баннер
27 Apr 2025
18:27

    Samarqandda yangi iqtisodiy istiqbollar ochiladi

    “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti haqida

    Bugun Samarqandda tarixiy voqea – Yevropa Ittifoqi (YEI) va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi birinchi sammit ish boshladi. 3-4-aprel kunlariga moʻljallangan uchrashuv Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari ishtirokida oʻtkaziladi. Tadbirda YEI tomonidan Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirok etadi.

    Sammit doirasida Oʻzbekistonning Yevropa mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorligining uzoq tarixi, sammit yakunlari boʻyicha ochilishi mumkin boʻlgan yangi iqtisodiy istiqbollar nuqtayi nazaridan ham alohida qiziqish uygʻotadigan masalalarning iqtisodiy bloki muhokama qilinishi koʻzda tutilmoqda.

    Tarixiy ahamiyat va qiymatga ega sammit haqida fikr yuritar ekanmiz, avvalo, “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti oldidan Prezidentimizning “Euronews”ga bergan eksklyuziv intervyusiga toʻxtalib oʻtish maqsadga muvofiq. Zero, intervyuda ushbu sammitning ahamiyati, undan kutilayotgan natijalar, Yevropa Ittifoqi bilan Markaziy Osiyo, shu jumladan, Oʻzbekiston hamkorligining istiqbollari tahlili toʻla ochib berilgan.

    “Bizning Yevropa Ittifoqi bilan sherikligimiz — bu ikki tomonlama harakat, undan ikkala tomon ham manfaat koʻrishi lozim. Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi formati — noyob hamkorlik platformasi boʻlib, oʻlcham va institutsi­onal qamrov jihatidan unga oʻxshashi mavjud emas. 27 davlatni, jumladan, “Katta yettilik”ka aʼzo uchta mamlakatni (Germaniya, Fransiya va Italiya) birlashtirgan Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan mintaqalararo darajada tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻygan eng yirik integratsion tuzilma hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik iqtisodiyot va investitsiyadan tortib, barqaror rivojlanish, xavfsizlik va raqamli transformatsiyagacha boʻlgan sohalarning keng majmuasini qamrab oladi hamda uzoq muddatli strategik ustuvor yoʻnalishlarga asoslanadi”, deyiladi intervyuda.

    Oʻzbekistonning YEI bilan hamkorligi trayektoriyasi

    Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston orasidagi hamkorlik mamlakatimiz mustaqillikka erishganining dastlabki yillaridanoq rivojlana boshladi. 1992-yilning aprel oyida Oʻzbekiston hukumati va Yevropa ­Ittifoqi Komissiyasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangan boʻlsa, 1994-yil noyabrda YEI bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatildi. 1995-yildan boshlab Oʻzbekistonning Bryusseldagi elchixonasi Yevropa Ittifoqidagi missiya vazifalarini bajarib kelmoqda. 2011-yildan Toshkentda YEIning diplomatik vakolatxonasi faoliyat koʻrsatmoqda. 1996-yil iyunda imzolangan va 1999-yilda kuchga kirgan Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim (SHKB) hamkorlik uchun asos yaratdi.

    YEI bilan hamkorlik Oʻzbekistonda ­Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan tub islohotlardan keyin yanada faol rivojlandi. 2017-yil iyulda Toshkentga tashrif buyurgan Yevropa komissiyasining xalqaro rivojlanish va hamkorlik boʻyicha bosh direktori Stefano Manservisi YEI Oʻzbekistonni strategik hamkor sifatida koʻrishini maʼlum qilgan edi.

    Oʻzaro munosabatlarning meʼyoriy-huquqiy bazasi ham kengaydi. Agar avval Oʻzbekiston va YEI Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq bir-biriga eng qulay savdo rejimini taqdim etgan boʻlsa, 2021-yil aprel oyida Yevropa ­Ittifoqi Oʻzbekistonga Umumiy imtiyozlar tizimi — GSP+ benefitsiari maqomini berdi. 2022-yilda esa kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi yangi bitim maʼqullandi.

