Quyosh energiyasidan foydalanishda Vyetnam muvaffaqiyati siri nimada?

    Elektr energetikasi tizimini isloh qilish borasida Vyetnam va boshqa mamlakatlarda amalga oshirilgan ishlar oʻrganildi.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislarining oʻrganishlariga koʻra, 2017-yilda Vyetnam energetika sektorida elektr energiyasini ishlab chiqarishda quyosh energiyasidan deyarli foydalanilmagan. Vyetnam hukumati islohotlar jarayonida ushbu sektorni yirik quyosh fermalari tomonidan ishlab chiqarilgan energiyani yuqori narxda (1 kilovatt soati uchun 9 sent) sotib olish orqali qoʻllab-quvvatladi. Natijada 2019-yilga kelib, quyosh energiyasidan rejada kutilgan 850 MVt quvvat oʻrniga 5 GVt ga teng elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

    Vyetnamda quyosh energiyasidan samarali foydalanish borasidagi islohotlar muammosiz kechmadi. Deyarli barcha yangi obyektlar mamlakatning quyoshli janubi-sharqiy qismida joylashganligi, mahalliy tarmoqda ortiqcha zoʻriqishni keltirib chiqardi. Vyetnam elektr energiyasi korxonasi baʼzan haddan tashqari koʻp ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olishda muammolarga duch keldi.

    2020-yilda Vyetnamda elektr energiyasining deyarli chorak qismi quyosh panellari vositasida ishlab chiqarildi. Ushbu davrga kelib, mamlakatda 9,3 GVt quvvatga ega boʻlgan yuz mingdan ortiq quyosh panellari oʻrnatilgan edi. Bu koʻmirda ishlaydigan qariyb oltita elektr stansiyasining quvvatiga teng.

    Vyetnamning qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanadigan energetika sektoriga investitsiyalarni jalb etish juda muvaffaqiyatli boʻldi. Masalan, 2021-yilda quyosh energiyasidan olinadigan quvvat 17,6 GVtga yetdi. Bu orqali atrof-muhitga oʻrtacha 14 ming tonna karbon dioksidi chiqib ketishining oldi olindi. Butunjahon koʻmir assotsiatsiyasi maʼlumotlariga koʻra, eng zamonaviy koʻmir elektr stansiyalari ham bir GVt/soat energiya olish uchun 800 tonna ana shunday zararli gaz chiqaradi.

    Mamlakatda quyosh energiyasidan elektr energiyasini ishlab chiqarishdagi “muvaffaqiyat siri” ragʻbatlantirish dasturi orqali qisqa vaqt ichida qurib ishga tushirilgan loyihalar uchun 20 yil amal qiladigan “yashil” tariflar bilan bogʻliq.

    Shuningdek, Indoneziyada ham quyosh energiyasidan samarali foydalanishga qaratilgan islohotlar olib borildi. Xususan, 2015-yilda mamlakatda oʻsha paytdagi eng yirik quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi va ishlab chiqarish tannarxi bir kilovatt soat uchun 25 sentni tashkil etdi. Bu juda yuqori tannarx edi. Koʻplab yangi quyosh stansiyalari ishga tushirilib, sohaning rivojlanishi natijasida 2022-yilga kelib, bir kilovatt soat energiyani 6 sentdan sotib olish boʻyicha shartnomalar imzolandi.

    2012-yilda Hindistonda quyosh panellarini uylarning tomlariga joylashtirishni oʻz ichiga olgan va ushbu maqsadga hissa qoʻshadigan yirik loyihalar boʻlmagan. 2022-yilda esa qoʻshimcha 14 GVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi. Istiqbolda Hindiston 2032-yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarishda quyosh energiyasining ulushini 23 foiz (333,5 GVt) ga yetkazishni maqsad qilgan.

    Bugungi kunda sanoatda yangi texnologiyalar va materiallarning keng qoʻllanilishi tufayli ularning narxi arzonlashmoqda. Bu esa quyosh panellari vositasida elektr energiyasini ishlab chiqarish xarajatlari bir necha barobar kamayishiga olib kelayapti.

    Ushbu mamlakatlar tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, ular qayta tiklanadigan energiya manbalaridan (QTEM) foydalanish koʻlamini oshirishga taraqqiyot dasturlarini qabul qilishi, maʼmuriy toʻsiqlarni kamaytirishi, QTEM uchun sharoit yaratishi, shu jumladan qazib olinadigan yoqilgʻi orqali ishlab chiqariladigan energiya uchun ajratiladigan subsidiyalarni toʻxtatishi, tarmoqqa ulanishni osonlashtirishi, maʼmuriy qogʻozbozlikni kamaytirishi orqali erisha oldi.