Samarqand fenomeni

    Samarqand sammitidan keyin bugun ShHT makonidagi, umuman, dunyo xalqlari kayfiyati, diplomatik-siyosiy, ijtimoiy-ma'naviy muhit mushtarakligi haqida fikr yuritadigan bo'lsak, yangi bir bashariy jipslik, hamjihatlik va o'zaro bog'liqlikda taraqqiy etishga intilish hodisasi paydo bo'layotganini ko'ramiz.

    Bu — o'zgarayotgan dunyoda keng fe'llilik, bir-biriga ishonch va samimiy munosabatlar shakllanayotgani, inson qadri ulug'langan taraqqiyot davri dunyoning qariyb yarim nufusini qamrab olayotganini anglatadi. Bu — qadimiy Buyuk ipak yo'li rivojlanish va taraqqiyot yo'li sifatida qaytadan tiklanayotganidan darak beradi. Sammit voqealari tabiat va zamon talabini chuqur anglayotgan davlatlar odamlarning munosib hayot kechirish mas'uliyatini o'z elkasiga ortib, qudratli tashabbuslar bilan katta siyosat maydoniga chiqayotganini ko'rsatadi.

    Odatda, “fenomen” deganda, kamdan-kam uchraydigan hodisa, voqealar yoki fakt tushuniladi. Albatta, sammit biz uchun ham, boshqa ishtirokchi davlatlar uchun ham, dunyo uchun ham kutilmagan holat emasdi. ShHTning tadbirlari ko'p tashkil etilgan va bundan keyin ham o'tkaziladi. Qolaversa, O'zbekistonning ushbu nufuzli xalqaro anjumanga tayyorgarlik jarayonidan ham barcha xabardor edi. Lekin Samarqand sammiti boshqacha o'tdi. Ham tashkiliy, ham amaliy natijadorlik jihatdan. Undagi samimiylik, keng qamrovlilik, ko'tarilgan masalalar, aytilgan fikrlar, ilgari surilgan tashabbus va g'oyalar, butun mazmun-mohiyati nafaqat ushbu tashkilotga a'zo mamlakatlar istiqboli, farovon kelajagi, balki mintaqa hamda jahon iqtisodiyotiga daxldor tarixiy rekord darajada hujjatlar imzolanishi bilan alohida ajralib turdi.

    Sammit asnosida bo'lib o'tgan uchrashuvlarda davlat etakchilari tomonidan aytilgan so'z va fikrlar peshma-pesh jahon axborot maydonidan joy olib bordi. OAV vakillari xabar va yangiliklarni hammadan oldin uzatishga, birinchi manba bo'lishga harakat qildi. ekspert va mutaxassislar qabul qilingan hujjatlarning dolzarbligi va ahamiyatini tahlil qilishga oshiqdi. Uning tafsilotlari haqida hali uzoq vaqt yoziladi, gapiriladi. Shu ma'noda, Samarqandda sammit fenomeni ro'y berdi, desak xato bo'lmaydi.

    “IJTIMOIY SILKINISH DAVRI”DA QALB BO'SHLIQLARI TO'LDIRILMOQDA

    Chingiz Aytmatov o'tgan asr adog'ida aytgan istig'forida shunday degan edi: “Ezgulik salgina chekinsa — bas, uning o'rniga darhol yovuzlik mustahkamlanib oladi. Afsuski, biz uzoq vaqt bunga ahamiyat bermadik. Tirik inson yaratuvchilik va buzg'unchilik, o'ylab va o'ylamasdan qilinadigan son-sanoqsiz harakatlar manbaidir. Insonning ichki olami nihoyatda murakkab va xavfli yo'l-yo'laklardan iborat. Lekin nima bo'lishidan qat'iy nazar, qonxo'rdan qonxo'r tug'ilishini, yovuz kimsadan yovuz kimsa tug'ilishini, manqurtchilik va zombichilik vabosini oldindan bartaraf etish kerak. Bu jamiki insoniyatning muqaddas burchi hisoblanadi”.

    Sayyoramizda yangi tartib-taomillar, diplomatik-siyosiy tutumlar, o'zaro ishonchsizlik muhiti avj ola boshlagan yigirma birinchi asrga kelib bunday muqaddas burchlarni bajarmaslik kayfiyati bashariyatni, butun dunyoni inqiroz sari etaklash bilan barobar bo'lib qoldi.

    Samarqand sammitida bu haqda sekin gapirilmadi, balki baralla aytildi. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o'z nutqida dunyoda ishonch va o'zaro bir-birini tushunish taqchilligi sezilayotgan, qarama-qarshiliklar va mojarolar kuzatilayotgan bugungi sharoitda barqarorlik va xavfsizlikka nisbatan ko'plab tahdidlar kuchaygani fonida, jumladan, “Shanxay ruhi” tamoyillari asosida birdamlik, o'zaro qo'llab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash yana bir asosiy vazifa hisoblanadi. Biz faqat shu yo'l bilangina ShHT mintaqasida tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta'minlashimiz mumkin”, dedi.

    Bu chorlov sammitda ishtirok etgan barcha mamlakatlar etakchilari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari tomonidan qizg'in qo'llab-quvvatlandi. Bu bugun mintaqalararo sayqal topayotgan “Samarqand ruhi”ning asosi bo'ldi.

    ShHTning Samarqand sammiti natijalari haqida gapirganda fikrlarni tizib olish qiyin bo'ladi. Chunki tadbirda o'zgarayotgan dunyoning yangi ruhini belgilab berishga qodir nihoyatda muhim va dolzarb tashabbuslar ko'p bo'ldi, ularning har biri haqida soatlab mushohada yuritish mumkin. eng muhimi, sammit tugashi va uning yakuni bo'yicha imzolangan bosh hujjat — Samarqand deklaratsiyasidan keyin dunyoda soat sayin, kun sayin o'zaro ishonch va birdamlik quvvati kuchayib bormoqda.

    Buni nimalarda ko'rish mumkin?

    Birinchidan, Samarqandda bir vaqtning o'zida 14 ta mamlakat etakchisi qo'l berib ko'rishdi. Ularga BMT va ShHT xalqaro tuzilmalari rahbarlari ham esh bo'ldi.

    Shu ma'noda aytish mumkinki, o'n to'rt davlat va ularning sammitda ishtirok etmagan boshqa do'stlari kuzatuvidagi o'zaro xayrixohlik muhiti, Samarqand deklaratsiyasida ko'zda tutilgan mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash, transport aloqalarini mustahkamlash, madaniy muloqotlarni chuqurlashtirish bo'yicha yondashuvlar Er shari aholisining katta qismiga uyg'oq kayfiyat bag'ishlayotganiga ishonchimiz komil.

    Ikkinchidan, davlatlararo, mintaqalararo, tabiiyki, xalqlar o'rtasidagi do'stlik va o'zaro ishonch muhiti shakllanmoqda.

    Xalqimizda “Inson qalbi quyoshdan yorug'”, “Tabassum toshni eritar”, degan maqollar bor. Mehr va diydor bilan bog'liq mazkur maqollar hikmati Samarqand sammitining ma'naviy qiyofasida ham ufurib turdi.

    Mana shu muhit ko'hna va boqiy shaharda quchoq ochib, qo'l berib diydor ko'rishgan xalqlar etakchilarining fikri ilgari surilgan maqsadlar yo'lida bir joydan chiqishiga zamin yaratdi. Demak, ShHT makoni yagona oila kabi ahillikka, o'zaro ishonch muhitida rivojlanishga tayyor va bu birdamlik ruhi tobora kengayib bormoqda.

    Uchinchidan, qurolli to'qnashuvlar, mojarolar, kelishmovchiliklar iskanjasida toliqqan dunyo xalqlari tinch-totuv rivojlanishga chanqoqlik sezayotgan bir davrda ShHT makonida madaniy muloqotlarga keng yo'l ochilishi sayyora ahlida katta umid uyg'otmoqda.

    Siyosat bilimdonlari “Ijtimoiy silkinish davri”, deya ta'rif berayotgan o'tgan asrning oxirgi choragidan bugungi kunimizgacha kuzatilayotgan inqirozli yashash sharoiti, ma'naviy-ma'rifiy fikrlashning, madaniyatlararo muloqot tubdan o'zgarishi insoniyatning katta qalbini hissizlik ummoni bilan to'ldirib tashlagani bor gap. Shunday murakkab davrda tafakkur va ma'naviy yuksaklik kayfiyati bilan yo'g'rilgan “Samarqand ruhi”ning parvoz qilishi ham ayni muddaodir.

    YANGI BUYUK IPAK YO'LI TASHABBUSKORI VA ASOSCHISI

    Daryolar oqa boshlagan joylariga yana qaytadi, degan falsafiy gapni eshitgandirsiz? Samarqand sammiti ana shu hayotiy mohiyatni yuzaga chiqarayotgani bilan ham qadrli va diqqatga sazovor.

    Buyuk ipak yo'li necha asrlar mobaynida dunyoning to'rt tomonini o'zaro bog'lagan, turli tsivilizatsiyalarni, madaniy muloqotlarni eltuvchi koridor bo'lgani haqida ko'p gapiramiz. Lekin o'tgan haftadan boshlab bu haqdagi qarashlar boshqa o'zanga burildi, yangi mulohazalar aytila boshladi.

    O'zaro bog'liqlikni mustahkamlaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o'zaro bog'liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasida, jumladan, shunday dolzarb fikrni ilgari surdi: “Insoniyatning bir butunligi va o'zaro bog'liqligi shu darajada yuqoriki, mavjud xatarlarning aksariyati nafaqat mintaqalar, balki umumjahon miqyosida hamkorlik qilishni taqozo etmoqda”.

    Agar yangi Buyuk ipak yo'li istiqboliga mana shu nuqtai nazardan qaraydigan bo'lsak, bugun yon-atrofimizda, yaqinu yiroqda kuzatilayotgan ziddiyatlar, qurolli, qurolsiz to'qnashuvlar bosh sababchisi — davlatlar o'rtasida paydo bo'lgan muloqotsizlik, o'zaro ishonchsizlik muhiti ekanini sezish qiyin emas.

    Demak, o'zaro bog'liqlik kontseptsiyasi bugun har qachongidan ham muhim va hayotiy ehtiyojdir. Albatta, davlatimiz rahbari ilgari surayotgan o'zaro bog'liqlik siyosatining ma'no va maqsadlari keng.

    Bu ijtimoiy-iqtisodiy, geosiyosiy, ma'naviy-ma'rifiy, kiberxavfsizlik, yoshlar siyosati, xalqlarimiz uchun munosib yashash sharoiti yaratish, kambag'allikni kamaytirish, iqlim o'zgarishiga qarshi birgalikda kurashish, turizm, xizmatlar va boshqa sohalarda o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish kabi maqsadlarda aks etadi. Bularning barchasi birlashib, yangi Buyuk ipak yo'lining asosiy kontseptsiyasini tashkil qiladi.

    Taraqqiyotni tezlashtirib, farovonlikni ta'minlaydi. Fikrimizni kichik misoldan boshlaymiz: Prezidentimiz tashabbusi bilan Sergeli tumanini Toshkent halqa yo'li va Yakkasaroy tumani bilan bog'laydigan yangi yo'l foydalanishga topshirilganiga hali ko'p bo'lmadi. Lekin bugun bu yo'l bo'yida yangi do'konlar, xizmat ko'rsatish ob'ektlari ham ishga tushganini ko'ryapmiz. Ularning egasi kim? Avvalo, shu yo'l bo'yida yashayotgan odamlar. Va albatta, manfaatdor ham ularning o'zi. Yangi yo'l tufayli o'nlab oila yangi daromad manbaiga ega bo'ldi. Shundandir, yo'l qurgan elda aziz, deydi xalqimiz.

    Shu ma'noda, yangi transport koridorlari paydo bo'lishi, logistika rivojlanishi ShHT makoni xalqlarining turmush farovonligiga ham xizmat qilishi oydinlashadi.

    Taraqqiyot tezlashishi esa, avvalo, yangi transport-logistika yo'nalishi paydo bo'lishi bilan izohlanadi: tovarlarni etkazish muddati sezilarli qisqaradi, xavfsizlik ta'minlanadi, yangi bozorlarga keng yo'l ochiladi, iqtisodiy kreativlik oshadi.

    Yagona muhitda uzoq umr ko'rishni kafolatlaydi. Gap shundaki, bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini, bozorlarda to'kin-sochinlikni ta'minlash nihoyatda dolzarb muammoga aylanib bormoqda. Samarqand sammitida ShHT mamlakatlarining “aqlli” qishloq xo'jaligi va agroinnovatsiyalarni joriy etish sohasidagi hamkorligi kontseptsiyasi qabul qilinishidan maqsad ham oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash yo'lidagi muhim qadamlardan biri bo'ldi.