    Keyingi yillarda tomonlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ham faollashdi. Xususan, 2017-2024-yillarda Oʻzbekistonning YEI mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,4 barobar — 2,6 milliard dollardan 6,4 milliard dollarga, shu jumladan, eksport 3,6 barobar — 472,3 million dollardan 1,7 milliard dollarga, import 2,2 barobar — 2,2 milliard ­dollardan

    4,7 milliard dollarga oʻsdi. Shunday qilib, 2024-yilda Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston tashqi savdosidagi ulushi tovar ayirboshlashda 9,7 foizni, eksportda 6,3 foizni, importda 12 foizni tashkil etdi. Yevropa Ittifoqi esa Oʻzbekistonning savdo hamkor mamlakatlari reytingida Xitoy va Rossiyadan keyin 3-oʻrinni egalladi.

    Shu bilan birga, 2017-2024-yillarda Oʻzbekistonning umumiy eksportida Yevropa ­Ittifoqi mamlakatlari ulushi 3,8 foizdan 6,3 foizga oshganini taʼkidlab oʻtish lozim. Bu esa iqtisodiyotimizning raqobatbardosh mavqei mustahkamlanganidan dalolat.

    Bu jihatdan 2023-yil yakunlarini 2024-yil bilan taqqoslash qiziqarli boʻlishi mumkin. Ushbu muddatda YEI bilan tovar ayirboshlash 5,2 foiz oʻsib, 6,4 milliard dollarga, eksport esa birdaniga 26,9 foiz oshib, 1,7 milliard dollarga yetgan boʻlsa, import hajmi oʻzgarmagan va 4,7 milliard dollar darajasida qolgan. Bu Oʻzbekiston uchun juda ijobiy omildir, chunki 500 milliondan ortiq aholiga ega Yevropa Ittifoqi dunyodagi eng yirik bozorlardan biri hisoblanadi.

    Yevropa Ittifoqiga eksportni oshirishda Oʻzbekistonning GSP+ benefitsiar mamlakatlar guruhiga qoʻshilishi ham muhim ahamiyat kasb etdi. Natijada oʻzbek tovarlari YEI bozoriga taxminan 6200 tarif liniyalari boʻyicha bojsiz kirish imkoniyatiga ega ­boʻldi. Hozirgi paytda Oʻzbekistonda GSP doirasidagi imtiyozlardan foydalanish darajasi ancha yuqori.

    Oʻzbekiston GSP+ benefitsiari sifatida GSP tomonidan qamrab olinadigan mahsulotlar toʻplamlariga tariflarning toʻliq bekor qilinishi hisobiga qoʻshimcha iqtisodiy foyda oladi. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakat eksporti oʻsishiga va qoʻshimcha investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi. Barqaror rivojlanish sohasidagi GSP+ majburiyatlari Oʻzbekistonning ishonchli iqtisodiy hamkor sifatidagi maqomini yanada mustahkamlaydi.

    GSP+ imtiyozlari bilan qamrab olingan Oʻzbekistondan import hajmi 2019-yildagi 100 million yevrodan 2023-yilda 392 million yevrogacha oʻsdi. Bu sezilarli oʻsish YEI bilan savdoga imtiyozlar tizimi qanday taʼsir qilayotganini koʻrsatadi.

    Oʻzbekistondan importning GSP+ preferensiyalari bilan qamrab olingan ulushi 59 foizni tashkil etadi. Preferensiyalardan foydalanish darajasi 84 foizga yetgani muhim ahamiyatga ega. Bu esa imtiyozlarni qoʻllashning yuqori darajasidan dalolat beradi va savdo aloqalari yaxshilangani va GSP+ tizimi taqdim etayotgan imkoniyatlardan faolroq foydalanish bilan bogʻliq.

    Belgilangan imtiyozlardan eng koʻp foyda koʻradigan mahsulot segmentlari toʻqimachilik mahsulotlari va kiyim-kechak, plastmassa buyumlar, shuningdek, mevalar, yongʻoq va sabzavotlardir.

