Rishton kulollik buyumlari Italiya muzeyidan joy oldi

    Rishton kulollik maktabi haqida eshitmagan, bilmagan o'zbekistonlik bo'lmasa kerak. Tuprog'iga Alloh nazar solgan bu zamin kulollari chinakamiga loydan mo''jiza yaratayotgan ijodkorlardir.

    Fargʻonaning eng qadimiy shaharlaridan biri, necha zamonlardan beri Markaziy Osiyoda sirlangan sopol buyumlarning eng yirik markazi boʻlgan Rishtonning nomi soʻgʻdcha “Rash” (“Rush”, “Rushi”) – “qizil yer” soʻzidan paydo boʻlgan. Qizil gil kulollar uchun asosiy xomashyodir.

    Bir paytlar qishloq xoʻjaligi oʻgʻitlari saqlanadigan shahardagi tashlandiq joyda bugun Xalqaro kulollik markazi qad rostladi. Bu dilkusho maskan usta kulollar zavqlanib ishlaydigan, hatto yashaydigan joyga aylandi. Davlatimiz rahbari markazga tashrifi chogʻida bunday markazlar Rishtonda bir emas, oʻnlab boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Kulol Alisher Nazirov bilan suhbatda esa “Bu yerda ekologik toza mehnat bilan birgalikda katta tarix bor”, deya kulollikning milliy gʻurur-iftixor ekanini aytib, uni har bir xonadonga, toʻylarimizga qaytarishimiz zarurligiga alohida urgʻu berdi.

    Buni qarangki, Italiyaning Deruta shahri tuprogʻi ham xuddi Rishton tuprogʻi singari oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Shaharda XV-XVI asrlarda mahalliy koshinlik uslubidagi “Bella Donna” sopol idishlarini yasash sanʼati oʻz choʻqqisiga erishgan. XVI asrdan bu yerda mashhur “Rafael” deb nomlangan idish-tovoqlar ishlab chiqarila boshlangan.

    Italiyalik usta kulollarning ishlash jarayonlari ham kulollarimizniki bilan deyarli bir xil ekani ajablanarli. Shu bois, Rishton kulolligi kabi Deruta shahri oʻzining noyob sopollari va koshinlik sanʼati bilan dunyoga mashhur boʻlib, Italiya milliy kulollik anʼanalarining yetakchisi hisoblanadi. Ayni oʻxshashliklar bu ikki hududning bir-biriga yanada yaqinlashuvi, toʻgʻrirogʻi, birodarlik aloqalarini, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishiga turtki boʻldi.

    Rishton tumani hokimi Sufhonjon Soliyev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Italiyaning markaziy hududi - Umbriyada joylashgan Deruta shahrida boʻldi. Delegatsiyamizni Oʻzbekistonning Italiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Otabek Akbarov hamda Deruta shahri meri Mikele Toniachchini boshchiligidagi mahalliy maʼmuriyat masʼullari kutib oldilar.

    Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy, turizm va madaniy aloqalarni kengaytirish, jumladan, Rishton va Deruta oʻrtasida birodarlashgan shaharlar munosabatlarini oʻrnatish masalasini muhokama qilinib, anglashuv memorandumi imzolandi. Memorandumga koʻra, Deruta shahri delegatsiyasi 2022-yilning mart va sentyabr oylarida yurtimizga tashrif buyuradi.

    Shuningdek, Rishton tumanida zamonaviy chinni mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirish borasida ham kelishuvga erishildi. Unga koʻra, endi Rishtonda chinni mahsulotlar yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqariladi, ularning raqobatbardosh boʻlishi, eksport geografiyasini kengaytirish eng asosiy maqsad qilib olindi va bu Derutaga tashrifning asosiy mahsuli boʻlishi koʻzda tutildi.

    Yana bir quvonarli jihat shundaki, Italiyaning eng qadimiy turli davr va uslubda sopoldan yasalgan 5 mingdan ortiq eksponat jamlangan Derutadagi Sanʼat asarlari muzeyidan Rishton kulolligi mahsulotlari uchun maydon ajratib berildi. Muzeyda Rishton kulollik mahsulotlari taqdimoti oʻtkazildi.

    Rishton delegatsiyasi aʼzolarining Deruta usta kulollari ish jarayonlari bilan tanishib, fikr almashgani esa yangi-yangi gʻoyalarga turtki boʻldi. 1904-yili sanoat va hunarmandlik koʻrgazmasida Fargʻona viloyati harbiy gubernatori general-mayor V.I.Pokotilo qoʻlidan oltin medal olgan rishtonlik usta Bobohoji Mirsalim avlodlari boʻlgan rishtonlik usta kulollar ham italiyaliklarda iliq taassurotlar qoldirganiga shubha yoʻq.

    – Italiya tashrifi sohadagi ijodkorlik salohiyatimiz, qadimiy boy merosimizni ulugʻlashga boʻlgan intilishimizni yana bir karra oshirdi, – deydi “Hunarmand” uyushmasining Rishton tumani boʻlimi rahbari Bunyodbek Yunusov. – Italiyalik hamkorlarimiz bilan rejalarni oʻylaganimizdek amalga oshirish, ularni ham Rishtonda munosib kutib olish uchun tayyorgarlikni qizitib yubordik. Oʻylaymizki, boshlagan hamkorligimiz ikkala tomon uchun ham xayrli, manfaatli boʻladi.

    Eng muhimi, oʻzbek kulollik brendini dunyoga tanitayotgan, kundan kunga dongʻi oshayotgan Rishton kulollik buyumlari endi Italiyaning qadimiy muzeylaridan birida saqlanadi.

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri