Qurolli Kuchlar tizimida korrupsiyaga qarshi jiddiy kurashilmoqda

    Harbiy 16 Oktabr 2020 3826

    Qonunchiligimizda yashirin korrupsiogen omillar mavjudligi barcha sohalarda bu illat ildiz otishiga zamin yaratyapti. Yaʼni masala juda jiddiy. Bugun birorta sohada korrupsiya yoʻq, deb aytolmaymiz, degan edi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov.

    Mudofaa vazirligi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida korrupsiyaga oʻrin yoʻq” mavzuida tashkil etilgan videoanjumanda Qurolli Kuchlarimiz tizimida ham, afsuski, oz boʻlsada, korrupsiya holatlari uchrayotgani qayd etildi.

    Tadbirda korrupsiogen holatlarni keltirib chiqarishga sabab boʻlayotgan asosiy omillar haqida soʻz bordi, fojeali illatning oldini olish choralari aytildi, takliflar bildirildi.

    Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boʻlim boshliqlari Baxtiyor Pardayev, Tolibjon Mirzayev, Harbiy prokuratura boʻlim boshligʻi Baxrom Jalolxoʻjayev tizimda ishga joylashtirish, ish joyini oʻzgartirish, harbiy xizmatga joʻnatish, unvon va lavozimlarni oshirish bilan bogʻliq holatlarda korrupsiyaga yoʻl qoʻyilayotganini aytdi.

    Korrupsiyaning oldini olish uchun qanday yoʻl tutish kerak? Anjumandagi bosh savolga Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari boʻlim boshligʻi Axror Toshpoʻlatov nutqida mazmunli javob berildi.

    Mayor Toshpoʻlatovning aytishicha, “usta” kontrabandachilar juda ayyor boʻladi. Masalan, 250 million soʻmlik tovarni chegaradan noqonuniy olib oʻtish uchun 50 million soʻmini “otadi”. Albatta, bizning chegarachilar pulga uchmaydi, lekin baʼzi holatlar Vatanga sodiqlik eʼtiqodini chalgʻitishi mumkin.

    Bunga koʻpincha sarhadlarimiz himoyachilarining ota-onalari, oila aʼzolari yoki qarindoshlari ham sababchi boʻladi. Gap shundaki, harbiy xizmatchilarning ota-onalari farzandlariga keragidan ortiq moddiy topshiriqlar beradi. Toʻy qilsa ham, uy qursa ham asosiy majburiyatni harbiy oʻgʻli yelkasiga yuklaydi. Shunda harbiylar baʼzi hollarda qingʻir yoʻlga oʻtishga beixtiyor majbur boʻlmoqda.

    Ota-onalar bilan suhbatlarda bu haqda soʻralganda esa asosan bitta javob: «Maoshini behuda sarflamasin, dedikda».

    Yana bir sabab ham aniqlangan. Tahlillarga koʻra, korrupsiyaga yoʻl qoʻyilishi faqatgina moddiy taqchillik bilan izohlanmaydi. Oiladagi tarbiyaga ham koʻp narsa bogʻliq. Ayrim harbiylar xizmatining munosib eʼtirof etilmayotgani, qadrlanmayotganidan noliydi. Bunday kishilar orasida esa korrupsiyaga moyillik kuchayadi.

    Bu kabi holatlarning oldini olish borasida tizimli ishlanmoqda. Yuqorida aytganimiz kabi harbiylar oila aʼzolari, chegaraoldi hududlar aholisi bilan profilaktik suhbatlar qilinmoqda. Korrupsion holat boʻyicha maʼlumot bergan harbiylarni ragʻbatlantirish, davlat mukofotlariga tavsiya qilish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Moddiy va maʼnaviy qoʻllash maqsadida harbiylarni uy-joy bilan taʼminlash, roʻzgʻoriga yetarli mablagʻ ajratish, farzandlarini oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli oʻqishga qabul qilish kabi asosli tizim ishlab turibdi.

    Anjumanda korrupsiyaning oldini olishga doir takliflar ham aytildi. Qurolli Kuchlar tizimida roʻy bergan jinoyatlar haqida haftalik maʼlumotlarni barcha tuzilmalarga yetkazish va muhokama qilib borish, harbiy qismlar joylashgan hudud yaqinidagi ichki ishlar, prokuratura organlari bilan tigʻiz hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, mansabdor shaxslar ish faoliyatiga doir yoʻriqnomani takomillashtirish, tuzilmalardagi jamoatchilik kengashlari aʼzolari – faxriylar ishtirokidagi targʻibot uchrashuvlarini koʻpaytirish kabi taklif va mulohazlar shular jumlasidan.

    Ulugʻbek ASROROV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Muzaffar ABDULLAYEV olgan suratlar.