Axborot-kommunikasiya texnologiyalarining rivoji hayotimizdagi ko‘plab sohalarga ta’sir ko‘rsatdi. Barcha jabhaga raqamlashtirishning kirib kelishi, yuqori sur’atdagi taraqqiyot sanoatning jadal ravnaqida muhim ahamiyatga ega. Zero, dunyo mamlakatlari tajribasida ilmiy tadqiqotlar, axborot texnologiyalari, startap g‘oyalar, kompyuter savodxonligiga katta e’tibor beriladi. Bizning oldimizda ham shu yo‘l turibdi: faqat ilm-fan yutuqlari va yangi texnologiyalar orqali yuqori iqtisodiy taraqqiyotga erishishimiz mumkin.
O‘tgan asrdagi olamshumul kashfiyotlar ko‘p jihatdan insonning intellektual salohiyatiga asoslanib amalga oshirilgan bo‘lsa, bugun ilmfan zamonaviy axborotkommunikasiya texnologiyalari yordamida shakllanmoqda.
Mamlakatimizda barcha sohada erishilayotgan natijalar axborot texnologiyalari va telekommunikasiya tizimining ham rivojlanishiga asos bo‘layotir. Mamlakatimizda raqamlashtirishga oid bir qator qonunlarning qabul qilinishi sohadagi muayyan yutuqlarga erishishga asos bo‘ldi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi, “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi, “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi va “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunlarini misol sifatida keltirish mumkin.
Muhammad alXorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining bakalavriat bosqichida qo‘shimcha yo‘nalishlar tashkil etilishi olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar o‘quv, ilmiyuslubiy ishlar darajasining yuqori bosqichga chiqishini ta’minladi. Mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan kelishuv asosida imzolangan memorandumlar bo‘yicha hamkorlikda ko‘plab ilmiy tadqiqot loyihalari amalga oshirildi.
Universitetda telekommunikasiya va axborotkommunikasiya texnologiyalari yo‘nalishida davlatimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy jabhalarida ish yuritish, xalqaro hamkorlik, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash, raqamli iqtisodiyotni yaratish va rivojlantirish yo‘nalishida kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, o‘tgan vaqtda elektron kutubxonalarni tashkil etish va unga xizmat ko‘rsatish, kompyuter texnologiyalari, multimediali xizmat tizimlari va boshqa yo‘nalishlarda yetuk kadrlar, soha bo‘yicha malakali pedagoglar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, universitet faoliyati kengayib, Muhammad alXorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tasarrufidagi Nukus, Urganch, Qarshi, Samarqand, Farg‘ona va Nurafshon filiallari tashkil etildi. Bu dargohlar bakalavr, magistr, doktorant va mustaqil izlanuvchilarni tayyorlash, ilmiy izlanishlar asosida dissertasiya ishlarini yoqlash bo‘yicha faoliyat yuritmoqda.
Telekommunikasiya va axborotkommunikasiya texnologiyalari sohasida sifatli mutaxassislar tayyorlash jarayonini jadallashtirish maqsadida oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha klaster tizimiga o‘tish uchun ilmiy, uslubiy va amaliy ishlar tashkil etildi. Telekommunikasiya operatorlari, provayderlari, davlat tashkilotlari va jamiyatlar bilan uzluksiz munosabatlar rivojlantirildi.
Bu tizim davlatimizning telekommunikasiya va axborotkommunikasiya texnologiyalari asosida dunyo miqyosida rivojlanishiga, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviyma’rifiy yo‘nalishlarda nufuzli o‘rinlarni egallashiga asos bo‘ldi. O‘zbekiston MDH davlatlari orasida barcha soha va tarmoqlardagi innovasion rivojlanish yo‘li orqali oxirgi 6 yilda yangi rivojlanish bosqichiga o‘tdi. Ayniqsa, bu islohotlarning samarasi axborot texnologiyalari sohasida o‘z ifodasini topdi.
2023/2024 o‘quv yilidan boshlab, asosiy mutaxassisliklarni klaster tizimiga o‘tkazish, o‘quv jarayonini mukammal sharoitda olib borish, universitetning o‘quv korpuslarini talab darajasiga keltirish, talabalar chuqur bilim olishi uchun zamonaviy o‘quvilmiy laboratoriya tashkil etish, mutaxassislik bo‘yicha telekommunikasiya va axborotkommunikasiya texnologiyalari yo‘nalishidagi asosiy kompaniyalar, tashkilot va korxonalarda amaliyot darslarini sifatli tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilyapti.
Bu yo‘nalishlarda “O‘zbektelekom” AJ, “O‘zbekiston pochtasi” AJ, “Uzmobile”, “Ucell”, “Byeeline”, “UMC” kompaniyalari, “Kiberxavfsizlik markazi”, “Fantexnika va marketing tadqiqotlari markazi”, “O‘zinfokom” va boshqa tashkilotlar bilan uzviy hamkorlik shartnomalari imzolanmoqda.
Prezidentimiz o‘tgan yili 20 dekabr kuni Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berishni taklif etdi. Ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarni jadal rivojlantirish, o‘qitish sifatiga yangicha munosabatda bo‘lish haqida so‘z yuritib, jumladan, bunday dedi: “... Sohada boshlagan islohotlarimizni davom ettirishimiz, ta’lim dargohlariga borib, o‘qituvchi va murabbiylar bilan ko‘proq muloqot qilib, o‘quvtarbiya ishlari sifatini oshirish bo‘yicha ular qo‘ygan masalalarni birgalikda hal etishimiz kerak”.
Mamlakatimizda AKT bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash borasida aniq qadamlar qo‘yilmoqda. Bu esa kelajakda soha rivojiga katta hissa qo‘shadi.
Rixsi ISAYЕV,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, professor