Samarqandda Oʻzbekistondagi ilk osma koʻprik quriladi

    Yaqin kelajakda Samarqand shahrining qiyofasi qanday oʻzgaradi?

    Viloyat qurilish bosh boshqarmasida tashkil etilgan matbuot anjumanida viloyat hokimining oʻrinbosari Akmal Shukurov Samarqand shahrida boshlanayotgan yangi loyihalar, yoʻl oʻtkazgichlar, suv tarmoqlari qurilishi yuzasidan maʼlumot berdi.

    - Prezidentimizning 2022-yil 8-sentyabrdagi “Abu Dabi Taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida “Samarqand shahrida suv taʼminoti tizimlari va yoʻl tarmoqlarini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan, - deydi A.Shukurov. - Mazkur qaror asosida mamlakatimiz va Abu-Dabi Taraqqiyot jamgʻarmasi oʻrtasida loyihani amalga oshirish uchun 4 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda 17 yilda qaytarish muddati bilan 300 million dollar miqdorida kredit rasmiylashtirilgan.

    Qayd etilishicha, ushbu mablagʻ hisobidan 2022-2026-yillarda Samarqand shahridagi (32,9 million dollar) 2 ta yoʻl - Amir Temur koʻchasining Boʻstonsaroy koʻchasidan Gagarin koʻchasigacha 2,3 kilometr hamda Gagarin koʻchasining Gulobod koʻchasidan M-37 avtomobil yoʻligacha 9,2 kilometr qismini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Tender natijalariga koʻra “New Tech Samarkand” (Oʻzbekiston), “Sinoindustrial Tashkent” (Oʻzbekiston) va “Tekar Teknik Arastirma Ticaret Limited Sirketi” (Turkiya) – Konsorsiumi yoʻl qurilishini bajaradi.

    Samarqand shahar koʻchalarida tirbandlikni kamaytirish uchun shaharning Gagarin – Mirzo Ulugʻbek koʻchalari kesishmasida 750 metr, Gagarin – Rudakiy koʻchasi kesishmasida 650 metrli tunnel qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, Gagarin koʻchasidagi temiryoʻl ustida 78 metr, Siyob kanali ustida 165 metr koʻprik quriladi. Mazkur qurilishlar ham mahalliy va xitoylik quruvchilar bilan hamkorlikda olib boriladi.

    Samarqand shahridagi eng katta muammolardan yana biri suv taʼminoti bilan bogʻliq. Koʻp yil avval qurilgan suv quvurlari eskirgan, yuqori bosimga dosh berolmasdan avariya holatlari koʻp kuzatiladi. Bu albatta aholiga suv isteʼmolidagi uzilishlarga sabab boʻladi. Ushbu muammoning yechimi sifatida loyiha doirasida suvsozlarimiz turkiyalik hamkorlar bilan birga shaharda 6 ta nasos stansiyasi quradi va 2 ta suv inshootini rekonstruksiya qiladi.

    - Yana bir loyiha asosida suvsozlar tomonidan turkiyalik hamkorlar bilan shaharda jami 11,2 kilometr ichimlik suv tarmogʻini qurish, shundan Amir Temur koʻchasida Boʻstonsaroy koʻchasidan Gagarin koʻchasigacha 2,3 kilometr hamda Gagarin koʻchasida 8,9 kilometr tarmoq tortish ishlari amalga oshiriladi, - deydi loyihaning guruh rahbari Olimjon Alixodjayev. – Hozirda loyiha doirasida Amir Temur koʻchasining Gagarin va Mir Said Baraka koʻchalari kesishmasida ishlar boshlangan. Bunda D-500 boʻlgan 760 metr uzunlikda tarmoq montaj ishlari yakunlandi. Montaj qilingan 84 metr tarmoq pnevmatik sinovdan oʻtkazildi. Gagarin koʻchasida qurilish ishlarini boshlash uchun D-1000 millimetrli 3012 metr hamda D-800 millimetrli 600 metr choʻyan quvurlar olib kelindi.

    Masʼullarning maʼlumotlariga koʻra, choʻyandan tayyorlangan maxsus suv quvurlari Eron davlatidan keltirilmoqda. Chunki bu quvurlar suvning sifatiga taʼsir qilmaydi, payvandsiz qoplanadi va asosiysi, noqonuniy ulanishlarga barham beradi. Yana bir maʼlumot Gagarin koʻchasining Siyob arigʻi ustidan oʻtgan qismida Oʻzbekiston tarixida ilk bor 182 metrli osma koʻprik qurilishi ham rejalashtirilgan.

    Oʻktam Xudoyberdiyev