Oxirgi yillarda xalqaro huquqiy ta'limotlar tarixi sohasida olib borilgan izlanishlar bizni yana bir kashfiyot tomon etaklamoqda. Milliy va nufuzli xorijiy kutubxona va arxivlarda saqlanayotgan noyob manbalar tahlili xalqaro huquq fani va ta'limotiga aynan O'zbekistonda asos solinganini tasdiqlamoqda.
Xalqaro huquq fani xalqaro huquqiy amaliyot va xalqaro huquqiy ta'limotlar asosida shakllangan fan sohasidir. Mazkur fan xalqaro huquqning asosiy mazmun-mohiyati, tamoyillari, rivojlanish qonuniyatlari va istiqbolini belgilovchi qarashlarni o'zida aks ettiradi.
Albatta, xalqaro huquqiy ta'limotlar ibtidosi haqida gap ketar ekan, xalqaro huquqning vatani Evropa ekaniga ishora qilinadi. G'arb xalqaro huquqiga asos solgan olimlar sifatida XV-XVI asrlarda yashab o'tgan Fransisko de Vitoria, Al`beriko Jentili, P`er Beyl`, Bal`tazar Ayyala kabi olimlarning nomlari keltiriladi. 1625-yilda chop etilgan “Urush va tinchlik huquqi to'g'risida” (De Jure Belli ac Pacis) asari bilan shuhrat qozongan niderlandiyalik ilohiyotchi va huquqshunos Gugo Grotsiy (Hugo Grotius, 1583-1645) aksariyat milliy va xorijiy adabiyotlarda “xalqaro huquq otasi” sifatida tavsiflanadi.
E'tiborlisi shundaki, xalqaro huquqqa bag'ishlangan birinchi fundamental asar Evropada emas, balki bizning diyorda, hozirgi O'zbekistonning shimoli-sharqida joylashgan Farg'onada yaratilgan. Uning muallifi XI asrda Buxoroda ta'lim olgan va umrining katta qismini Farg'ona vodiysida o'tkazgan yirik huquqshunos olim – vatandoshimiz Muhammad ibn Ahmad Abi Sahl Abu Bakr Shamsul-Aimma as-Saraxsiydir. Buyuk alloma “Sharh al-Siyar al-Kabir” (“Xalqaro huquqqa oid sharhlar”) asarida birinchi marta xalqaro huquqqa huquqning mustaqil sohasi sifatida klassik ta'rif bergan. Birinchi bo'lib xalqaro huquq fan, huquqiy fanlarning alohida tarmog'i sifatida e'tirof etilishi lozimligini bayon etgan.
Mazkur tafakkuriy kashfiyotlarning barchasi G'arb kontseptsiyasiga asoslangan xalqaro huquqning asoschisi – Gugo Grotsiy yashagan va uning kitobi nashr etilgan paytdan 600 yil avval ro'y bergan edi. Bu haqiqat, o'z navbatida, Evropaning atoqli olimlari va siyosatchilari tomonidan allaqachon tan ham olingan. Jumladan, 1975-yil 14-dekabrda Qohira universitetida so'zlagan nutqida Frantsiya Prezidenti Valeri Jeskar D’esten: “Huquq ta'limi sohasida, unutmaslik lozimki, Misr huquqi va qonunchiligi Frantsiya an'analariga tayansa ham, biroq IX-XIV asrlarda islom birinchi bo'lib xalqaro huquq faniga asos solish yo'lida ilk qadamlarni qo'ygan ediki, buni butun dunyo tan oladi”, degan edi.
Muhammad ibn Ahmad Abi Sahl Abu Bakr Shamsul-Aimma as-Saraxsiy islom dunyosida eng shuhrat qozongan ulamolardan biridir. Xususan, uning islom manbashunosligi va usuli fiqh sohasidagi ishlari hozirgi kunga qadar xorijda chop etilgan deyarli barcha darslik va qo'llanmalarda tilga olinadi. Uning “al-Mabsut” (“al-Mabsut”) va “Usul al-Fiqh” (“Usul al-Fiqh”) asarlari islom huquqi sohasida asosiy darslik sifatida o'rganiladi.
Hanafiy mazhabining XV asrda yashagan mashhur huquqshunosi Aladdin Tarabulusiy (1440-yilda vafot etgan) ta'biri bilan aytganda: “Kimki “al-Mabsut” va ilk islom davri ulamolarning asarlarini yod olsa, o'sha mujtahid bo'libdi”. Ya'ni Saraxsiy asarini yod bilmagan huquqshunosga hukm hosil qilish vakolati berilmagan. Ushbu asari tufayli alloma “mabsut sohibi” (“sohibul-mabsut”) degan sharafli nisbaga sazovor bo'lgan. Bundan tashqari, Saraxsiyga hayotlik paytidayoq “imomlar quyoshi” (“shamsul aimma”), “din quyoshi” (“shamsud-din”) kabi ulug'lovchi maqomlar ham berilgan.
