Ruhiy tarbiya – gʻalaba va yutuqlarning muhim omili

    Sport 5 Dekabr 2020 8277

    Chinakam muvafaqqiyat bu koʻp yutuqlarga erishish emas, balki koʻp marta yiqilsa ham, yana oʻrnidan turib, qayta harakat qila olishdir. Bunday qobiliyat faqatgina kuchli iroda egalarida boʻladi. Mustahkam irodaga ega boʻlish hamma sohalar qatori sportda ham eng muhim jihat sanaladi. Bugun oqsayotgan sohalardan biri ham sport ruhshunosligidir, desak yanglishmasmiz. Quyida ayrim yurtdoshlarimizning bu boradagi fikr-mulohazalarini eʼtiboringizga havol etamiz.

    Musobaqa bor joyda hissiyot ham boʻladi

    Ruhiy tarbiya – insonning oʻzini boshqara olish qobiliyati. Sportda nafaqat jismoniy jihatdan baquvvatlik, balki kishining irodasi, hattoki fikrlashi ham juda katta ahamiyatga ega. Masalan, boʻlajak chempion yillar mobaynida faqat muskullarigagina eʼtibor qaratib, mashq qilib, turli vaziyatlarga, zarbalarga ruhan tayyorgarlikni shakllantirmasa, uning muvafaqqiyat qozonishi qiyin. Ayrim hollarda bir marta chempion boʻlib, ikkinchi, uchinchi marralarga harakat qilmay qoʻyishi ham mumkin. Shuning uchun sport psixologiyasi muvafaqqiyatga erishishning asosiy kalitlaridan biri sanaladi.

    – Bilasiz, har qanday sport turi mamlakatni jahonga tanitadigan bir bayroq, koʻzgu desak ham boʻladi. Sportchining muvafaqqiyati – mamlakatning muvafaqqiyati, obroʻi. Nafaqat siyosiy jihatdan mavqe, balki moliyaviy jihatdan yutuq olib keladigan asosiy kuchlardan biri. – deydi Boboyor Toʻrayev, trener-psixolog. – Umuman, sport bu – musobaqa. Musobaqa bor joyda esa, albatta hissiyot ham boʻladi. Raqobat boʻlgandan soʻng kimdir yutadi, kimdir yutqazadi. Ana shu yerda ruhiyatshunoslik juda katta rol oʻynaydi. Hatto gʻalaba qozongan odam ham kibrga berilib, manman, qaysar, xudbin boʻlib ketib qolsa, keyingi musobaqalarda uning yutishi mushkul. Bizda koʻp kuzatiladigan holat shuki, bir-ikkita gʻalabadan keyin yigit-qizlarimiz nimagadir boʻshashib qoladi. Chunki marrani juda kichkina olib qoʻyadi. Yoki aksincha, yutqazib qoʻysa, judayam ogʻir tushkunlikka tushib qolishadi. Bunday paytlarda ularda magʻlubiyatdan choʻchish, qochish motivatsiyasi shakllanib qoladi. Ustozlar esa bunga aksariyat hollarda jiddiy eʼtibor bermaydi.

    Yutqazish bu sharmanda boʻlish emas!

    Hamma sportchi ham psixolog oldiga borib, dardini aytavermaydi. Trener-psixologlarning taʼkidlashicha, musobaqalarga tayyorgarlikda ham induvidual, ham jamoaviy ishlash ruhiyatini rivojlantirish muhim jihatlardan sanaladi. Ruhiy tayyor boʻlmagan odam muxlislari uning natijalaridan xafa boʻlib qolsa, qayta eʼtibor qozonishga harakat qilmaydi, taslim boʻlib qoʻya qoladi. Har bir ustoz oʻz shogirdining feʼl-atvorini yaxshi biladi, toʻgʻri. Ammo ruhiy tayyorgarlik bu butunlay boshqa masala.

    Maʼlumotlarga koʻra, kasalliklarning 80%i ruhiyat zoʻriqishidan kelib chiqadi, rivojlanib ketadi. gohida magʻlubiyatga uchragan sportchi raqibining oyogʻiga tepgan, chalgan, unga xoʻmraygan, turtgan vaziyatlarni kuzatamiz. Hatto sport trenerlarida ham. Vaholanki, yutqazish bu sharmanda boʻlish emas!

