Masalaga shu nutqai nazardan yondashilsa, ushbu yoʻnalishni rivojlantirishning bugungi kundagi ahamiyati va zaruratini anglash qiyin emas. Bu borada yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar ham mutlaqo yangicha. Soʻnggi yillarda tadbirkor davlatning ishonchli hamkori, davlat esa har bir biznes vakilining yaqin doʻstiga, ha, aynan doʻstiga aylandi.
Buni ularga berilayotgan keng imkoniyatlar, katta imtiyozlar misolida ham koʻryapmiz. 2017—2022-yillar misolida oladigan boʻlsak, bu vaqt davomida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hamda tizim vakillari huquqlarini himoya qilishga doir 3 mingdan ortiq qonunchilik hujjatlari qabul qilinganini aytish kerak. Asosiysi, bular faqat qogʻozda qoladigan qarorlar boʻlmadi, bevosita hayotga koʻchib, qisqa fursatda amaliy natijalar ham bera boshladi.
Xoʻsh, yurtdoshlarimizni tadbirkorlikka, taʼbir joiz boʻlsa, biznesga qoʻl urishga undayotgan kuch nimada? Jamiyatimizda ishbilarmonlik muhitining ortib, odamlar orasida bu yoʻnalishga ishtiyoq kuchayib borayotgani qanday omillar bilan bogʻliq? Albatta, tadbirkorlik qulay muhit boʻlgan joydagina rivojlanadi. Yangi Oʻzbekistonda ana shu muhitning shakllanish bosqichlari qanday kechganiga nazar tashlasak, vaziyat yaqqolroq koʻzga tashlanadi.
Tadbirkor “tushov”lardan ozod etildi
Avvalo, tadbirkorlik sohasidagi tekshiruvlarga toʻxtalsak. Buning azobi-yu, ortiqcha ovoragarchiliklarini yillar davomida boshidan oʻtkazgan odamlar yaxshi biladi. Xuda-behuda tekshiruvlar va ularning aksariyat hollardagi salbiy oqibatlari sabab Oʻzbekistonda odamlar tadbirkorlik qilishga hayiqib qolgani, boʻyinga solinadigan bu tushov tufayli koʻp ishbilarmonlar bankrotlikka uchragani va boshqalar haqida gapirmoqchi emasmiz. Shunchaki, yillar davomida saqlanib kelgan bu tizimni isloh qilish oson boʻlmadi, ammo tashlangan qadam qatʼiy edi.
Jumladan, 2017-yilning 1-yanvaridan boshlab tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rejadan tashqari, xususan, jinoyat ishlari doirasidagi muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinganini eslash mumkin. Tadbirkorlar faoliyatidagi tekshiruvlar oʻtkazishga moratoriy joriy etilgani biznes vakillarining koʻnglidagi ish boʻlgani rost.
Islohotlar shu bilan toʻxtab qolmadi, aksincha, bu katta yoʻlning boshlanishi edi. Chunonchi, 2018-yil 1-sentyabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan rejali va nazorat tartibidagi tekshiruvlar bekor qilinib, ularning faoliyatida qonunbuzilishi haqidagi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari hamda “xavfni tahlil etish” tizimi asosida tekshiruvlarni oʻtkazish tartibi belgilandi. Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining 16 ta nazorat funksiyasi bekor qilindi.
Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari ham tubdan takomillashtirildi. Davlat xizmatlari koʻrsatishning umumiy muddati 787 kundan 471 kungacha qisqartirilib, tadbirkorlik sohasida litsenziya va ruxsat berishga oid 132 ta tartib-taomil bekor qilindi. Davlat idoralari tomonidan fuqaro va tadbirkorlardan jami 73 ta hujjat hamda maʼlumotnomani talab qilish amaliyotidan ham voz kechildi.
2017-yilda har bir tuman (shahar)da davlat xizmatlari markazlarining tashkil etilishi ham ana shu islohotlarning ilk koʻrinishlaridan. Bugungi kunda 750 dan ortiq davlat xizmatlaridan 172 tasi markazlar, 308 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda “Litsenziya” axborot tizimi orqali interaktiv shaklda koʻrsatilmoqda. Hozirga qadar 207 ta markaz hamda ularning 141 ta filiali orqali jismoniy va yuridik shaxslarga 32 milliondan ortiq xizmat koʻrsatildi. Bu borada doimiy oʻzgarishlar, yangilanishlar olib borilyapti. Xususan, 17 ta davlat xizmatini kompozit tarzda koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi, 200 dan ortiq tartib-taomil qayta koʻrib chiqilib, soddalashtirildi.
Yana bir yangilik: litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, amaliyotda uchrab kelayotgan kundalik muammolar va korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Hujjatning asosiy qoidalariga koʻra, 50 ta litsenziya, 124 ta ruxsat berish hujjatlari hamda 34 ta xabarnomaning yakuniy roʻyxati tasdiqlangan. Shu sababli, mazkur qonunda nazarda tutilmagan yangi tartib-taomil turlarini joriy etish bekor qilindi. Ilk bor vakolatli organni xabardor etish orqali faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq mutlaqo yangi mexanizm joriy etildi.
Qiyin vaqtda kerakli koʻmak
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etilgani ham ayni muddao boʻldi. Bu xorijda muqobili boʻlmagan “Mahallabay ishlash” tizimining bir qismi deyish mumkin. Yaʼni, aholining tadbirkorlik boʻyicha tashabbuslari mahallaning oʻzida shakllantirilib, mana shu Jamgʻarmaning moddiy koʻmagida amalga oshiriladi. Bugungi kunda Jamgʻarma tomonidan kichik tadbirkorlik subyektlari loyihalariga tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan, umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 barobaridan oshmagan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun 3 yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etilmoqda. Qolaversa, bunday kreditlarga kafillik berilyapti.
Sir emas, koronavirus pandemiyasi manaman degan davlatlar iqtisodiyotini ham teng ahvolga solib qoʻydi va bundan Oʻzbekiston ham chetda qolmadi. Ammo pandemiyaga qaramay, mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga shunday imkoniyatlar yaratib berildiki, bundan foydalangan ishbilarmon ham, xalqimiz ham, davlat ham yutqazmadi. Barcha sohalar, xususan, turizm, transport, farmatsevtika va toʻqimachilik sanoati kabi tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning barqarorligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. Aniqroq aytadigan boʻlsak, turistik (mehmonxona) yigʻimini hisoblash va toʻlash, tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarga jarimalar qoʻllash toʻxtatildi. Tijorat banklari tomonidan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlarning kreditlari boʻyicha toʻlovlarga kechiktirish taqdim etilib, muddati oʻtib ketgan kreditlarga garov taʼminoti boʻyicha jarima sanksiyalari va undiruv choralari qoʻllanilmadi.
Kichik tadbirkorlik subyektlari, umumiy ovqatlanish korxonalari, yoʻlovchi tashish, maishiy xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar mol-mulk va yer soligʻini toʻlashdan ozod qilindi. Mikrofirma va kichik korxonalarga ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha kamaytirilib, turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun foyda soligʻi stavkasi 50 foizga kamaytirildi.
Pandemiya avj olgan murakkab davrda, ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligi masalasi koʻndalang qoʻyilgani ham maʼlum. Davlatlar oʻrtasida aloqalar toʻxtab qolishi, iqtisodiy zararlar oqibatida jahon qishloq xoʻjaligi sohasi sezilarli zarar koʻrdi. Shu yoʻnalishdagi tadbirkorlarga ham oson boʻlmadi. Ana shunday murakkab vaziyatda ham mamlakatimizda inson qadri yetakchi oʻringa chiqib, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash davom ettirildi. Oziq-ovqat va dorivor oʻsimliklar yoʻnalishlarini rivojlantirish uchun doimiy ravishda qoʻshimcha imtiyoz va preferensiyalar berib borilgani ushbu sohalarni inqirozdan saqlab qolish barobarida, yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqdi.
Jumladan, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, uzumchilik, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va kasanachilikni rivojlantirishning subsidiyalash tartibi joriy etildi. Dorivor oʻsimliklar ishlab chiqaruvchilarga foyda, mol-mulk, yer soligʻi uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qoʻllanilishi belgilandi. Natijada fuqarolarning tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq jami 565 milliard soʻmlik qarzi hisobdan chiqarilib, 19 ming 435 nafar shaxsning tadbirkorlik faoliyati tiklandi. Murakkab davrlarda tadbirkorlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari kuchaytirilib, ularga 86 trillion soʻm kredit, 33 trillion soʻmlik imtiyoz va boshqa turdagi koʻmaklar koʻrsatildi. Mazkur choralar natijasida pandemiyadan zarar koʻrgan 100 mingdan ziyod korxona oʻz faoliyatini tiklab oldi.
