Unda Samarqand davlat universiteti professorlari Toshpoʻlat Rajabov va Muxtor Nosirov, Florensiya universiteti professorlari Jovanni Mattii va Paola Domitsio hamda Oʻzbekistonning Italiyadagi faxriy konsuli Leonardo Komuchchi ishtirok etdi.
Onlayn-muloqot chogʻida soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasida turli jabhalarda oʻzaro aloqalar tobora rivojlanib borayotgani, jumladan, taʼlim sohasidagi hamkorlikka ham qiziqishning ortib borayotgani qayd etildi.
Shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasida ilmiy va amaliy hamkorlik uchun katta salohiyat mavjud ekanligi qayd etilgani barobarida Oʻzbekistonda uzumchilik va vinochilikning tarixiy anʼanalari, bu sohada soʻnggi yillar davomida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, yaqin va oʻrta istiqboldagi vazifalar toʻgʻrisida batafsil fikr yuritildi.
Bugungi kunda mamlakatda kadrlar tayyorlash, mutaxassislarning malakasini oshirish, oʻzaro hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borish, uzumning mahalliy navlarini yaxshilash, vino ishlab chiqarishning ilgʻor tajribalarini oʻrganish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bu borada Samarqand Davlat universitetining tajribasi va amalga oshirilayotgan dasturlar toʻgʻrisida taqdimot ham oʻtkazildi. Uzumchilik va etnologiya sohasida kadrlar tayyorlashda universitet huzuridagi Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.
Florensiya universiteti qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat fakulteti professori Jovanni Mattii mamlakatda olib borilayotgan islohotlarga jiddiy qiziqish bildirib, Samarqand davlat universiteti bilan uzumchilik sohasida amaliy hamkorlik qilishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.