    Shunday ekan, yangi transport koridorlari qishloq xo'jaligi sohasida ham o'zaro bog'liqlikda rivojlanish imkonini yaratadi. Bu, avvalo, mahsulotlarni belgilangan manzilga hozirgidan ko'ra qisqa muddatlarda etkazib berish, shu orqali ularning sifatini ta'minlashga xizmat qiladi.

    Agar ekologik vaziyat tobora yomonlashib, iqlim o'zgarishlari jiddiy o'zgarayotgan bugungi sharoitda sifatsiz, muddatidan uzoq saqlanayotgan, kafolatsiz oziq-ovqat iste'molidan kelib chiqayotgan turli kasalliklar xavfini hisobga olsak, mahsulotlar qisqa yo'llar bilan o'z vaqtida etkazib kelinishining odamlar salomatligiga ijobiy ta'sirini yanada chuqur anglay boshlaymiz.

    Yangi ma'naviy makonga asos soladi. Insoniyat ma'naviy-ma'rifiy yuksalishga bugun har qachongidan ham ko'ra ko'proq ehtiyoj sezmoqda. Sababi, radikalizm, ekstremizm, turli nosog'lom oqimlar paydo bo'lishi, kiberjinoyatchilik ko'payishi xavfsiz axborot makonini ta'minlash zaruratini yuzaga keltiradi.

    Shu ma'noda, Buyuk ipak yo'lining zamonaviy qiyofada tiklanayotgani o'zaro madaniy-gumanitar aloqalarni, ma'naviy yuksalish yo'lidagi ilg'or tajribalarni, ajdodlardan meros umumbashariy qadriyatlarni etkazishda muhim tranzit vositasini o'taydi.

    Mana shunday ta'rifu tahsinga loyiq ko'rilayotgan yangi Buyuk ipak yo'lining tashabbuskori va asoschisi sifatida O'zbekiston va uning etakchisi ko'rilayotgani ham bejiz emas. Zero, Samarqand sammitida va boshqa xalqaro minbarlarda Shavkat Mirziyoyev transport-logistikani rivojlantirish, dengiz va okeanga chiqish maqsadida muqobil temir yo'llar loyihalarini doim ilgari surib keladi. Bu, albatta, nafaqat Markaziy Osiyo, balki ShHT mintaqasi davlatlari uchun ham birdek foydali va juda muhimdir.

    YAGONA OILA TIMSOLI

    O'zbekiston 15-16-sentyabr kunlari ta'bir joiz bo'lsa, katta to'y o'tkazdi, uning shovuri butun sayyora bo'ylab tarqaldi. Bu to'yning dovrug'i, unda davlatlar, xalqlar, butun insoniyat taqdiri bilan bog'liq tashabbuslar, fikrlar, takliflar yangi dunyo ruhiga asos solishiga shubha qolmadi.

    Ha, Samarqand sammiti ShHT makonining katta bayrami, shodiyonasi bo'ldi. Birgalikda yuksalish, hamjihatlikda farovonlikni ta'minlash, o'zaro ishonch bilan oliy maqsadlarga erishish to'yi.

    Prezidentimiz, uning fidoyi, salohiyatli jamoasi, Samarqand viloyati mas'ullari va xalqi necha kunlar uxlamadi! Kunu tun ishladi: butun boshli afsonaviy boqiy shahar bunyod etildi, minglab mehmonlarni kutib olish uchun eng mayda detallardan protokol darajasidagi tartib-taomillargacha to'kis bajarildi. Minglab ko'ngilli yoshlar, tarjimonlar sidqidildan ishladi. Har bir mehmon uchun alohida avtomobil` va hamrohlar belgilandi. Yo'llarda xavfsizlikni ta'minlash uchun qo'shni viloyatlardan ham yo'l-patrul` xizmati xodimlari jalb etildi. Milliy gvardiya, ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot organlari xodimlari kechayu kunduz uxlamadi. Farroshlar mehnati tufayli shahar chinnidek tozaligini yo'qotmadi, har doimgidan ham o'zgacha fusunkorlik kasb etdi. eng muhimi, Samarqand ahli ularni doim qo'llab turdi.

    Bu mehnatlar besamar ketmadi. ShHT sammiti yakuniga etishi bilan dunyoda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va xalqimizning fenomeni mutlaqo yangicha ruh bilan yana qayta namoyon bo'ldi.

    Avvalo, dunyo jamoatchiligi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni mintaqaviy va mintaqalararo muhim masalalar ijobiy echim topishiga xizmat qilayotgan davlat arbobi, nuktadon siyosatchi va mohir diplomat sifatida yana bir bor havas bilan tan oldi.

