlab chiqarish mumkin. Bunday sifatli mahsulotning xaridori doimo topiladi.

    Bundan oʻn yillar ilgari Qorakoʻlda bittagina qoʻshma korxona bor edi. Bugun esa zamon oʻzgardi, tadbirkorlik qilaman deb belni mahkam bogʻlab maydonga chiqqan inson uchun keng yoʻllar ochildi. Buni tumandagi oʻzgarishlar yaqqol koʻrsatib turibdi. 2020-yilda Qorakoʻlda 235,4 milliard soʻmlik qurilish ishlari bajarildi. 2021-yilda esa yana-da jozibador loyihalar amalga oshiriladi.

    Prezidentimizning joriy yil 21-22-yanvar kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida hududni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda mavjud muammolar va ularni hal etish yuzasidan amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar belgilab olindi. Ushbu hayotiy dasturga asosan, Qorakoʻl tumanini 2021-2022-yillarda yana-da rivojlantirish maqsadida 340 milliard 922 million soʻmlik 55 ta loyiha bajarilishi ustuvor vazifa qilib qoʻyildi. Shundan sanoat yoʻnalishida 19 ta, xizmat koʻrsatish sohasida 24 ta va qishloq xoʻjaligida 12 ta loyiha amalga oshiriladi. Buning natijasida mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi. Bu yoʻnalishlarda ishlar boshlab yuborilgan. Hozirgacha 20 milliard 168 million soʻmlik 5 ta loyiha ishga tushirildi.

    Tumanga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kiritish boʻyicha ham aniq rejalar belgilab olingan. 2021-yilda qiymati 5,4 million AQSH dollariga teng 2 ta loyiha boshlab yuborildi. 2020-yilda tumanda 12,38 million dollarlik mahsulot eksportga yoʻnaltirilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 14,2 million dollar etib belgilandi. Yanvar-mart holatiga esa 2,3 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

    Qorakoʻl deganda intellektual salohiyatli yoshlar, shijoatli bobo dehqonlar, alp polvonlar yurti tushuniladi. Endi bularning safiga oqil, ishning koʻzini biluvchi tadbirkorlar ham qoʻshilmoqda. Uzoqqa bormaylik, bundan bir-ikki yil ilgari Qorakoʻlda gugurt zavodi ishga tushadi, desa hech kim ishonmasdi. Endi ishonavering.

    2021-yilda “BAYRUXO” fermer xoʻjaligi tomonidan bu loyiha amalga oshiriladigan boʻldi. Buning uchun 17 milliard 80 million soʻm sarflanib, 190 gektar yerga pavlovniya va kaliforniya teragi koʻchatlari ekish boshlab yuborildi. Hozirgi kunga qadar 70 gektar maydonga gugurtbop daraxtlar koʻchati ekildi. Mutaxassislar fikricha, bu oʻsimliklar yogʻochidan eng sifatli gugurt ishlab chiqarish mumkin. Bunday sifatli mahsulotning xaridori doimo topiladi.

    Joriy yilda tumanda yana bir jozibador loyiha ishga tushish arafasida. Tuman yaylovlarida bugungi kunda 250 mingdan ziyod qoʻy-qoʻzi boqilmoqda. Aholi xonadonlaridagi qoʻy-qoʻzilarni qoʻshib hisoblasak, bu miqdor yana bir karra koʻpayadi. Demak, bir yilda ming tonnaga yaqin jun olinadi.

    Xoʻsh, bu junlar qayerga ketyapti, dersiz. Chiqindi sifatida tashlab yuborilmoqda. Junni qayta ishlash, uni tayyor mahsulotga aylantirish muammoligicha qolmoqda. Endi bu muammo hal qilindi. “Feruza Farangiz Textile» MCHJ tomonidan junni qayta ishlash va mahsulot tayyorlash korxonasi faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Korxona ishlab ketishi uchun 730 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya oʻzlashtiriladi. Yiliga 360 tonna qayta ishlangan jun, 180 tonna boʻyalgan ip-kalava hamda 12 mingta adyol ishlab chiqariladi, yuzga yaqin ish oʻrni yaratiladi. Eng qulay tomoni, xomashyo serob, arzon. Yana bir jihati shundaki, qoʻy junidan qishki oyoq kiyimlar - valenkalar ham ishlab chiqarish mumkin. Korxona mutaxassislari bunga istiqboldagi reja sifatida qaramoqda.

    Shuningdek, “Qorakoʻl kumush kalava” MCHJ tomonidan toʻqima mato ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishi natijasida 1 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi koʻzda tutilmoqda.

    Paxtachilik klasterini tashkil qilgan «Merganteks» MCHJ ham paxta tolasidan eksportbop tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarib, koʻplab mamlakatlarga eksportni yoʻlga qoʻygan. Hozir tumanda yana bitta shunday korxona qurish moʻljallanmoqda. Buning uchun 40 milliard 200 million soʻm yoʻnaltiriladi.

    Mazkur korxonada 150 nafardan ziyod qoʻli gul tikuvchi Qorakoʻl dehqonining peshona teri evaziga yetishtirilgan xomashyodan olingan matolardan bejirim liboslar tikadi. Bu hali hammasi emas. 2021-yilda neft va kondensatni qayta ishlovchi zavod, pillani qayta ishlovchi, toʻqima matolarni ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati ham yoʻlga qoʻyiladi.

    Xulosa qilib aytganda, hududiy dastur doirasida tumanda 223 milliard 447 million soʻmlik 42 ta loyihani ishga tushirish maqsadida qizgʻin ish olib borilmoqda. Maqtanish emasku, hademay Qorakoʻl investitsiyalar maydoniga aylanadi. Qorakoʻl brendi ostidagi mahsulotlar jahon bozorida oʻz oʻrnini topsa, hech ajablanmang.

    Hasan ARABOV,

    jurnalist