Buning natijasida, yurtimizdagi taʼlim dargohlari oʻzining yangi qiyofasini shakllantirdi, taʼlim-tarbiya berishning zamonaviy usullari amaliyotga joriy qilindi. Umumtaʼlim maktablari, professional va oliy taʼlim oʻrtasidagi uzviylik mustahkamlandi.
Qayd etish lozimki, bugungi kunda jahonda fan-texnika kundan-kunga taraqqiy etishi natijasida ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida raqamli va avtomatlashtirilgan dasturlarning, smart (aqlli) qurilmalarning salmogʻi ortib, mehnat resurslariga boʻlgan talabni tobora kamaytirib bormoqda. Bu esa, oʻz navbatida shu kabi murakkab dastur va qurilmalarni samarali ishlata oladigan, ularni takomillashtirish orqali ishlab chiqarish unumdorligini oshiradigan yuqori malakali muhandis-texnolog kadrlarga boʻlgan talabni oshirmoqda.
Shu bois, joriy yilning 20-iyun kuni Davlatimiz rahbari boshchiligida “Inno” innovatsion oʻquv-ishlab chiqarish texnoparkida muhandislik sohasiga aloqador boʻlgan tarmoq rahbarlari, akademik va olimlar, rektor va yetakchi professor-oʻqituvchilar, shuningdek yuqori vakillik organlari va hukumat rahbarlari hamda aʼzolari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi. Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan yigʻilishda yurtboshimiz tomonidan sohaga oid koʻplab salbiy holatlar, tizimda yigʻilib qolgan muammo va kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi.
Jumladan, bugungi kunda yurtimizda texnika yoʻnalishida tayyorlanayotgan bitiruvchilarning bilim va mutaxassisliklari ishlab chiqaruvchilar talabiga mos emasligi, oliy taʼlim muassasalarda iqtisodiyot uchun amaliy ishlanmalar juda kamligi, muhandislik yoʻnalishidagi yuzlab startap va innovatsion loyihalar “qogʻoz”da qolib ketayotganligi, “tannarx muhandisligi” “qiyoslash muhandisligi” va “qayta muhandislik” kabi zamonaviy ixtisosliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash hali-hanuz yoʻlga qoʻyilmaganligi, yoshlarning muhandislik-texnika sohalariga qiziqishining juda pastligi, koʻp professor-oʻqituvchilarning amaliyotdan uzilib qolganligi, ilmiy ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish juda pastligi qattiq tanqid ostiga olindi.
Muhtaram Prezidentimiz muhandis-texnologlar tayyorlash koʻlamini kengaytirish, zamonaviy bilimlarni egallashlari va amaliy koʻnikmalarni oshirishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish, bu borada muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlovchi oliygohlarning faoliyatlarini takomillashtirish, ularda tayyorlanayotgan kadrlar raqobatbardoshligini oshirish yuzasidan oliygohlarga, shu bilan birga ish beruvchi tashkilot va korxonalarga bir qator vazifalarni belgilab berdilar.
Muhtaram Prezidentimiz “Iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarur. Har bir vazir, tarmoq rahbari, rektor va professor-oʻqituvchi masʼuliyatni chuqur his qilib, qattiq ishlasa, izlansa, bunga albatta erishamiz”, — deya mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qiladigan bir qator tashabbus va takliflarni ilgari surdirlar.
Xususan, mehnat bozorida talab yoʻq mutaxassisliklar qisqartirilib, talabalarga xizmat koʻrsatish funksiyalari toʻliq raqamlashtiriladigan, Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi rivojlangan davlatlarning nufuzli texnika universitetlari bilan hamkorlik aloqalari kengaytiriladigan boʻldi. “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida, har bir oliygohga yirik sanoat korxonalar hamkor sifatida biriktirilib, ularda kafedralar ochish hamda dual taʼlimni yoʻlga qoʻyish belgilandi.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, ilgari talabalarimiz oʻquv yili davomida nazariy bilimlarni olib, oʻquv yili oxirida 2 yoki 3 haftalik amaliyot oʻtar edilar. Olingan nazariy bilimlarni yil boʻyi ishlab chiqarish korxonalarida mustahkamlab borish amaliyoti mavjud emasdi. Bu esa, texnologiyalar kundan kunga rivojlanib, mutaxassislarga qoʻyilgan talablar ortib borayotgan bir vaqtda taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashga, boʻlajak muhandislarning amaliy bilim va koʻnikmalarini oshirishga, nazariy va amaliy bilimlar oʻrtasidagi boʻshliqni toʻldirishga toʻsqinlik qilayotgandi. Yurtboshim taklif etgan dual taʼlim va “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri esa, bu muammolarga hal etishning oʻziga xos amaliy yechimi boʻlib xizmat qiladi.
Muxtasar qilib aytganda, davlatimiz rahbarining mazkur uchrashuvlari, ilgari surgan taklif va tashabbuslari oliy taʼlim tizimida muhandis-texnologlar tayyorlash sohasida yangi davrni boshlab berdi. Bu tarixiy uchrashuv soha vakillariga sharaf boʻlish bilan bir qatorda, katta masʼuliyat va vazifa yuklaydi. Yurtboshimiz tomonidan qoʻyilgan vazifalarni toʻgʻri anglab, davr talabiga mos, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, bu borada jahon tajribasini oʻrganish, ishlab chiqarish korxonalarining moddiy-texnik salohiyatidan unumli foydalanish, yangi texnologiyalar asosida professor-oʻqituvchi va talabalarimizning amaliy bilim va koʻnikmalarini oshirish iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirishga hissa qoʻshadigan zamonaviy muhandis-texnologlar tayyorlashga yordam beradi.
Odiljon Mamatkarimov,
Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori,
Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashi deputati