    – Fikrimcha, sport psixologiyasi yurtimizda endi rivojlanib kelayotgan soha. Men ilgari psixologlar bilan sira ishlamaganman, ammo ularning oʻrni muhim ekanini oxirgi ikki yilda chuqurroq anglab yetdim. – deydi Shahnoza Togʻaymurodova, qilichbozlik boʻyicha Oʻzbekiston va xalqaro toifadagi sport ustasi. – Qattiq hayajonlanganda kimningdir boshi aylanadi, ovqat yeya olmay qoladi, koʻngli ayniydi yoki aksincha, sport taqozosi bilan yeyish mumkin boʻlmagan narsalarni yeb qoʻyadi va natijada sportchi irodasini boshqara olmay qoladi. Ana shunday vaziyatlarda psixologlar odam oʻzini jilovlab olishi uchun koʻmak beradi. Men ham 2019-yil noyabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Jahon kubogida oltita raqibni yengib, keyingi bosqichda doim yutib yuradigan raqiblarimga oʻsha safar yutqazib qoʻyganimda qattiq xafa boʻlganman oʻzimdan. Tamom, endi yutqazdim deb oʻylagan edim. Ammo bu koʻpga choʻzilmagan. Musobaqadan avval trenerimiz oʻrgatganday tezda oʻzimni qoʻlga olganman va yana kurashishda davom etganman. Ertasiga esa jamoaviy tarkibda 3-oʻrinni qoʻlga kiritganmiz. Mana shu bellashuvdan soʻng sport psixologlariga ehtiyojimiz yuqori ekanligini anglab yetganman.

    Til bilganga ming tanga

    Yana bir ogʻriqli masala bu – til. Eng katta muammolardan biri desak ham boʻladi. Toshkentdagi sport federatsiyalariga viloyatlardan kelgan sportchilarning aksariyati rus tilini bilmaydi. Ammo poytaxtda esa (oʻzbek tilini bilsa ham!) aksar trenerlar rus tilida mashgʻulot oʻtkazadi.

    – Haqiqatdan ham shunday. Oʻzim shu sohaga bolaligimdan juda qiziqaman. Amaliyot oʻtagani turli sport zallariga borganimda sportchilardan trenerning qaysi gaplari yodingizda qoldi, desam juda koʻpi yer chizib qoladi. Agar trener xorijlik boʻlsa ularga tarjimon biriktirilishi kerak. Yoki oʻzbek tilini bilsa oʻzbekcha mashgʻulot oʻtishi lozim. – deydi Umriniso Mirjalilova, Toshkent davlat jismoniy tarbiya instituti talabasi.

    Sportni sevmagan odamdan chempion chiqmaydi

    Aksariyat ota-onalar bolalarini maʼlum bir sport turiga, masalan, qizlarini gimnastikaga, oʻgʻlini futbol yoki shaxmatga beradi. Aynan shu sport turida kuchli boʻladi, yaxshi pul topadi, qolaversa, kam jarohat oladi, degan tushuncha mavjud. Bir sportdan kuchlanish odamning avvalo oʻziga bogʻliq, ammo oʻsha sport turining jamiyatdagi mavqei, trendlari ham taʼsir etadi. Inson shunday mavjudodki, hamma intilgan narsaga intiladi. Bu psixologiyada konformizm deyiladi. Masalan, Kanadada hokkey mashxur, koʻpchilik bolalar hokkeychi boʻlishga intiladi. Braziliyada futbol mashxur, shu bois bu mamlakat bolalarida futbolga qiziqish kuchli. Keyingi yillarda yurtimizda boks rivojlanib, kuchli bokschilar chiqqani uchun bolalarimizda bokschi boʻlishga havas kuchli. Demak, sport ruhshunosligi ijtimoiy ruhshunoslikka ham bogʻliq.

    Bir soʻz bilan aytganda, nafaqat sportchi, har qanday insonda yoshlikdan to ulgʻayib, keksaygunigacha ruhiyat tarbiyada boʻlishi kerak. Insonning oʻzida sportga ishtiyoq, simpatiya boʻlmasa har qancha qoʻllamang, undan chempion chiqmaydi. Buni esa koʻproq ruhiyatshunoslar farqlaydi, desak yanglishmasmiz. Yurtimizda ushbu soha ham kelgusida yana-da rivoj topishiga umid qilamiz. Zero, gʻalabaning, yutuqlarning bir kaliti jismoniy tarbiya boʻlsa, ikkinchi kaliti ruhiy tarbiyadir.

    Yulduz OʻRMONOVA