Mutafakkirning ilmiy merosi ham hajm, ham mazmun jihatidan g'oyat salmoqlidir. Olimlar u yuzga yaqin fundamental asar yaratgan, deb hisoblashadi. Saraxsiy hanafiya huquqining eng dolzarb masalalari xususida fikr yuritgan, eng munozarali jihatlariga qo'l urgan. Shu bois, uning asarlari butun islom dunyosida keng tarqalgan, nufuzli oliygohlarning kutubxonalaridan joy olgan.
Saraxsiyning hayotining barcha tafsilotlarini bayon qiluvchi ma'lumotlar unchalik ko'p emas. Alloma taxminan milodiy 1010-yil (hijriy 400 yil)da tug'ilib, 1096-yil (hijriy 490 yil)da vafot etgan. Keng tarqalgan islom qomuslarida Saraxsiyning tug'ilgan joyi aniq ko'rsatilmaydi. Jumladan, “Islom entsiklopediyasi”ning 2012-yilda chop etilgan ikkinchi nashrida Saraxsiyning Transoksiana (Movarounnahr)da tug'ilgani va Farg'onada vafot etgani turli manbalarga asoslanib qayd etiladi. Ayrim tarixchilar uning tug'ilgan joyi Mashhad va Marv o'rtasida, hozirgi Turmanistonning eronga yaqin chegarasidagi Saraxs shaharchasi, deb taxmin qilishadi.
Ul zot Buxoroda 17 yil ta'lim oladi. Tahsilni tamomlagach, Farg'onaga, uning kichik bir shahri bo'lmish O'zgand (hozirgi Qirg'izistonning Farg'ona vodiysida joylashgan shahri)ga boradi. U paytda Markaziy Osiyoning katta qismi Qoraxoniylar tasarrufida edi. Mahalliy hukmdorga qarshi fikrlari uchun Saraxsiy Qoraxoniy hukmdor SHams al-Malik II Nasrxon tomonidan milodiy 1074 (hijriy 466) yilda zindonga tashlanadi va 15 yildan keyin - 1088-yilda ozod etiladi. Ozodlikka chiqqach, u Farg'onaga (ayrim manbalarda Marg'ilonga) taklif etiladi, Amir Hasan saroyida izzat-ehtirom bilan kutib olinadi va oradan 2 yil o'tib vafot etadi.
Ishonchli manbalarda keltirilgan ma'lumotlarga qaraganda, Saraxsiy xalqaro huquq mavzusiga bag'ishlangan “Sharh al-Siyar al-Kabir”, ya'ni “Xalqaro huquqqa oid sharhlar” asarini O'zgand shahrida zindonda boshlagan va uni Farg'ona shahrida, vafotidan biroz oldin - 1090 yilda yozib tamomlagan. Shu tariqa butun islom dunyosida xalqaro huquq masalalariga bag'ishlangan birinchi fundamental asar dunyoga keladi hamda hozirgi O'zbekiston uning vataniga aylanadi. Demak, Saraxsiy qaerda tug'ilganidan qat'i nazar, uning xalqaro huquqqa oid shoh asari Farg'onada kitobat etilgan va O'zbekiston xalqaro huquq tug'ilgan makondir.
Imom Saraxsiy asarlarida xalqaro huquqning asosiy tushunchalari va tamoyillari, deyarli barcha sohalari va mavzulari, kategoriyalari va institutlari o'z aksini topgan. Islom xalqaro huquq ta'limotida shartnoma tushunchasiga birinchi bo'lib klassik ta'rif Imom Saraxsiy tomonidan berilgan. Saraxsiyning “Sharh al-siyar al-kabir” asarida shartnoma tushunchasi, shartnomalarning amal qilish muddati, sanasi, shartnomaviy huquq va majburiyatlar qamrovi, shartnomalarning fosiqligi yoki haqiqiyligining mezonlari va boshqa masalalar atroflicha yoritilgan.
Saraxsiy asarlarida diplomatik huquqdagi har bir holat aniq-tiniq izohlanadi. elchiga nisbatan davlat rahbari va mahalliy hukmdorlarning huquq va majburiyatlari ham ko'rsatib beriladi. Shuningdek, uning kitoblarida urush olib borish qoidalari va urush jabrdiydalarini himoya qilish masalalari batafsil yoritilgan.