Shuningdek, tadbirkorlarni yer maydoni bilan taʼminlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. Tan olib aytish kerak, bu muammo uzoq yillardan buyon ularning tinkasini quritgan boshogʻriqlardan biri edi. Uning yechimi sifatida 2018-yildan boshlab tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalaridan foydalanish huquqini elektron auksion orqali sotib olish tartibi joriy qilindi, mahalliy davlat hokimiyati organlarida faqat maʼlum holatlarda toʻgʻridan-toʻgʻri yer ajratish vakolati qoldirilgan.
2022-yildan boshlab tadbirkorlik subyektlari oʻziga ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega boʻldi. Ularda, endilikda, yer uchastkalariga nisbatan mulk huquqini elektron auksion orqali sotib olish imkoniyati ham bor. Bularning barchasi sohada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash bilan birga, erkin va sogʻlom raqobat muhitini yaratib bermoqda.
Imtiyozlar barcha uchun
Ana endi natijalar haqida toʻxtalsak. Ochigʻi, tadbirkorlarga oxirgi yillarda berilayotgan imtiyozlar mamlakatimiz tarixida kuzatilmagan. Oddiy insonlarning tadbirkorlik orqali oʻzini-oʻzi band qilishi ham avvallari hayolga sigʻmaydigan masala edi. Jamiyatimizda faqat puli yoki kattaroq lavozimda ishlaydigan tanishi bor insongina tadbirkor boʻla oladi, degan qarashlar shakllangani ham rost.
Buni yana taqqoslar bilan davom ettirish niyatimiz yoʻq. Ayni paytdagi holatni koʻrish uchun atrofga qarashning oʻzi yetarli. Oddiy dehqondan tortib, hali endigina katta hayotga qadam qoʻygan yigit-qizlar ham oʻz tadbirkorligi bilan shugʻullanib, yaxshi daromad topayotgani-yu, boshqalarni ham ish bilan taʼminlayotgani hayotimizda oddiy holga aylanib ulgurdi.
Bu boradagi islohotlar natijasi yildan-yilga oʻsib boryapti. Masalan, oʻtgan yilning oʻzida 90 mingta yuridik va 96 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Hududlardagi 54,9 mingdan ziyod xizmat koʻrsatish sohasidagi tadbirkorlarga tijorat banklari tomonidan 41,9 trillion soʻm kredit ajratildi. Pirovardida xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 80 foizga, eksportdagi ulushi esa 60 foizga yetdi.
Tadbirkorlik subyektlari orasida yoshlar ulushining ortib borayotgani ham quvonarli. Mamlakatimiz aholisining 18 milliondan ortigʻini yoshlar tashkil etadi. Bu katta kuch va imkoniyat degani. Shu bois, bugun yurtimizda yigit-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularga bu borada zarur koʻmak va imtiyozlar berish yoʻnalishidagi ishlar ham avvalgilarga oʻxshamaydi. Buni yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish orqali bandligini taʼminlash maqsadida 121 ming 731 talabgorga 2 trillion 894 milliard soʻm kredit ajratilganidan ham koʻrish mumkin.
Qolaversa, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida boʻlgan 103 mingdan ziyod xotin-qiz tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, ular tomonidan qariyb 201 mingta yangi ish oʻrni yaratildi. 233 mingdan ziyod ayolga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 4,7 trillion soʻm imtiyozli kredit ajratildi.
Umuman, bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar, hamma harakatlardan koʻzlangan bosh maqsad – odamlarni rozi qilish, munosib sharoit yaratib berishga qaratilgan. Tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻnalishidagi saʼy-harakatlar ham inson qadrini ulugʻlash, mamlakatda ishbilarmonlik hamda investitsiya muhitini yanada yaxshilashga xizmat qilishi muqarrar.
2021-yil avgust oyida davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ilk ochiq muloqotida ham ana shu jihatlarga urgʻu bergani yodimizda. Shundan soʻng mazkur muloqotni har yili oʻtkazish anʼanaga aylangani va 20-avgust yurtimizda Tadbirkorlar kuni sifatida nishonlanayotgani ham soha vakillari doimo qoʻllab-quvvatlanayotganining yorqin ifodasidir. Ishbilarmon doira vakillari ham shunga mos tarzda harakat qilmoqda, iqtisodiyotimizning haqiqiy tayanchiga aylanishga intilmoqda.
Ulugʻbek XOLBEKOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi magistranti