    Xususan, 2024-yil yakunlari boʻyicha YEI mamlakatlariga oʻzbek eksportining asosiy qismini kimyo (52,1 foiz), shuningdek, toʻqimachilik mahsulotlari, qora va rangli metallardan yasalgan buyumlar, minerallar va oziq-ovqat mahsulotlari (sabzavot, mevalar, ziravorlar, yongʻoqlar va boshqalar) tashkil etgan. Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida eksport boʻyicha savdo hamkorlari orasida birinchi oʻrinni Fransiya (52,1 foiz), ikkinchi oʻrinni Litva (10 foiz), uchinchi oʻrinni esa Latviya (6,9 foiz) egalladi.

    Agar Oʻzbekistonning YEI mamlakatlaridan importi masalasiga toʻxtaladigan ­boʻlsak, u eksportdan sezilarli darajada yuqori, bu esa iqtisodiyotimizni texnologik modernizatsiya qilish zaruratidan kelib chiqadigan oʻzaro savdo tuzilmasi bilan bogʻliq. Oʻzbekistonning mashinalar, asbob-uskunalar va transport vositalari boʻyicha umumiy importining 16 foiz atrofidagi qismi YEI mamlakatlariga toʻgʻri keladi. 2024-yilda ushbu pozitsiyalar, shu jumladan, uchish apparatlari, shuningdek, elektrotexnika mahsulotlari, asboblar va tibbiy asbob-uskunalar YEI mamlakatlaridan Oʻzbekiston importining qariyb 50 foizini tashkil etdi.

    Soʻnggi yillarda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan investitsiyaviy hamkorlik ancha jadal rivojlanmoqda. Xususan, 2024-yilda YEIdan xorijiy investitsiya va kreditlar hajmi (YEI mamlakatlari moliya institutlarini ham hisobga olgan holda) 77 foiz oʻsib, 4,1 milliard dollarni (2023-yilda — 2,3 milliard dollar) tashkil etdi. Investitsiyalar boʻyicha eng faol davlatlar sirasiga Germaniya (1,37 milliard dollar), Niderlandiya (1,05 milliard dollar), Kipr (858,9 million dollar), Chexiya (137,8 million dollar), Italiya (99,8 million dollar), Shvetsiya (97,5 million dollar) kirdi. Ayni paytda Oʻzbekistonda YEI mamlakatlari kapitali ishtirokida mingga yaqin korxona, shu jumladan, Germaniya kapitali ishtirokidagi 201 korxona faoliyat koʻrsatmoqda.

    Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari

    Agar Samarqanddagi sammit bilan bogʻliq kutilmalar haqida gapiradigan boʻlsak, unda Oʻzbekiston va Yevropa mamlakatlari oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish sohasidagi natijalardan kelib chiqib, hamkorlikning quyidagi ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha jarayonlar dinamikasi tezlashishini kutish mumkin.

    Kooperatsiya va investitsiyaviy hamkorlik sohasida Oʻzbekistonning ishlab chiqarish sektorini Yevropaning yirik transmilliy kompaniyalarining global qiymat zanjiriga integratsiya qilish maqsadida Yevropa Ittifoqining yetakchi investor mamlakatlari bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish dolzarb ahamiyatga ega. Xususan, Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga yaqindagi davlat tashrifi chogʻida muhim mineral xomashyoni qazib olish va qayta ishlash, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport va boshqa sohalarda umumiy qiymati 6,5 milliard yevro boʻlgan qoʻshma loyihalarni koʻzda tutuvchi Innovatsion va sanoat hamkorligi qoʻshma dasturi amalga oshirildi.

    Kooperatsiya va investitsiyaviy hamkorlikning eng istiqbolli yoʻnalishlari energetika, ayniqsa, qayta tiklanadigan energiya, kimyo, farmatsevtika, toʻqimachilik, elektrotexnika tarmoqlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, transport logistikasi hisoblanadi.

    Oʻzbekiston va Yevropa davlatlari bir-biridan uzoqda joylashgani sababli transport va logistika masalalari yanada samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda asosiy oʻrin tutadi. Shu sababli Rossiya orqali transport yoʻnalishlaridan foydalanishda yuzaga kelgan qiyinchiliklarni hisobga olgan holda Yevropa mamlakatlari bozorlariga kirish imkoniyatini kengaytirish maqsadida samarali transport-logistika yoʻlaklarini yaratish va birinchi navbatda, transkaspiy multimodal yoʻnalishini rivojlantirish juda muhim.