Saraxsiy xalqaro aloqalar ko'lamiga qarab xalqaro huquqiy masalalarda shaxsiy fikr va aqliy mushohadani qo'llashni tabiiy hisoblagan. Bunda asosiy omil – hududiy xilma-xillik yoki makondagi tafovutlanish asos qilib olingan. Saraxsiy hududiy xilma-xillik diniy xilma-xillikdan farq qiluvchi va kengroq huquqiy masalalarga ta'sir etuvchi omil ekanini birinchi bo'lib urg'ulagan. Saraxsiy har bir hududning huquqini e'tirof etish bilangina xalqaro huquq o'rnatilishi mumkin, degan ilg'or g'oyani ilgari surgan.
Alloma ko'targan yana bir masala xalqaro huquqdagi o'zarolik (arab tilida “muzaja”, ingliz tilida “mutual reciprocity”) tamoyilidir. Mazkur tamoyil, ayniqsa, xalqaro huquqiy munosabatlarda muvozanatlovchi xususiyatga ega. Saraxsiy o'zarolik kontseptsiyasini ilgari surish bilan turli diniy e'tiqod va madaniyatlarga mansub xalqlar o'rtasidagi bag'rikenglik va yaxshi qo'shnichilik g'oyalarini eng yuqori minbardan turib targ'ib etgan.
To'la asoslar bilan ayta olamizki, Saraxsiy – bizning vatandoshimiz, xalqaro huquqning asoschisidir. O'zbekiston esa xalqaro huquq tug'ilgan makon. Saraxsiy merosi nafaqat o'zbek yoki Markaziy Osiyo yoxud musulmon davlatlari, balki butun dunyo mamlakatlari xalqaro huquq ta'limotining ibtidosidir.
Afsuski, Saraxsiyning xalqaro huquqning shakllanishiga qo'shgan hissasi hali-hanuz umume'tirofdan chetda qolib kelmoqda. Buning sabablaridan biri, nazarimizda, buyuk allomaning betakror xalqaro huquqiy merosi uning vatandoshlari tomonidan o'rganilmagani va dunyo bo'ylab targ'ib qilinmaganidadir. Holbuki, Saraxsiy asarlari G'arbning etakchi oliygohlari va ilmiy markazlarida chuqur tadqiq etilgan, uning hayoti va ijodiga oid yuzlab kitoblar yozilgan. AQShning Yuta, Kanadaning MakGil`, Buyuk Britaniyaning ekzeter universitetlari va boshqa ilm dargohlarida Saraxsiy merosiga oid doktorlik dissertatsiyalari yoqlangan. Saraxsiyning xalqaro huquqiy qarashlari islom huquqining mumtoz nemis tadqiqotchilari Jozef Shaxt va Karl Brokkel`mann e'tiboridan chetda qolmagan. Kristofer Melchert, Jonaton Braun, Vail Hallaq kabi taniqli ingliz sharqshunoslari ham islom huquqi doirasidagi tadqiqotlarida Saraxsiy asarlariga murojaat qilishgan.
Xususan, Saraxsiyning “Sharh al-Siyar al-Kabir” asari xalqaro huquqqa bag'ishlangan birinchi doktrinal asar sifatida YUNESKO tomonidan ham e'tirof etilgan. Kitobning ahamiyatini e'tiborga olib, mazkur tashkilot tashabbusi va homiyligida asar 1989-1991 yillarda frantsuz tiliga to'liq tarjima qilingan va 4 jildda chop etilgan. Bundan tashqari, Saraxsiy asari to'liq matnda turk tiliga, tarqoq matnda ingliz, nemis, ispan, urdu, fors va boshqa tillarga ham o'girilgan.
Aslida Saraxsiy asarlari, ilmiy qarashlari hamda u yaratgan ta'limotni mukammal o'rganish bizning vazifamizdir. Uning nomini dunyoga yoyish va ko'p qirrali ilmiy merosini munosib targ'ib qilish vatanimizni targ'ib qilish demakdir. Zotan, ushbu betakror ilm darg'asining ilmiy-ijodiy merosini o'rganish va targ'ib etish orqali “al-Nahda Islamiya”, ya'ni “Islom Uyg'onish davri” – birinchi Renessens va yurtimizda eng yaxshi niyatlar ila poydevori qurilayotgan Uchinchi Renessens davri o'rtasida uzviylik yaratuvchi “ma'rifat ko'prigi” bunyod etilishi mumkin.
Haydarali Yunusov,
yuridik fanlar nomzodi,
O'zFA Davlat va huquq instituti etakchi ilmiy xodimi.