Samarqand shahrida Afgʻonistonga qoʻshni davlatlar vazirlarining toʻrtinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 14 Aprel 2023 2294

    2023-yil 13-aprelda Samarqand shahrida Oʻzbekiston tomoni raisligida Afgʻonistonga qoʻshni davlatlar toʻrtinchi vazirlar uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston, Eron, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

    Forum davomida tomonlar Afgʻonistondagi mavjud vaziyat, ushbu mamlakatning amaldagi rasmiylari tomonidan jahon hamjamiyatining asosiy talablari – inklyuziv hukumat yaratish, afgʻonistonlik ayollarning mehnat va taʼlim olish imkoniyatini hamda milliy ozchiliklarning huquqlarini taʼminlash kabi asosiy talablarning bajarilishi muhokama etildi.

    Afgʻoniston xalqiga gumanitar yordam koʻrsatish va mamlakat milliy iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan birgalikdagi harakatlar mexanizmini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

    Xalqaro terrorizm, giyohvand moddalar ishlab chiqarish va ularning kontrabandasiga qarshi kurashda Afgʻonistonga qoʻshni davlatlarning chora-tadbirlarini kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.

    Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikning asosiy omili sifatida Afgʻoniston salohiyatini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish muhimligi qayd etildi.

    Shu nuqtai nazardan, tomonlar Afgʻoniston hududida qoʻshni davlatlar ishtirokida nafaqat yangi ish oʻrinlari yaratish, balki bu mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga yanada faol integratsiyalashuvga xizmat qiluvchi infratuzilma va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.