    O'zbekiston o'zini mintaqaviy yirik davlat sifatida namoyon etdi.

    Xalqimiz fenomeni esa “Yangi O'zbekiston orzusi”, “Buyuk o'zbek yo'li” shukuhida dunyoga tinchlikni sog'inuvchi, azaliy do'stlik, ajdodlar xotirasiga buyuk ehtirom, o'zgarayotgan dunyo fonida faqat ezgu va oliy maqsadlar sari intiluvchi, ahil qo'shnichilikni qadrlovchi yagona oila timsolida bo'y ko'rsatdi.

    “SAMARQAND RUHI” BILAN UYG'UN E'TIROFLAR

    Kuni kecha Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si TSzin`pin O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik maktubi yo'lladi. Unda Xitoy etakchisi mamlakatimizga davlat tashrifi va Samarqand sammiti muvaffaqiyatli yakunlangani uchun davlatimiz rahbariga, Hukumatimizga va O'zbekiston xalqiga samimiy minnatdorlik bildirib, jumladan, shunday deydi: “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti ulkan muvaffaqiyat qozondi hamda Tashkilotning sog'lom va barqaror taraqqiyotiga xizmat qilishda tarixiy ahamiyat kasb etdi. Xitoy O'zbekistonning samarali raisligini va Tashkilot rivojiga qo'shgan muhim hissasini yuksak qadrlaydi. Biz O'zbekiston va boshqa a'zo davlatlar bilan “Shanxay ruhi”ni faol ilgari surish hamda Shanxay hamkorlik tashkilotining yanada keng rivojlanishiga ko'maklashish maqsadida Samarqand sammitining birdamligini ro'yobga chiqarishga tayyormiz”.

    O'z navbatida, “Mehmondo'stlik va professionallik uchun rahmat”, dedi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Samarqand sammitidan qaytar chog'ida.

    Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi “Twitter”dagi sahifasida “ShHT sammitida samarali ikki va ko'p tomonlama uchrashuvlar olib bordik. O'zbekiston xalqi va hukumatiga mehmondo'stlik uchun minnatdorlik bildiraman”, deya o'zbek tilida lutf qildi.

    ShHT Bosh kotibi Chjan Min esa Samarqand sammitini bunday e'tirofetdi: “Sammitni o'tkazish uchun tanlangan manzil — Samarqandda qadimiylik va zamonaviylik uyg'un ekanini ko'ryapmiz. Pandemiyadan keyin barcha a'zo davlatlar etakchilari, muloqot bo'yicha sheriklar va boshqa oliy martabali mehmonlar ilk bor bir erga jamlandi. Buning uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi oliylariga alohida minnatdorlik bildiraman. Chunki sammitga tayyorgarlik jarayoni Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari va bevosita nazorati bilan takomiliga etgani bizga yaxshi ma'lum”.

    Sammit tafsilotlarini yoritish jarayoni ham rekord natijalarni qayd etdi. Masalan, 1-18-sentyabr kunlari oralig'ida dunyo ommaviy axborot vositalari telegram sahifalarida ShHT Samarqand sammitiga doir 51 mingdan ortiq post qoldirildi. Ushbu xabar va maqolalar 340 milliondan ortiq foydalanuvchilarni qamrab olgan. Bu jarayon hali davom etmoqda.

    Bu ham Shanxay hamkorlik tashkilotining nufuzi va obro'si tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi. Darvoqe, frantsuz nashri “ShHTni BMTdan keyin eng yirik xalqaro tuzilma”, deya e'tirof etdi.

    Yana shuni aytish joizki, xorijlik ekspertlar Samarqand sammitining muvaffaqiyatli o'tganini “Prezident Shavkat Mirziyoyevning katta g'alabasi bo'ldi”, deya baholamoqda.

    Bir so'z bilan aytganda, Samarqand sammiti o'zgarayotgan dunyoda yangi maqsad va muddaolarni belgilab berishda muhim hamda zarur platforma vazifasini o'tadi. Bu bir jihatdan Samarqand sammiti Tashkilot faoliyati kengayishida yangi raundni boshlab bergani bilan izohlansa, ikkinchi tomondan, umumiy xavfsizlik va farovonlik yo'lidagi Samarqand birdamligi tashabbusi butun dunyoga keng yoyilishiga bildirilgan umid va ishonchlar bilan yangi mazmun kasb etadi.

    Salim DONIYOROV