“Qoraqalpoq agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi

    Agrosektor 24 May 2021 1297

    Bugun AOKAda Qishloq xoʻjaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Nigora Xoʻjayeva ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi. Unda mavzu yuzasidan keng axborot berildi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 2-oktyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasiga amaliy tashrifi chogʻida hududlar salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, sohani jadal rivojlantirish, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanishdagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan bergan topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligida Ishchi guruh tuzilib, bu borada aniq vazifalar belgilab olingan edi.

    Oʻtgan vaqt mobaynida Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan Respublika tumanlari salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, sohada oʻsishni taʼminlovchi drayverlar sifatida tanlab olingan 7 ta yoʻnalishdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda hududlarni ixtisoslashtirish, yer va suv resurslari samaradorligini taʼminlash, foydalanishdan chiqqan yerlarni oʻzlashtirish, yangi intensiv bogʻ, tokzorlar barpo etish, kunjut, pomidor yetishtirish, zamonaviy issiqxonalar tashkil etish yuzasidan bir qator amaliy ishlar olib borildi.

    Raqamlarga eʼtibor beradigan boʻlsak, Qoraqalpogʻistonda 2019-2024-yillarda qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan jami 91 ming 720 gektar sugʻoriladigan yer maydonlarda irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirgan holda bosqichma-bosqich foydalanishga kiritish rejalashtirilgan. Joriy yilda qariyb 210 km ichki sugʻorish tarmoqlarida taʼmirlash-tiklash ishlari olib borilib, natijada 5 914 gektar yer maydonlari qayta foydalanishga kiritildi. 2022-2024-yillarda 56 ming 720 gektar maydonlarni qayta foydalanishga kiritish reja qilib olingan.

    Bugungi kunda xususan Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham qishloq xoʻjaligida foydalanilmay qolgan yerlarni ekspluatatsiyaga qaytarishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Biz bilamizki, hosildor tuproq holatining yomonlashuviga asosiy sabab notoʻgʻri dehqonchilik va noratsional sugʻorish, shuningdek yer usti suv manbalarining uzoqligi va sugʻorish uchun suv resurslarining cheklanganligi sababli melioratsiya holatining buzilishi hisoblanadi.

    Shu maqsadda qisqa vaqt davomida foydalanishdan chiqqan yerlarni oʻzlashtirish, suv tanqisligining oldini olish maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Maʼmuriy xizmat DUK hisobidan 10 ta burgʻulash texnikasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiga yetkazib berildi. Ayni paytda mazkur texnikalar yordamida oʻnlab yillar davomida hech narsa yetishtirilmagan keng yer maydonlarini oʻzlashtirish uchun yer osti suvlarini qazib olish va sugʻorish uchun ishlatish maqsadida quduqlar qazilmoqda.

    Ayni paytda Qishloq xoʻjaligi vazirligi mutaxassislaridan iborat Ishchi guruhi dastlab bogʻdorchilik, sabzavotchilik, issiqxona xoʻjaliklarida olib borilayotgan loyihalarni rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar berishdi.

    Maʼlumot uchun, joriy yilda Respublikada 1660 gektar maydonda mevali bogʻlar va 2453 gektar maydonda uzumzorlar barpo etish rejalashtirilgan. 2021-yilda 1568 gektar maydonda yangidan bogʻ va 1967 gektar maydonda uzumzorlar barpo etildi. Ushbu ishlar kuz oylarida ham davom ettiriladi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasida bugungi kunda 3,3 ming gektar maydonda bogʻ va 2 ming gektar maydonda uzumzorlar mavjud boʻlib, ushbu maydonlardan 30 ming tonna meva va 10,5 ming tonna uzum mahsulotlari yetishtirib kelinmoqda. Joriy yilda yangidan barpo etilgan bogʻ va uzumzorlar hosilga kirishi natijasida meva va uzum mahsulotlarini yetishtirish hajmi ikki barobarga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

    Jumladan, meva va sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan Nukus tumanida joriy yilda asosiy maydonlarga jami 2330 gektar maydonga sabzavot ekildi. Shundan 1267 gektar pomidor, 216 gektar bodring, 351 gektar sabzi, 210 gektar piyoz, 75 gektar sarimsoq piyoz, 35 gektar baqlajon, 20 gektar bulgʻor qalampir, 46 gektar osh lavlagi, 85 gektar karam, 15 gektar kukatlar, 5 gektar turpi, 5 gektar sholgʻom va 265 gektar maydonga kartoshka, 1065 gektar maydonlariga poliz, ekinlari ekildi.

    Bugungi kunga qadar tumanlardagi fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalarining mavjud 5343 gektar mevali bogʻ va tok qator oralariga jami 5000 gektar shundan; -1300 gektariga sabzavot, -900 gektariga poliz, -175 gektariga kartoshka, -120 gektariga dukkakli, -1200 gektariga moyli va 1305 gektarga ozuqa ekinlari fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalari kesimida joylashtirilib, bogʻ va tok qator oralariga ekilishi belgilangan ekinlarning kunlik grafiklari asosida ekish ishlari amalga oshirilib, bugungi kunda jami 5003 gektar maydonlariga qishloq xoʻjaligi ekinlari ekildi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2021-yilda issiqxona yoʻnalishida qiymati 700 mlrd soʻmlik 47 ta loyihada 180 gektar issiqxonalar tashkil etish hamda issiqxonalar maydonini kengaytirish maqsadida “Qoraqalpoq agro” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish belgilangan. Bugungi kunda 10 ta loyihada 19 gektar issiqxonalar tashkil etildi. Qolgan loyihalarda moliyalashtirish va qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

    Joriy yilda “Qoraqalpoq-agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilib, unga jami 12 ta tumandan 875,4 gektar yer maydonlari biriktirib berildi. Bugungi kunda ushbu EIZ hududida issiqxona tashkil etuvchi loyihalar roʻyxati shakllantirilmoqda.

    Issiqxona hajmi ortadi va tadbirkorlarga issiqxonalar tashkil etish uchun qulay muhit yaratiladi. Shuningdek eksport hajmini oshirish logistika tizimini joriy etishda samaradorlikga erishiladi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlarida jami 33 ming 570 gektar, shundan, asosiy ekin sifatida 28 ming 370 gektar va 5200 gektar maydonlarga moyli ekinlar joylashtirilgan.

    Shundan asosiy maydonlardan 1000 gektarini soya, 6070 gektari kungaboqar, 21 ming 300 gektari kunjut ekinlari tashkil etilsa, takroriy maydonlardan 5200 gektarini kungaboqar ekinlarini joylashtirish rejalashtirilgan.

    Bugungi kunda 20 ming 288 gektar asosiy maydonlarga moyli ekinlarni ekish ishlari amalga oshirilib, bu ishlar davom etmoqda. Shundan, 1000 gektar soya, 4057 gektar kungaboqar, 15 ming 242 gektar maydonga kunjut ekinlari ekildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4975-sonli qarori asosida Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston ilmiy-tajriba stansiyasi va Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston ilmiy-tajriba stansiyasi negizida Don va sholi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini tashkil etish belgilangan.