    “Global darvoza” Yevropa xalqaro tashabbusining maqsad va vazifalarini inobatga olgan holda Yevropa davlatlari bilan transport va kommunikatsiyalarning oʻzaro bogʻlanishini rivojlantirish maqsadga muvofiq, uning doirasida Yevropa Ittifoqi 2027-yilgacha infratuzilma loyihalariga, asosan, rivojlanayotgan mamlakatlarga qariyb 340 milliard dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.

    Yevropa Ittifoqi tomonidan Oʻzbekistonga berilgan GSP+ umumiy preferensiyalar tizimining benefitsiar maqomi doirasida Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport hajmini yanada oshirish. Xususan, meva-sabzavot (yangi va quritilgan mevalar, yongʻoq, pomidor va boshqalar), toʻqimachilik mahsulotlari, xususan, tayyor kiyim-kechak, shuningdek, ayrim turdagi sanoat tovarlari eksportini oshirish imkoniyatlari mavjud. GSP+ maqomi imkoniyatlaridan samaraliroq foydalanish uchun eksport qilinadigan mahsulotlarni Yevropa standartlari asosida sertifikatlash boʻyicha laboratoriyalar yaratish uchun Yevropa Ittifoqi tomonidan texnik koʻmakni kengaytirish zarur.

    Bundan tashqari, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha muzokaralar jarayoni doirasida yevropalik mutaxassislardan texnik yordam olish maqsadga muvofiq.

    Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida ilgari surilgan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi yangi bitimning kuchga kirishini tezlashtirish. Bitim yangi yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy munosabatlarni tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirishni nazarda tutadi.

    Xususan, iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik, energetika, transport, atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi, raqamli iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi va qishloqlarni rivojlantirish, bandlik va ijtimoiy masalalar, ilmiy tadqiqotlar kabi qator muhim yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish kutilmoqda.

    Samarali boshqaruv va raqamli transformatsiya, inklyuziv, raqamli va yashil oʻsish, aqlli, ekologik toza qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmogʻini rivojlantirish kabi ustuvor yoʻnalishlardagi loyihalarni moliyalashtirishni nazarda tutuvchi Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistonni rivojlantirishga qaratilgan 2021-2027-yillarga moʻljallangan moliyaviy yordam dasturi doirasida moliyaviy yordamdan samarali va maqsadli foydalanish.

    Yevropa Ittifoqi mamlakatlari kompaniyalarining Oʻzbekistonda turizm ­infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan, yevropalik sayyohlarning xohish-istaklarini inobatga olgan holda jalb etish. Bu esa mamlakatimizga vizasiz kirish yoʻlga qoʻyilgan Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qiladi.

    Xulosa

    Shunday qilib, Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari koʻlami ancha keng. Oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirish Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga qoʻshimcha turtki berishi va uni modernizatsiya qilish jarayonlarini jadallashtirishi mumkin.

    Ammo shuni ham hisobga olish kerakki, hozirgi vaqtda geosiyosiy vaziyat tufayli Yevropa iqtisodiyoti jiddiy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Buni yaqinda Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta tasdiqladi. “Biz tartibsizlik va boʻlinish kuchaygan dunyoda yashayapmiz. Yevropa Ittifoqi uchun yagona toʻgʻri yoʻl mustahkam hamkorliklar oʻrnatish orqali tinchlik va farovonlikni taʼminlashdir. Koʻp qutbli dunyo sharoitida yanada faol va yoʻnaltirilgan hamkorlik zarur. “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti xalqaro huquqni toʻliq hurmat qilgan holda tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish yoʻlida hamkorlikni mustahkamlashga boʻlgan qatʼiy niyatimizni tasdiqlaydi”, dedi u.

    Oʻzaro qarorlar qabul qilishdan ikki tomon ham manfaatdor. Bu sammitda qabul qilingan qarorlar Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Oʻzbekiston oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga ijobiy hissa qoʻshishidan dalolat beradi.

    Obid HAKIMOV,

    Iqtisodiy tadqiqotlar va

    islohotlar markazi direktori

    Telegram kanalimiz
    Text to speech